Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:30

Jizzaxda gaz yo‘qligidan norozi ayollar avtomagistral yo‘lini to‘sdi


O‘zbekiston qishloqlarida gaz yo‘qligi tufayli o‘choqda ovqat pishirish kundalik normal holatga aylanib bo‘lgan.
O‘zbekiston qishloqlarida gaz yo‘qligi tufayli o‘choqda ovqat pishirish kundalik normal holatga aylanib bo‘lgan.

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi Toshkent-Termiz avtomagistrali yaqinidagi qishloqlarda yashaydigan qariyb 200 nafar ayol 24 noyabr kuni avtomobil yo‘lini to‘sdi. Gaz va elektr yo‘qligidan shikoyat qilgan ayollar bir soat davomida yo‘lning ikki tomonini berkitib, mas’ul amaldorlardan bu muammoni hal qilib berishni talab qilgan.

Ozodlikning G‘allaorol tumanidagi Qarag‘o‘yli qishlog‘ida yashaydigan manbasining xabar berishicha, uchta qishloq ayollari 24 noyabr kuni tushga yaqin Toshkent-Termiz magistral yo‘lini to‘sishgan:

“Qarag‘o‘yli, Obuz va Qashqabuloq qishlog‘ining bir guruh ayollari avval tuman hokimining oldiga borib, havo juda sovib ketgani, gaz yo‘qligidan, elektrning kamligidan, ko‘mir yo‘qligidan shikoyat qilishgan. Lekin, hokim hech kimga gaz berilmaydi, deb javob bergan. Shundan so‘ng, ayollar qaytib kelishgan va boshqa hamqishloqlarini ham da’vat qilib katta yo‘lni to‘sib olishgan.. Bir soat davomida yo‘lning ikki tomonida yuzlab avtomobillar tiqilib qolgan”, deydi manba.

Uning aytishicha, yo‘l to‘silganidan so‘ng oradan yarim soat o‘tmay, tuman hokimi va gaz idorasi rahbarlari voqea joyiga etib kelgan:

“Hokim va uning o‘rinbosarlari kelib, xalqni yo‘lni ochishga, ertadan boshlab gaz va elektr ta’minotini yaxshilashga va’da bergan. Yarim soat davom etgan muzokaradan so‘ng, ayollar yo‘lni ochishgan”, dedi boshqa manba.

G‘allaorol tumanida yashaydigan pensioner Nabijon Jo‘raboev o‘sha qishloqlarga borib, yo‘lni to‘sishda ishtirok etgan odamlar bilan gaplashganini aytar ekan, ayollar talablar yozilgan plakatlari bilan norozilikka chiqqanini aytdi:

- Katta magistral yo‘lning ustida ertalab ulgurji qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotadigan joyimiz bor. Ayollarning aytishlaricha, ana o‘sha yerda yo‘lni to‘sishgan. Ayollar gaz va svet berilishishi talab qilingan plakatlar ham yozib chiqishgan ekan. Aytishlaricha, bugun o‘sha qishloqlarga ballon gaz va ko‘mir yetkazib berishibdi, lekin tabiiy gazni hanuz ochmagan ekan. Birdaniga qattiq sovuq tushdi. Qishloqlardagi odamlar ancha qiynalib qolishdi. Ilgari saylovlar arafasida hamma qishloqlarga gaz va svet uzluksiz berilardi. Bu safar esa kun sayin battar bo‘lib boryapti”, dedi Nabijon Jo‘raboev.

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasining o‘zini tanishirmagan mulozimi, Ozodlik bilan suhbatda g‘allaorollik ayollar Toshkent-Termiz avtomobil yo‘lini to‘sganini tasdiqladi:

“Yo‘q, bir soat emas, yarim soat davomida yo‘l to‘silib turgani haqida xabar bor. Mahalliy rahabarlar borib, muammoni hal qilishgan. Hozir avtomagistral bir maromda ishlamoqda”, dedi ichki ishlar boshqarmasi mulozimi.

O‘zbekistonda kuz-qish mavsumi paytida gaz va elektr energiyasi taqchilligi bois, aholining u yoki bu shaklda norozilik bildirish holatlari ba’zan kuzatilib turiladi.

Bu norozilik namoyishlarida, asosan, xotin-qizlar ishtirok etadi.

2013 yilning 5 noyabrida Samarqand shahridagi Sartepa mavzesi Xo‘jasoat mahallasining yuzga yaqin aholisi mavzedan o‘tadigan avtomobil yo‘lini to‘sib, uch kun elektr energiyasi va gaz berilmaganiga qarshi o‘z noroziligini shu tarzda ifoda etgan edi.

Jumladan, 2012 yilning 17 dekabrida Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanidagi Samarqand mahallasida istiqomat qiladigan yuzga yaqin ayol 17dekabr kuni ertalab avtomobillarning eski shinalarini Toshkent-Samarqand avtomagistraliga dumalatib, yo‘lni to‘sgan edilar.

XS
SM
MD
LG