Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:13

Feyk anatomiyasi: Gulnorani kim "o‘ldirdi"?


O‘zbekistonning marhum prezidenti qizi Gulnora Karimovaning o‘limi haqidagi xabar Rossiya hamda ayrim boshqa xorij gazeta-jurnallarida jiddiy muhokamalarni keltirib chiqardi. Soha mutaxassislari aniqlangan ma’lumotlarning ayniqsa O‘zbekiston kabi axborotga tashna jamiyatlarda jiddiy oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirmoqda.

Xabarni kim tarqatdi?

Shu yilning 22 noyabr kuni “Sentr-1” Axborot xizmatida O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora to‘g‘risida xabar paydo bo‘ldi.

Internet nashrining O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatidagi manbasiga tayanib ma’lumot berishicha, 44 yashar Gulnora Karimova 5 noyabr kuni zaharlanish oqibatida vafot etgan va shu kuniyoq tunda Toshkentning “Minor” qabristonida ko‘milgan.

“Manba shaxsan Gulnora Karimovani ko‘mishda ishtirok etib, S-1 ga telefon orqali uning farzandlari – Islom va Imonning huquqsiz va nochor ahvolda ekanidan xavotir bildirdi”, deyiladi axborot xizmati maqolasida.

Go‘yo Gulnorani o‘ldirgan fuga balig‘i
Go‘yo Gulnorani o‘ldirgan fuga balig‘i

Xabar ortidan deyarli barcha Rossiya ommaviy axborot vositalarida “Gulnoraning o‘limi”ga bag‘ishlangan maqolalar chop etildi.

Axborot avvaliga “ekspertlar va noma’lum manbalarga”, keyinroq esa “OAV ma’lumotlari”ga tayanib yashin tezligida Rossiyaning nufuzli va yirik axborot agentliklari, gazeta-jurnallarida tarqaldi.

Ayni paytda, Rossiya mediamakonida Gulnora Karimovani “kim o‘ldirgani” va “marhumaning O‘zbekiston siyosiy hayotidagi o‘rni” tahliliga bag‘ishlangan reportaj, maqola va mutaxassislar bilan suhbatlar qizib ketdi.

Ayni paytda, Gulnoraning o‘limi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ayniqsa ijtimoiy tarmoqlar orqali ham tarqala bordi. “Gulnorani ko‘rsating” Tvitter-akkaunti bir qator xalqaro inson huquqlari ekspertlari va jurnalistlarga ham xuddi shunday mazmunda xabar kelgani ma’lum bo‘ldi.

Feykni tarqatgan “manbalar” yo‘q bo‘ldi

Markaziy Osiyo xabarlariga moslashgan “Fergana.ru” Axborot agentligi rahbari Daniil Kislov ham Gulnoraning “o‘limi” to‘g‘risida “fotodalillar” olganlar qatorida.

Tarmoqlarda tarqalgan Gulnoraning feyk fotosuratlari
Tarmoqlarda tarqalgan Gulnoraning feyk fotosuratlari

Ozodlik bilan suhbatda u bu xabarni hatto sharhlash hojati yo‘qligini bildirdi.

O‘zining Feysbuk sahifasida bu masalaga oid fikr bildirgan Daniil Kislov, keltirilayotgan “isbot-dalillar” aniq soxtaligiga qaramasdan, tekshirilgan ma’lumotlarga bo‘lgan axborot tashnaligi sezilayotgan jamiyatlarda bu xabarlar haqiqat deb qabul qilinayotganiga e’tibor qaratdi.

Bu “manba” menga oldindan tanish. Men u bilan shaxsan Tvitterda yozishdim av o‘zbek prezidenti o‘limi borasida juda g‘alati “dalillarni”(fotolarni) oldim. Bundan bir necha kun oldin mening boshqa jurnalist-tanishlarim ham bu “dalillarni” olgani aniqlandi. Fotosuratlar va matnni tekshirib ko‘rib, meni bu soxta, feyk, buyurtma va hok. Ekaniga ishonch hosil qildim. Buni chop etganlar haqiqiy jurnalistika va tahririyat ishi to‘g‘risida noto‘g‘ri tasavvurlarga ega. Buning kimga kerakligini bilmadim. Ammo, ijtimoiy tarmoqlar jurnalistlar uchun axborot manbasi emas. Har qaysi anonim akkaunt olamni effektli suratlar bilan larzaga keltirib, birdan yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Bugun xuddi shunday bo‘ldi: mualliflar natijaga erishganini sezib, Gugl arxivlarida gumdon bo‘ldi”, deb yozdi jurnalist Daniil Kislov.

Darhaqiqat, Ozodlik tomonidan “Gulnoraning o‘limi” to‘g‘risida asosiy ma’lumot tarqatuvchi manba sifatida aniqlangan “ShowMeGulnara” (Menga Gulnorani ko‘rsating) Tvitter akkaunti yo‘q qilindi. Biroz vaqtdan keyin yana tiklangan akkauntda Gulnoraning o‘limi "MXXni jazavaga soldi", degan yozuv paydo bo‘ldi.

