Линклар

logo-print

2017 yildan boshlab Rossiyaga keluvchi barcha chet elliklar majburiy tarzda barmoq izlari topshiradi. Rossiyada biometrik qaydga olishga barcha rossiyaliklar ham tortilishi mumkinligi aytilmoqda.

Rossiya Federatsiya Kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqqa mamlakat Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Gorovoyning aytishicha, bu masalada Rossiya ichki va tashqi ishlar vazirliklarining MDH davlatlari tegishli idoralari bilan hamkorlik ham olib boriladi .

- Biz, ichki ishlar vazirligi, keyingi yildan Rossiya Federatsiyasiga kirib kelayotgan har bir xorij vatandoshining daktiloskopiya qilinishi tashabbusi bilan chiqmoqdamiz, dedi payshanba kuni Gorovoy senatorlar oldida qilgan chiqishida.

Mazkur chora qay tarzda amalga oshirilishini amaldor hozircha ochiqlamadi.

Barmoq izlarini yoppasiga olishning Rossiyadagi tarafdorlari bu choraning «majburiy» bo‘luvi lozimligini talab ta’kidlamoqda. Ular o‘z fikrini migratsiya qonunchiligini buzgani uchun deportatsiya bo‘lgan muhojirlar o‘z ism-shariflarini o‘zgartirib Rossiyaga qaytib kirayotgani bilan izohlamoqda..

2016 yilning fevral oyida tarqatib yuborilgan FMS sobiq rahbari Konstantin Romodanovskiy Rossiyada mehnat muhojirlarining avtomatlashtirilgan barmoq izlarini olish tizimi anchadan buyon ishlab kelayotganini xabar qilgan, 2016 yil boshlariga qadar 7 million xorijlik ishchi daktiloskopiya qilinganini bildirgandi.

Keyinroq, shu yilning aprelida Ozodlik Rossiyaga kirib kelayotgan chet elliklarning ommaviy daktiloskopiyasi Putin hukumati tomonidan ma’qullangani to‘g‘risida aytib o‘tgan edi.

Shu kunlarda Rossiyada vaqtincha yashash huquqini yoki qochqinlik maqomini olmoqchi bo‘lganlar va patent olayotgan mehnat muhojirlarigina daktiloskopiya amalidan o‘tkaziladi.

Shuningdek, barmoq izlari boshqa davlatlarning Rossiyada bo‘lishi nomaqbul bo‘lgan fuqarolaridan ham olinadi.

Ayni paytda, Federatsiya kengashida bo‘lgan yig‘ilishda «Qochqinlar va majburan ko‘chirtirilganlar» to‘g‘risidagi qonunchilik muhokama etilgani ma’lum bo‘ldi. Unda so‘zga chiqqan Federatsiya Kengashining Mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha rahbari muovini Aleksandr Chekalin Rossiya qonunchiligini buzayotgan migrantlarni deportatsiya qilishni jadallashtirish va uni deportatsiyasiga ketayotgan mablag‘ qisman qo‘shni davlatlar tomonidan undirilishi to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Moskva shahar Migratsiya departamenti qoshidagi jamoatchilik kengashi kotibi Yuriy Moskovskiy jurnalistlar oldida qilgan chiqishida daktiloskopiyaga barcha rossiyaliklar ham tortilishi mumkinligini inkor etmadi.

- Daktiloskopiya anchadan oldin joriy qilinishi kerak edi, deb o‘ylayman. Tizim oxirgi ikki yilda amalda o‘rganib chiqildi. Boz ustiga, daktiloskopiya rossiyaliklarga ham joriy qilinishi kerak,chunki bu ko‘plab jinoyatchiliklar oldini oladi, dedi migratsiya sohasi mutaxassisi Yuriy Moskovskiy.

2016 yilning oktabrida Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham mamlakatda ommaviy majburiy daktiloskopiya o‘tkazilishini, bu ish bilan Rosgvardiya shug‘ullanajagini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG