Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:46

Asaka va Qo‘qonda qo‘ldagi benzin narxi besh ming so‘mgacha chiqdi


Asakadagi UzGazOyl AYoQShida benzinga navbat
Asakadagi UzGazOyl AYoQShida benzinga navbat

“O‘zbekneftmahsulot” kompaniyasi benzin chayqovchiligini oldini olish maqsadida 23 oktabrdan boshlab benzin narxini ko‘targaniga qaramay, viloyatlarda bu mahsulot hamon taqchil bo‘lib qolyapti. Ozodlik manbalarining aytishlaricha, aksariyat tumanlarda benzin faqat “UzGazOyl” shoxobchalarida bir-ikki soat sotilib, tugab qolyapti. Xususiy AYoQShlarga esa benzin berilmayapti.

Andijon viloyati Asaka tumanidagi Ozodlik manbasining aytishicha, benzin uchun haydovchilar kechasidan navbat olmoqda:

“Benzin judayam muammo bo‘lib qoldi. Asaka tumanida hozir faqat UzGazOyl AYoQShida, u ham bo‘lsa ikki kunda bir bo‘ladi. Moshinalar navbati bir kilometrgacha cho‘zilib ketgan. Uzog‘i bilan bir soat sotadida, benzin tugadi deb yopib qo‘yadi. Lekin o‘zlarining naqd pul beradigan tanishlariga sotayotgani guvohi bo‘lganman. Kechasi o‘zlarining mernik idishlariga quyib zapravka yonidagi benzinfurushlarga naqd pulga sotyapti”, deydi manba.

Asakadagi UzGazOyl AYoQShida benzinga navbat
Asakadagi UzGazOyl AYoQShida benzinga navbat

Uning aytishicha, xususiy AYoQShlarda ham umuman benzin yo‘q:

“Benzin asosan, qo‘lga o‘tib ketyapti. Xususiy zapravkalarda esa umuman benzin yo‘q. Eshitishimcha ular benzin olyapti, lekin asosan naqd pul to‘laydigan chayqovchilarga kechasi sotyapti. Keyin schetdan schetga pul o‘tkazadi, o‘sha erda benzin sotilgani ko‘rinib turadi. Hozir Asakaning markazida bir litr benzin narxi 4,5 ming so‘mga, qishloqlarda esa 5 ming so‘mga chiqib ketdi”, dedi manba.

Bu ham Asaka, 24 noyabrь, 2016y
Bu ham Asaka, 24 noyabrь, 2016y

​“O‘zbekneftmahsulot” kompaniyasi benzin chayqovchiligiga barham berish uchun 23 oktabridan benzin narxini oshirib, bir litr AI 80 benzin narxini 2800 so‘m, AI 90 esa 3000 so‘m qilib belgilagan edi.

Biroq, o‘tgan bir oy mobaynida joylarda benzin ta’minoti bo‘yicha jiddiy bir o‘zgarish sezilmadi. Toshkentdan tashqari huddularda benzin yana chayqovchilar qo‘lida sotilishda davom etyapti.

Qo‘onlik haydovchilardan biri qo‘ldagi benzin narxi 4800 so‘mga chiqqanini Ozodlikka yozdi:

“Yaqinda qonun chiqqandi, respublika bo‘ylab benzin narxi 2800 so‘m bo‘ladi, deb. Hozir u narxda umuman benzin yo‘q. Mabodo chiqib qolsayam, Qo‘qonda 3100 so‘mdan sotilyapti. Zapravkalarning darvozalari yopiq. Kecha qo‘ldan litrini 4800 so‘mdan oldim”, deb yozdi qo‘qonlik haydovchi.

Ozodlik bilan ilgarigi suhbalardan birida, samarqandlik xususiy AYoQSh egalaridan biri, benzin narxining oshirilishiga uning “shapka”si sabab bo‘lishini aytgan edi:

“Men qariyb 15 yildan buyon AYoQShni boshqaraman. Xususiy tadbirkorman. Bitta bizda emas, boshqa viloyatlarda ham shunday. Uch oycha bizda umuman benzin tortilib qoldi. O‘shanda benzin narxi 2075 so‘m edi. Neftebazada tonnasiga 100 dollar bermasangiz ololmasdingiz. Hozir benzin qimmat bo‘lib, “shapka”ning narxi sal tushdi. Hozir har litrga 20-50 so‘mdan so‘rashyapti. Bu tonnasiga 200 dan 500 ming so‘mgacha degani. Lekin hozir hech kim bu benzinni olmayapti. Chunki, “shapka”ni chiqimini chiqarishning iloji yo‘q. Benzin narxi oshganidan keyin, soliq inspektsiyasi benzinni davlat narxidan qimmat sotganlarni javobgarlikka tortish haqida ogohlantiryapti. Shuning uchun, hech kim zarariga ishlagisi kelmaydi. Hech kim “shapka” berib benzin olib, o‘zining zarariga sotishni istamaydi. Ular bizga ochiq aytadi. Agar biz ham tepaga uzatmasak vagon kelmaydi. Har vagon ustiga 4000-5000 dollar minib bizga etib keladi”, deyishadi”, degan edi AYoQSh rahbarlaridan biri.

"O‘zneftmahsulot" hissadorlik kompaniyasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, viloyatlarda benzin taqchilligini inkor qildi va limit bo‘yicha benzin tarqatilayotagnini Ozodlikka aytdi.

O‘zbekistonda avtoyonilg‘i taqchilligi birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Bugungiday holat, xususan, o‘tgan yili ham kuzatilgan va “O‘zneftmahsulot” o‘shanda ham bu yilgi vajlarni keltirgan edi.

XS
SM
MD
LG