Bu ma’lumotlar "feyk" ekanini gapirgan yana bir rossiyalik siyosatshunos Arkadiy Dubnov “Sobiq o‘zbek “malikasi” o‘limi kimga kerak?” savoliga javob berib, uning tarqalishida Karimovlar oilasiga yaqin bo‘lgan shaxslar manfaatdor bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

Kimga kerakligini bilmadim, ammo yolg‘on, deb o‘ylayman. O‘zbek malikasining o‘limini ayniqsa O‘zbekiston liderlari, xususan Shavkat Mirziyoevga, yashirishning hojati yo‘q. Bu xabar Shavkat Mirziyoevga qarshi qaratilganini ham inkor etmayman.Bu Oilaga, aniqrog‘i Lola va Tatyana Karimovaga tegishli manbalar ham bo‘lishi mumkin”, deb yozdi Arkadiy Dubnov.​

(Feyk (ing. fake) - soxta, qalbaki. Har qanday soxtalashtirilgan buyum yoki ma’lumot)

El Tuz Gulnora Karimovaning o‘limini hajv qilib chiqdi
El Tuz Gulnora Karimovaning o‘limini hajv qilib chiqdi

O‘zbekiston marhum prezidenti Karimovning to‘ng‘ich qizi to‘g‘risidagi shov-shuv Eltuz.com nashri tomonidan ham hajv qilindi.

“Yolg‘on xabarlar O‘zbekiston uchun xavfli!”

Bir kun o‘tar-o‘tmas Rossiya nashrlari “toshkentlik manbalar”ga tayanib birin-ketin Gulnora Karimovaning o‘limini inkor eta boshladi.

“Malika”ning o‘limi to‘g‘risida birinchi bo‘lib xabar bergan “Sentr-1” xizmati esa 23 noyabr kuni, katta shov-shuvga qaramasdan, “Gulnora o‘ligi yo tirikligi noma’lum qolmoqda”, deb yozdi.

Feysbukdagi sahifada “Deti Karimova” (Karimov bolalari) akkaunti “ma’muriyati” Gulnoraning o‘ldirilgani to‘g‘risidagi xabarlarni rad qildi.

Hozircha Gulnoraning O‘zbekistondagi yaqinlari va mamlakat rasmiylari tomonidan bu masalada biror izoh berilganicha yo‘q. Shu o‘rinda,Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov Bi-bi-si bilan muloqotda o‘z onasining o‘limi borasidagi xabarni "mish-mishlar", deb atagani bildirildi.

"Onam 2014 yil fevralidan beri hali ham uyda ushlab turilibdi. Singlim endi uy hibsida emas, lekin mamlakatni tark eta olmaydi. Men hozir Londondaman", - deb yozganini xabar qildi Bi-bi-si O‘zbek xizmati.

Norvegiya Helsinki Qo‘mitasi katta maslahatchisi, huquq himoyachisi Ivar Dale Ozodlik bilan suhbatda bunday tekshirilmagan ma’lumotlarning tarqalishini eng avvalo O‘zbekiston uchun salbiy ta’sirga ega ekanini bildirdi.

Ivar Dale
Ivar Dale

Ivar ishonarli axborot etishmayotgan oddiy o‘zbekistonliklarda ommaviy axborot vositalariga ishonch so‘nib borishidan ogohlantirdi.

- O‘zbekiston uchun juda muhim, chunki davlat tomonidan nazorat qilinadigan rasmiy axborot vositalarida jo‘yali ma’lumot topib bo‘lmaydi. Norasmiylarda esa bo‘lmagur gaplar beriladi. Toshkent, Samarqand yo Buxorodan bo‘lgan odiiy o‘zbek qaerdan ishonarli ma’lumot olsin?! Internetda doimiy o‘tirgan odam bo‘lsa – boshqa gap. Bozorda o‘tirgan odamlar faqat mish-mishlar orqali xabar topadi. Shu sababli O‘zbekistonda hech bo‘lmasa bitta haqiqiy ma’lumotni tarqatuvchi sayt yoki nashr bo‘lishi kerak. Eng achinarlisi, ko‘plab Rossiya axborot vositalari buni haqiqat sifatida o‘zlarida chop etdi, deydi Ivar Dale.

Huquq himoyachisi bu ma’lumotni tarqatgan shaxs yoki shaxslar o‘z maqsadiga erishgani – o‘z kasbiga loyqaydlik bilan qaragan jurnalistlar yordamida jamoatchilikning Gulnora Karimovaga e’tibor qaratilganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

U bunday xabarlar odatda “sariq pressa” deb nomlanadigan nashrlar tomonidan o‘z nufuzini oshirish va har qanday usullar bilan bo‘lsada “layklar” sonini oshirishga qaratilgan, deydi.

- Agarda siz Feysbuk yoki Tvitterda “Gulnora Karimovani o‘ldirishdi!” xabarini ko‘rib qolsangiz so‘zsiz saytga kirasiz. Reklama uchun pul ketdi, reyting oshdi. Bu jurnalistika emas! Afsuski, ayniqsa Markaziy Osiyoda jiddiy axborot tashkilotlari va yolg‘on tarqatayotgan Rossiya nashrlari o‘rtasida farqni bilishmaydi. Va qo‘rqamanki, bu kabi yolg‘on ma’lumotlar odamlarni chalg‘itadi, deya xulosa qildi Ivar Dale.

Shu yilning 2 oktabrida Twitter tarmog‘ida paydo bo‘lgan “Afina” (@zabitaya1972) nomli yuzer Gulnora Karimovaning otasi vafotidan keyin uy qamog‘idan ruhiy kasalxonaga yotqizilgani haqida keng tarqalgan mish-mishlarni tasdiqlagandek bo‘lgandi.

Ozodlik "Afina"ning soxta Gulnora Karimova ekanligini aniqlagan edi.

P.S. Ozodlik Gulnora Karimovaning qaerda va qanday sharoitda saqlanayotganidan xabardor. Tahririyat o‘z manbalaridan uning "o‘ldirilishi" haqida ma’lumotning yolg‘on ekanini aniqlagach, feyk xabarning urchishiga hissa qo‘shmaslikka qaror qilgan edi.

XS
SM
MD
LG