Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:17

Qish ostonasida Andijondagi maktablar remontga yopilyapti


Asaka tumanidagi 59-maktab
Asaka tumanidagi 59-maktab

Andijon viloyatining Asaka tumanidagi 59-umumta’lim maktabi ayni qish mavsumida ta’mir uchun yopilyapti. Bu haqda maktab rahbarlari tomonidan ogohlantirilgan ota-onalarning aytishlaricha, ularning farzandlari endi besh kilometr uzoqlikdagi maktabga piyoda borib o‘qishlariga to‘g‘ri keladi. Kunlar qisqargan qish pallasida farzandalarining maktabga eson-omon borib kelishlaridan ota-onalar xavotir olmoqda. Bir necha kun oldin Andijon shahridagi 37-maktab ham remontga yopilgan edi.

Asaka tumanining 59-umumta’lim maktabida ta’lim oladigan o‘quvchilar ota-onalarining Ozodlikka aytishicha, ayni qish pallasida ular maktab ta’mirga yopilishi haqida ogohlantirilgan:

“O‘tgan kuni maktabda ota-onalar yig‘ilishiga chaqirishdi. Borsam, maktab direktori Dilfuza opa maktabimiz remontga yopiladi ekan, shunga endi bollaringiz 5 kilometr uzoqlikdagi 60-maktabga borib o‘qishlariga to‘g‘ri keladi, deb aytdi. Hammamiz hayron qoldik. Nega endi ayni qish pallasida remont qilyapti, yozda mana maktab 2 oy bo‘sh turdiku desak, direktor opa yuqoridan shunaqa buyruq keldi, deb aytdi”, dedi onalardan biri.

59-maktab Andijon - Asaka, O‘zbekiston
59-maktab Andijon - Asaka, O‘zbekiston

59-umumta’lim maktabining ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilaridan birining Ozodlikka aytishicha, qish faslida boshqa maktabga ko‘chishdan ular ham sarosimaga tushib qolgan:

“Aytishlaricha, 60-maktabning sport zalidan boshlang‘ich sinflarga, 2-maktabdan esa yuqori sinf o‘quchilariga joy qilinyapti ekan. Buncha masofaga bolaning piyoda borib kelishini o‘zi bo‘lmaydi. Bundan tashqari yo‘lda baland qavatli domlar, ochiq hovlilar, xilvat joylar ko‘p. Ota-onalar asosan shundan xavotir olishyapti. Odatda kapital ta’mirlar yoz faslida qilinardi. Biz ham bu ishlardan hayron qoldik”, deydi o‘qituvchi.

Asaka tumanidagi 59-umumta’lim maktabining direktori Dilfuza Jo‘raboeva, maktabning vaqtincha yopilishini tasdiqlar ekan, lekin bu haqda hali uzil-kesil qaror chiqmaganini Ozodlikka aytdi:

“Dasturga tushganmiz, lekin remont qachon boshlanishi aniq emas. Qachon davlatdan maktabimiz fondiga pul o‘tsa, o‘shanda boshlanadi. Ota-onalarga tushuntirdik, hali vahima qilmanglar, dedim. Shunga o‘zim ham boalalarga qiyin bo‘lmasin deb, yaqin maktablar izlayapman”, dedi direktor.

59-maktab Andijon - Asaka, O‘zbekiston
59-maktab Andijon - Asaka, O‘zbekiston

​Dilfuza Jo‘raboeva maktab ta’mirining nega aynan qishda boshlanayotganini shunday izohladi:

“Davlat dasturiga tushganidan keyin, ish ko‘p bo‘ladi. Tomni yopadi, issiqlik sistemasini o‘nglaydi. Quruvchilarga bolalar xalaqit berish kerak emasda. Muhimi maktabning kapital ta’mirdan chiqishi”, dedi Dilfuza Jo‘raboeva.

Bu, Andijon viloyatida ayni qish pallasida maktab ta’mirining boshlanishiga oid birinchi holat emas.

Bir necha kun oldin Andijon shahrida joylashgan 37-sonli o‘rta ta’lim maktabi ham ta’mir ishlari uchun yopilgan edi.

Bu haqda Ozodlikka Telegramm ijtimoiy tarmog‘i orqali xabar bergan ota-onalarning yozishlaricha, bolalarning yangi o‘quv joylaridagi sharoit juda yomon:

Yengil sanoat kolleji yotoqxonasi, 37-maktab o‘quvchilari shu yerda o‘qimoqda
Yengil sanoat kolleji yotoqxonasi, 37-maktab o‘quvchilari shu yerda o‘qimoqda

“Eng qizig‘i shuki, maktab rahbariyati ushbu ta’mirlash ishlarini yozda boshlab, hozirgacha bitirsa bo‘lar edi. Barcha bolalar va ota-onalar qiyin ahvolga tushib qolishdi. O‘quvchilar har kuni bizning hududimizdan uzoqda joylashgan Engil Sanoat Kolleji yotoqxonasida o‘qimoqda. U yerdagi sharoit juda xarob ahvolda. Iltimos, bizlarga yordam bering! Bu ahmoqgarchilikdan kim foyda ko‘radi? Ayrim amaldorlar o‘z ishini bilmaganidan, yoki o‘z manfaati uchun qilgan ishi tufayli minglab odam endi sarson bo‘lmoqda. Yotoqxonaning xonalari juda sovuq va qorong‘i. Svet umuman yo‘q.Na oshxonasi bor, na yaroqli hojatxonasi bor. Qisqa qilib gapirsak, qish kunlarida bu kimga zarur? 37-sonli maktabning ahvoli bu yerdagi xarob sharoitlardan ancha yaxshi edi", deb yozadi ota-onalardan biri.

Andijondagi 37 maktabning o‘quvchilarining hozir o‘qiyotgan Yengil sanoat kolleji yotoqxonasi
Andijondagi 37 maktabning o‘quvchilarining hozir o‘qiyotgan Yengil sanoat kolleji yotoqxonasi

Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG