Линклар

O‘zbekistonda gazsiz, chiroqsiz, sovqotib yashayotganlar ham saylovda ovoz bermoqchi


O‘zbekiston saylovchilari keyingi 25 yil davomida Islom Karimovdan boshqa odamning prezident bo‘lishi mumkinligini tasavvur ham qilmagan.

O‘zbekiston saylovchilari keyingi 25 yil davomida Islom Karimovdan boshqa odamning prezident bo‘lishi mumkinligini tasavvur ham qilmagan.

Jamoatchilik fikrini o‘rganish “Ijtimoiy fikr” markaziga ko‘ra¸ prezident saylovi arafasida o‘tkazilgan so‘nggi so‘rov respondentlarning aksariyati – 97,5 foizi 4 dekabrda bo‘lajak saylovda ishtirok etish niyatida ekanini ko‘rsatgan. So‘rov mualliflari¸ bu "favqulodda faollikni" marhum prezident Karimov xotirasiga hurmat va milliy birdamlik ifodasi sifatida talqin etmoqda.

Favqulodda saylovlar – favqulodda faollik

O‘zbekistonlik saylovchilarning 2016 yilning 4 dekabriga belgilangan muddatidan oldin o‘tkazilaëtgan prezident saylovidagi faolligini sharhlagan “Ijtimoiy fikr” markazining etakchi sotsiologi Marat Hojimuhammedov¸ bu yilgi saylovlarning o‘ziga xosligini ta’kidlaydi:

- Bu saylovlarning o‘ziga xosligi¸ ularning favqulodda ekanligi¸ ya’ni O‘zbekiston 1-prezidenti o‘limidan so‘ng o‘tkazilayotgani bilan bog‘liq. Prezidentimiz vafot etganda butun xalq chuqur qayg‘uga tushganini ko‘rdik. Shuning uchun odamlarning faolligi¸ ularning mas’uliyat tuyg‘usi oshgan. Saylovlarda qatnashish nafaqat davlatimizga bo‘lgan burchimiz¸ balki olamdan o‘tgan prezidentimiz xotirasiga hurmatimiz¸ deb bilayaptilar. Ikkinchisi¸ hozirgi saylolar mamlakatimiz birdamligini imtihondan o‘tkazadi. Shuning uchun odamlar o‘zining ishtiroki bilan O‘zbekistonning birdamligini namoyish etmoqchi¸ deydi Marat Hojimuhammedov.

Ijtimoiy fikr markazi o‘tkazgan so‘rovda qatnashganlarning 69,9 foizi saylov kampaniyasini muntazam ravishda, 28 foizi esa imkon qadar kuzatib borayotganini aytganlar. Respondentlarning 96,7 foizi fikricha, prezident saylovi mamlakat va har bir vatandosh taqdiri uchun juda katta ahamiyat kasb etadi.

"Karimovsiz saylov o‘zgarishlar umidini uyg‘otdi"

Bunday xulosa ortidan Ozodlik muxbiri ham mamlakatning turli viloyatlarida yashovchi¸ turli yoshdagi oddiy o‘zbekistonliklardan ayrimlari bilan bog‘lanib¸ ularning 4 dekabr kuni ovoz berishga shaxsan o‘zlari borish-bormasliklari bilan qiziqdi.

Andijonlik Shavkatbek¸ yoshi 40 dan oshganiga qaramay¸ o‘z umrida biror marta saylovlarda ovoz bermaganini aytar ekan¸ bu yilgi saylovda¸ albatta, qatnashish rejasi borligini aytadi.

- Bu yilgi saylovga qiziqish bor menda¸ nimaga desangiz jichcha o‘zgarish bo‘layaptiku! Mana virtual qabulxona chiqdi¸ odamlarning problemalari hal bo‘layapti har qalay. Ishonsangiz¸ shu paytgacha¸ biror marta saylovda qatnashmaganman¸ uydagilardan kimdir hammamiz uchun varaqalarni qutiga tashlab kelardi. Karimovning saylanishini hamma bilardi¸ shuning uchun qiziqish umuman yo‘q edi. Saylovlarning soxtaligini mahalla saylovlarida ko‘rganman – xalq ovoz bergan odam qolib¸ o‘zlari tanlagan odamni rais qilishgan¸ shundan bilganman bizda saylov yo‘qligini. Bu yil lekin umid bor nimadir o‘zgarishiga¸ keyin qanaqa bo‘ladi¸ bilmaymanu¸ ammo hozircha ozgina ishonch bor yaxshilanishga¸ deydi andijonlik Shavkatbek.

