Линклар

Toshkentda afsonaviy “Paxtakor” futbol jamoasining o‘yinchisi Ravshan Yunusov vafot etdi. O‘tgan asrning 60-70 yillarida Ravshan Yunusov O‘zbekistonda millati o‘zbek bo‘lgan uch-to‘rt nafar futbolchilardan biri edi. Ravshan Yunusov o‘z davrida SSSRning eng mashxur futbol jamoalarida ham to‘p surgan.

Afsonaviy futbolchi Ravshan Yunusovning vafot etgani haqida Futbol federatsiyasi yoki boshqa tegishli rasmiy idoralar ma’lumot bergani yo‘q. Bu haqda rasmiy axborot vositalarida ham e’lon qilinmadi.

Futbol ishqibozlari o‘tgan asrning 60-yillarida millati o‘zbek bo‘lgan to‘rt nafar o‘zbek futbolchilaridan biri vafot etgani haqida o‘zbekistonlik sport jurnalisti Mavlon Shukurzodaning facebook sahifasidan xabar topdilar.

Mavlon Shukurzoda fikricha, Ravshan Yunusov vafoti ortidan “Paxtakor”ning 60-yillardagi tarixining bir qismi ham yo‘qoldi.

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi ham Ozodlikka afsonaviy futbolchining vafot etganini tasdiqladi. Futbol Federatsiyasi rasmiysining aytishicha, Ravshan Yunusov 23 noyabr kuni olamdan o‘tgan.

-U amaki o‘tib qoldilar. O‘tgan kuni Ko‘kcha qabristoniga dafn qilindi. Boshqa tafsilotlarini bilmayman,- dedi futbol rasmiysi.

Ravshan Yunusov “Paxtakor” jamoasi safida SSSR chempionatida ishtirok etgan. Bundan tashqari o‘zbek futbolchisi Leningradning “Zenit”, Moskva va Kievning “Dinamo”, Armanistonning “Ararat” futbol jamoalarida ham o‘ynagan.

O‘zbekistonlik futbol ishqibozi, jamoat faoli Abdusalom Ergashev Ravshan Yunusovni “O‘zbeklarning iftixori edi”, deb eslaydi.

- Paxtakor bizning milliy g‘ururimiz edi. O‘sha paytlarda uch yoki to‘rt nafar millatdoshimiz bu jamoada o‘ynardi. Akkmal Azizxo‘jaev, Erkin Abduraimov, Ravshan Yunusovlar juda yaxshi to‘p surishgan. Endi o‘sha paytlarda SSSR davri edi, shuning uchun murabbiylarning ko‘pchiligi ruslardan bo‘lardi. Futbol jamoalari asosan ruslardan iborat bo‘lardi,-deb eslaydi Abdusalom Ergashev.

Sport jurnalisti Mavlon Shukurzoda Ozodlikka mikrofonsiz bergan suhbatida, Ravshan Yunusov afsonaviy darbozabon Lev Yashin himoya qilayotgan darvozaga to‘p kiritishga muvaffaq bo‘lgan kam sonli futbolchilardan biri ekanini aytdi.

Sovet Ittifoqi sotsialistik mehnat qahramoni unvoniga olgan Lev Yashin FIFA va jahon futbol jamoatchiligi tomonidan 20-asrning eng buyuk darvozaboni maqomiga sazovor bo‘lgan.

-Men bu o‘yinni ko‘rganman. Lev Yashin haqiqiy afsona edi. O‘zi “Dinamo-Kiev” jamoasida davrozabon edi, lekin SSSR terma jamoasi darvozasini yakka o‘zi qo‘riqlar edi. Ancha-muncha futbolchi uning darvozasiga to‘p ura olmas edi. Lekin Ravshan Yunusov “Paxtakor”ning “Dinamo-Moskva” bilan bo‘lgan o‘yinida unga gol kiritgan va bu bilan o‘zbek futbol ishqibozlarini juda xushnud qilgan edi, -deb eslaydi Abdusalom Ergashev.

Sport jurnalisti Mavlon Shukurzoda Ravshan Yunusov bu tarixiy gol haqida gapirib berganini eslar ekan, Ozodlikka mana bularni aytdi:

-Ravshan aka: “Men 1968 yilda “Paxtakor” uchun o‘ynar ekanman uchta gol urdim. Men, ayniqsa, birinchi golimni juda yaxshi eslayman. Bu voqea 1968 yilning 10 aprelida bo‘lgan edi. Odamlar bilan liq to‘la “Dinamo” stadionida o‘yinning 51-daqiqasida Krasnitskiy menga uzatgan to‘pni mashxur darvozabon Lev Yashining darvozasiga kiritdim. O‘shanda biz o‘yinni 1:1 hisobida yakunlagan edik. O‘shanda “Dinamo”ning barcha o‘yinchilari Krasnitskiyga e’tibor qaratib, bizni eslaridan chiqarib qo‘ygandi”, deb eslagan edi.

Mavlon Shukurzodaga ko‘ra, Ravshan Yunusov og‘ir o‘pka xastaligi oqibatida vafot etgan.

XS
SM
MD
LG