Линклар

Prokuror "davlat sirini" fosh qildi, faollar "paxta rejasini bajartirmadi"


"Qo‘rqmaslar" guruhi shu ikki ayol: Malohat Eshonqulova va `Yelena Urlaevadan iborat.

"Qo‘rqmaslar" guruhi shu ikki ayol: Malohat Eshonqulova va `Yelena Urlaevadan iborat.

“Chinoz tuman prokurori javobida tilga olingan maxfiy hujjatdan ko‘chirma berishlarini talab qilish uchun men hozir Vazirlar Mahkamasiga ketayapman”, dedi bugun o‘zbekistonlik inson huquqlari himoyachisi Yelena Urlaeva Ozodlikka.

Yelena Urlaeva kuni kecha Toshkent viloyati Bo‘ka va Chinoz tumanlari prokurorlaridan o‘z so‘roviga rasmiy javob olganini e’lon qildi.

Urlaevaning fikricha, Chinoz tuman prokuraturasining rasmiy javobida O‘zbekiston hukumati jamoatchilikdan yashirib kelayotgan sir fosh etilgan.

Ozodlik Yelena Urlaeva bilan Vazirlar Mahkamasidan chiqqanidan so‘ng yana bog‘landi...

O‘zbekistondagi “Qo‘rqmaslar” guruhi keyingi yillarda byudjet tashkilotlari xodimlarining paxta terimiga majburiy jalb qilinishi holatlarini qayd etib kelmoqda.

Guruhning ikki nafargina a’zosi bor. Ulardan biri - Yelena Urlaeva, ikkinchisi jurnalist Malohat Eshonqulovadir.

Bu ikki faol joriy yilda ham o‘z kuzatuvlarini davom ettirdi.

Guruh vakili Malohat Eshonqulova Toshkent viloyatining Chinoz, Yangiyo‘l, Bo‘ka va Quyi Chirchiq tumanlarida tibbiyot xodimlari paxta terimiga majburan jalb etilgani to‘g‘risida Ozodlikka aytgan edi.

Yelena Urlaeva pedagoglar va tibbiyotchilarning paxta terimiga jalb etilishiga qanday qonuniy asos borligiga qiziqib, Toshkent viloyati Bo‘ka va Chinoz tumanlari prokurorlariga xat bilan murojaat qilgani va yaqinda o‘z xatlariga rasmiy javob olganini Ozodlikka ma’lum qildi.

Bo‘ka tuman prokurori O. X. Nabievning Urlaevaga bergan rasmiy javobida “umumiy o‘rta ta’lim maktablari pedagoglarining paxta terimiga jalb etilganiga oid iddaolar o‘z tasdig‘ini topmagan”i aytilgan.

Biroq Chinoz tuman prokurori vazifasini bajaruvchi D. R. Mahmudovning javobi bo‘kalik hamkasbinikidan keskin farq qiladi.

Rus tilida yozilgan javob xatida mana bunday deyilgan:

"O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil, 20 avgustdagi “2016 yilgi paxta hosilini ko‘tarinki ruhda va nes-nobudsiz terib olish to‘g‘risida”gi bayonnomasining 4- bandiga binoan barcha xodimlarni paxta terimiga jalb qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Mazkur qaror asosida Tuman uslubiy yordamni tashkil qilish va ta’minlash bo‘limi (sobiq Tuman xalq ta’limi bo‘limi – Ozodlik) va tibbiyot muassasalari xodimlari paxta terimiga jalb etilgan”, deyilgan Chinoz tuman prokurori vazifasini bajaruvchi D. R. Mahmudovning javob xatida.

Xatda tilga olingan Bayonnomani O‘zbekiston hukumati qabul qiladigan qarorlarni chop etadigan maxsus saytlardan va umuman Internet resurslaridan topib bo‘lmadi.

Ozodlik o‘z javobini sharhlab berishini so‘rab, Chinoz tuman prokuraturasiga telefon orqali murojaat qildi. Prokuraturaning o‘zini tanishtirmagan xodimi savollarga javob berishdan bosh tortdi.

Bitta viloyatdagi ikki tuman prokuraturasining bitta masala yuzasidan javoblari ikki xil ekanligini sharhlar ekan, Yelena Urlaeva bunday fikr bildirdi.