24 noyabr kuni Ozodlik bog‘langanida Samarqandning Oqdaryo tumanidan yashovchi 28 yashar Dildora gazsiz¸ svetsiz uyda¸ sovuqda qanday isinishni bilolmay turganidan gap boshladi.

Turmush darajasining o‘ta abgorligi¸ hayot uchun eng zarur qulayliklar turmushidan yillarcha avval g‘oyib bo‘lganini aytgan bu suhbatdosh¸ 4 dekabr kungi saylovlarda qatnashish niyatida ekani¸ ammo hozircha kimga ovoz berish borasida bir to‘xtamga kela olmaganini aytdi:

- Islom Karimov davrida u kishiga ovoz berganman. Endi hayot yaxshi bo‘lmasa ham¸ u kishi yaxshi odam bo‘lganlar¸ shunga ovoz berganman. Hozir na gaz bor¸ na svet bor¸ sovuqda o‘tiribmiz. Mirziyoev yaxshi gaplarni gapirayaptiku¸ lekin ular hali bizgacha etib kelgani yo‘qda¸ shunga odam hayron. Hozircha kimga ovoz berishni bilmayman¸ deb qo‘shib qo‘ydi bu suhbatdosh.

Ozodlikka o‘zi yashayotgan hududda gaz-svet yo‘qligi¸ narxi oshganiga qaramay¸ benzin ham sotuvda yo‘qligi haqida shikoyat yo‘llagan farg‘onalik 23 yashar Otabek ham¸ 2015 yilgi prezident saylovida qatnashmagani¸ biroq bu yil qatnashishga qiziqayotganini aytadi:

- O‘tgan saylovda yosh bo‘lganim uchunmi¸ qatnashmaganman. Qiziqmaganman ham. Bu yil qiziqayapman¸ shaxsan o‘zim boraman. Sekin-asta hamma narsani tushunib borayapmiz. Xudo xohlasa¸ Shavkat Mirziyoevga ovoz beramiz. Kamchilik juda ko‘p¸ lekin boshqa nomzodlarning nimadir qilishiga ishonch yo‘q¸ chunki ularni umuman bilmaymiz¸ deydi farg‘onalik 23 yashar Otabek.

So‘nggi so‘rov paytida¸ o‘zbekistonlik saylovchilarning yangi prezidentdan kutayotgan umidlari ham so‘ralganini bildirgan “Ijtimoiy so‘rov” markazi sotsiologi Marat Hojimuhammedov¸ bu umidlarni ikki guruhda talqin qildi:

- So‘rov davomida biz aniqlagan asosiy umid bu birinchi prezident boshlagan ishlarning davom etishiga umiddir. Birinchidan bu¸ O‘zbekistonning tinchlik-osoyishtaligini ta’minlash bilan bog‘liq. Tinchlik mustahkam bo‘lishi kerak¸ deb umid qilishayapti. Ikkinchisi¸ bu islohotlarni davom ettirish¸ yangiliklar kiritish¸ albatta¸ o‘zgarishlar bo‘lishi. Lekin har qanaqa o‘zgarish emas¸ davlat va xalq farovonligini oshirishga qaratilgan o‘zgarishlar bo‘lishiga umid qilayapti odamlar¸dedi “Ijtimoiy so‘rov” markazi etakchi mutaxassisi Marat Hojimuhammedov.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ so‘nggi so‘rovda 2200 nafar kishi ishtirok etgan, ularning 50,9 foizi shaharliklar, 49,1 foizi esa qishloq aholisi bo‘lgan.

O‘zbekistonda prezident saylovi 4 dekabrga belgilangan. Unda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan - prezident vazifasini bajaruvchi va amaldagi bosh vazir Shavkat Mirziyoev, Xalq-demokratik partiyasidan Hotamjon Ketmonov, Milliy tiklanish partiyasidan Sarvar Otamurodov va Adolat partiyasidan Narimon Umarov nomzod o‘laroq qatnashadi.

XS
SM
MD
LG