Линклар

logo-print

Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamurotov eksportga to‘siq bo‘layotgan muammolarni sanadi. Toshkent viloyatida har bir vagondan 1500 dollargacha shirinkoma olgan bojxonachilar ushlandi. Vodiyda poraxo‘r bog‘cha mudirasi va kollej o‘qituvchisi qo‘lga olindi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

________________________________________________________________

Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamurotov mahsulot eksport qilish yo‘lidagi sun’iy to‘siqlarni tanqid qildi

O‘zbekistonda transport xizmatlarining narxi qo‘shni davlatlarga qiyoslaganda yuqori (“Toshkent oqshomi”, 23 noyabr). Bu haqda O‘zbekiston Prezidentligiga “Milliy tiklanish” partiyasidan nomzod Sarvar Otamurotov Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvda gapirgan. Qayd etilishicha, bugun 20 tonna mahsulotni 500 km masofaga avtomobilda tashish narxi O‘zbekistonda 1 km uchun 1,75 dollarni tashkil etadi. Qo‘shni davlatlarda esa bu ko‘rsatkich 0,7 dollardan 1,3 dollargacha.

“Yuqorida aytib o‘tilgan masalalar bilan bir qatorda logistika infratuzilmasining sust rivojlangani, milliy mahsulotni jahon bozoriga olib chiqishda talab etiladigan hujjatlarning ko‘pligi, ularni ko‘rib chiqish muddatlarining uzoqligi va qimmatligi muammosi ham mavjud. Bularning barchasi mamlakat eksport salohiyatini oshirishga to‘sqinlik qilmoqda va tashqi bozorda mahsulotlarimiz tannarxining sun’iy oshishiga olib kelmoqda”, deydi S.Otamurotov.

Shundan kelib chiqib, Prezidentlikka nomzod transport kompaniyalariga imtiyozlar berish, bojxona xizmatlari narxini kamaytirish va chegaradan o‘tish tartibini soddalashtirish lozimligini uqtiradi.

Toshkent viloyatida bojxonachilarning jinoiy guruhi fosh etildi

Davlat bojxona qo‘mitasiga qarashli “Chirchiq” bojxona posti rahbari M. Madrahimov qo‘l ostidagi xodimlar bilan birga ekspeditorlik firmalaridan katta miqdorda pora olib kelgani fosh etildi (“Darakchi”, 24 noyabr). Xabar qilinishicha, xorijga qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilgan firmalar har bir vagonga hujjatda belgilanganidan 5-10 tonna ko‘proq mahsulot yuklagan. Bundan ko‘z yumish evaziga M. Madrahimov va uning xodimlari har bir vagondan 500-1500 dollar “shirinkoma” olgan. Shu tariqa 2014 yilning avgustidan 2015 yil iyunga qadar bojxona posti rahbari 147,5 ming dollar pora olgan. Shuningdek, “Yalang‘och” temiryo‘l stantsiyasi rahbarlari T. Turdialiev va B. Mirobidov ham xorijga yuk o‘tkazib berish evaziga 18500 dollar pora olgani aniqlangan. Qayd etilishicha, bojxona posti rahbari M. Madrahimov va uning xodimlari 10 yildan 13 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. “Yalang‘och” temiryo‘l stantsiyasi rahbarlariga nisbatan esa jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.

Bog‘cha mudirasi va kollej xodimi pora bilan ushlandi

Namangan viloyati Uychi tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli bog‘cha mudirasi mablag‘ o‘zlashtirish va poraxo‘rlikda ayblandi (“Huquq”, 24 noyabr). Ismi oshkor etilmagan mudira ota-onalardan yig‘ilgan badal pullaridan 8 million so‘mga yaqin mablag‘ni o‘zlashtirgan. Qolaversa, xodimlardan ham pora olgan. Masalan, tug‘ish ta’tilidan ishga qaytmoqchi bo‘lgan xodimadan 150 dollar pora talab qilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tuman sudi mudiraga jarima jazosi tayinlagan va 3 yil mansabda ishlash huquqidan mahrum etgan.

Shuningdek, Farg‘ona huquqshunoslik kolleji o‘qituvchisi 1200 dollar pora bilan ushlangan. Ismi oshkor qilinmagan o‘qituvchi Quva pedagogika kollejida tahsil olayotgan o‘quvchini huquqshunoslik kollejiga ko‘chirish evaziga mazkur miqdordagi porani talab qilgan. Sudlanuvchiga qilmishiga yarasha jazo tayinlangani xabar qilingan.

XS
SM
MD
LG