- Bo‘ka tumaniga biz deyarli har kuni qatnadik va tuman rasmiylarining joniga tegib ketdik, desak bo‘laveradi. Ular o‘qituvchi va vrachlarni paxta terimiga jalb etish faktlari o‘z tasdig‘ini topmasligiga zo‘r berib urinishdi. Chinozda esa, biz kamroq bo‘ldik va ular, aksincha, rasmiylar bu sohadagi harakatlarini qonuniy asosda amalga oshirganliklarini isbotlamoqchi bo‘lganga o‘xshaydi, deydi Yelena Urlaeva.

Ikki ayoldangina iborat “Qo‘rqmaslar” guruhi a’zosi Yelena Urlaeva bilan 23 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasiga ketayotgan daqiqalarda gaplashgan edik.

U jamoatchilikdan maxfiy saqlanayotgan, lekin Chinoz tuman prokuraturasi oshkor qilib qo‘ygan hujjat - Vazirlar Mahkamasining 2016 yil, 20 avgustdagi “2016 yilgi paxta hosilini ko‘tarinki ruhda va nes-nobudsiz terib olish to‘g‘risida”gi bayonnomasidan ko‘chirma berishlarini so‘ramoqchi edi.

"Paxta rejasi bajarilmay qolganiga aybdor" Yelena Urlaeva Vazirlar Mahkamasidan chiqdi

Ozodlik Yelena Urlaeva bilan Vazirlar Mahkamasidan chiqqanidan so‘ng yana bog‘landi. Hukumat binosidan endigina chiqqan suhbatdoshimiz bunday dedi:

- Meni Vazirlar Mahkamasining Shikoyatlar bo‘limi qabulxonasining Yusupov degan xodimi qabul qildi. U “Siz so‘rayotgan arizaga javob bermaymiz, chunki bunday informatsiya maxfiydir”, dedi. U menga “Siz va sizga o‘xshagan uch kishi tufayli O‘zbekiston Respublikasiga paxta tayyorlash milliy rejasini bajara olmadik. Chunki paxtaga odam chiqarishimizga xalaqit berdingiz”, deb dashnom berdi. Lekin arizamni olib qoldi, dedi Yelena Urlaeva.

Huquq himoyachisining aytishicha, Vazirlar Mahkamasi mulozimi Yusupov Chinoz tuman prokurori vazifasini bajaruvchi Mahmudovning javob xatini ko‘rgach, bu xatning huquq himoyachilari qo‘liga tushib qolganidan juda hayron bo‘lgan

Suhbatdoshimiz vakili bo‘lgan O‘zbekiston inson huquqlari alьyansi tashkiloti agar rahbarlari tomonidan bosim o‘tkaziladigan bo‘lsa, “davlat sirini” oshkor qilib qo‘ygan Chinoz tuman prokurori vazifasini bajaruvchi D. R. Mahmudovning ham huquqlarini himoya qilajaklarini bildirdi.

***

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ijtimoiy hamkorlar, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) va Jahon banki ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasida Munosib mehnat dasturining amalga oshirilishi holati va istiqbollari” mavzusida yaqinda o‘tkazilgan Davra suhbati to‘g‘risida xabar qirar ekan, Federatsiya matbuot xizmati bunday yozdi:

“Xalqaro ekspertlar O‘zbekiston mehnat sohasidagi o‘z xalqaro majburiyatlariga mas’uliyat va sodiqligini namoyish etayotgani, mamlakatda Hukumat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan samarali ijtimoiy muloqot va ijtimoiy sheriklik, shuningdek, aholi bandligini maqsadli ta’minlash borasidagi ishlar boshqa mamlakatlar uchun namuna bo‘lishga loyiq ekanligini ta’kidladilar”.

Lekin “Qo‘rqmaslar” guruhi a’zolari – Yelena Urlaeva va Malohat Eshonqulovalarning o‘z kuzatishlariga tayanib, Ozodlikka aytishicha, paxta terimiga byudjet tashkilotlari xodimlarini majburiy jalb qilish ko‘lami so‘nggi yillardagidan kam bo‘lgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG