Линклар

logo-print

Farg‘ona viloyati, Furqat tumanida fermerlik qilayotgan 70 yashar nogiron fermer Ochil Begmatov viloyat hokimi uni majlisda kamsitganidan Ozodlikka arz qildi. Fermerning aytishicha, viloyat hokimining o‘zi uni Uchko‘prik tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishga taklif qilgan, ammo majlis boshlanishidan avval uni sensirab majlisdan haydab chiqargan.

Furqat tumanida fermerlik qilayotgan 70 yashar Ochil Begmatovning aytishicha, 14-noyabr kuni viloyat hokimi Shuhrat G‘anievning o‘zi uni Uchko‘prik tumanida o‘tkaziladigan yig‘ilishga chaqirtirgan, ammo hammaning oldida sensirab majlisdan haydab chiqargan:

- Viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev o‘tgan haftada meni ahmoq qildi. O‘zimizning Furqat tuman hokimidan Yoqubjon degan bir bo‘lim mudiri kelib, “viloyat hokimi sizni ertaga Uchko‘prik tumaniga majlisga chaqiryapti”, dedi. Dushanba kuni o‘zi hamroh bo‘lib olib bordi. Ertalab soat 8 ga yetib bordik. Birinchi qatorda o‘tirgan edim, majlis boshlanmasdan viloyat hokimligida ishlaydigan bir ayol meni yonimga kelib, “yana bu yerda u-bu gaplarni gapirmang”, dedi. Men “bu oshkoralik, kerakli gaplarni gapiramizda”, dedim. U indamay ketdi. O‘n minutlardan keyin hokim kirib keldi va joyiga o‘tirmasdan “boshqa tumandan kelganlar, bu erdan chiqib ketsin, zalni bo‘shatib qo‘ysin”, dedi”, deydi fermer.

Ochil Begmatovning aytishicha, u o‘rindan turib hokimdan nega bunday deyayotganini so‘ragan:

- O‘rtoq hokim, o‘zingiz chaqirtirganingiz uchun keluvdim, dedim. Shunda hokim sensirab, “men bilmayman, bor, chiq, chiq”, dedi. Men yana unga, “bo‘lmasa nimaga chaqirtirasiz?”, dedim. Hokim yana sensirab “bor chiq”, dedi. Keyin achchig‘im chiqib, “he, sendaqa artist hokimdan o‘rgildim”, dedimda chiqib ketdim, dedi Ochil Begmatov.

Avval bir marta infarkt olganidan so‘ng yuragi xasta, bir ko‘zi ojiz va bir oyog‘i kesilgan fermer Ochil Begmatov hokimning bu harakatini o‘ziga haqorat sifatida qabul qilganini aytadi:

- Viloyat hokimining qilgan ishini qarang, betamizlikda bu. Menga nisbatan hayvonga qilinadigan muomalani qildida, u, dedi fermer.

Ochil Begmatov Furqat tumanidagi ilg‘or fermerlardan biri hisoblanadi. Uning aytishicha, Ozodlik radiosida tuman va viloyat hokimlari kamchiliklarini doimo ochiq tanqid qilgani uchun, viloyat hokimi shu tariqa undan o‘ch olgan:

- Odatda, meni majlislarga chaqirmay qo‘yishgandi, chunki to‘g‘ri gapni aytaman. Bu majlsida ham aytadigan gaplarim bor edi. O‘sha hokimlikdagi ayolni ham oldimga bejiz yuborishmagan. Gapiraman, deganim uchun chiqarib yuborishdi. Agar majlisda qolganimda aytadigan gaplarim ko‘p edi. Masalan, yo‘q paxta uchun talabalarni, o‘qituvchilarni, do‘xtirlarni dalaga haydab qiynashayotganini aytardim. O‘zim guvohman, 200 odam bitta fermerga tushdi. Ularni olib kelgan 5 ta avtobusning putyovkasini fermer tasdiqlab berdi, endi fermer hisobidan 750 ming so‘m pulni oladi. Terilgan paxta esa 60 kilo! Fermerlarni qarzga botirgan - mana shu savodsiz rahbarlarning o‘zlari. E, aytadigan gap ko‘pkuya, dedi Ochil Begmatov.

Uchko‘prik tumani hokimligining o‘zini Karimov deb tanishtirgan mulozimi haqiqatan ham viloyat hokimi ishtirokida majlis bo‘lib o‘tganini tasdiqladi, lekin voqeani sharhlashdan bosh tortdi.

Ozodlik bu voqeaga viloyat hokimining munosabatini olish maqsadida Shuhrat G‘anievning qabulxonasi bilan ham bog‘landi. O‘zini hokim kotibi Tursunali deb tanishtirgan mulozim bu voqeani faqat hokimning o‘zi sharhlay olishini, ammo hokim bilan bog‘lanishning imkoni yo‘qligini aytdi.

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘anievning korxona va tashkilotlar rahbarlari va fermerlarga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lish holatlari haiqda Ozodlik ilgari ham xabar bergan edi.

Jumladan, joriy yilning 20 iyul kuni Farg‘onada o‘tkazilgan yig‘ilishda vrach va aptekachilarning “kallasini sapchaday uzib tashlash”ini aytgan hokim ularni “b.. yegan hayvonlarga” tenglashtirgan edi.

XS
SM
MD
LG