Линклар

logo-print

Hasanboy-yalangoyoqning o‘g‘li Muxtorali dunyo taniydigan Mebel Qiroliga aylandi


Muxtorali Ibrohimov o‘zi yasagan mebelda

Muxtorali Ibrohimov o‘zi yasagan mebelda

Rossiya va G‘arbda Maks Ibragimov degan ism bilan tanilgan Muxtorali Ibrohimov MDH mebelchi-ishbilarmonlari orasida afsonalar qahramoniday mashhur. U O‘zbekistondagi qishloqda oddiy o‘zbek dehqoni oilasida tug‘ilib o‘sgan.

Hozirda Ibrohimovning Kaliningrad shahridagi “Maksik” fabrikasi yasagan elita divan va kreslolar Rossiya, Yevropa, Osiyo mamlakatlarida sotiladi.

Moskvada boshlangan xalqaro mebel ko‘rgazmasida, Ozodlik Muxtoralidan oddiy dehqon bolasining qanday mebel qiroliga aylangani haqida so‘radi.

- Men tug‘ilganda otam nafaqaxo‘r bo‘lgan. Oilamizda sakkiz farzand edik. To‘rtinchi sinfgacha Toshkent yaqinidagi Burgalik qishlog‘ida yashaganman. Men kambag‘al oilada tug‘ilganman. Menga ota-onam, xudo rahmat qilsin ularni, biror davlat, boylik qoldirmagan. Lekin ota-onam menga yaxshi tarbiya berishdi.

Muxtorali Ibroximovni Rossiyada ko‘pchilik Maks sifatida taniydi

Muxtorali Ibroximovni Rossiyada ko‘pchilik Maks sifatida taniydi

Biz kambag‘al yashaganmiz, akamlar kiygan ko‘ylakni biz ham kiyib katta bo‘lganmiz. Otamni kishloqda laqabi “Hasanboy- yalangoyoq” deb atashardi. Menga “kimni o‘g‘lisan” deb so‘raganlarga, -“Hasanboy- yalangoyoqni o‘g‘liman” deb javob beraman.

Sho‘rolar davrida otam meni Toshkentdagi rassomchilik internatiga o‘qishga berdi. Rasm chizib yurardim. Internatni tugatib, rassomchilik bilim yurtiga o‘qishga kirganman. Keyin Sovet armiyasiga - harbiy dengiz flotiga xizmatga Kaliningrad shahriga yuborishdi. Xizmat tugagandan keyin, O‘zbekistonga qaytmadim, Kaliningradda qolib xolodilnik agregat sohasida o‘qishni tugatdim. Yana dengizga chiqadigan kemalarga ishga kirdim, 7 yil dengizda bo‘ldim, deyarli butun dunyoni kezib chiqdim. Mixail Gorbachev hokimiyat tepasiga kelganida, bizni bazamizni tarqatib yuborishdi.

Dengizga chiqish imkoni bo‘lmaganidan keyin men Kaliningradda mebel, interyer ishini boshlashga qaror qildim. O‘shanda O‘zbekistonda o‘rgangan rassomlik kasbim menga juda qo‘l keldi. Interyerlar qilib, mebellarni ta’mir qilib yurardim. Chiroyli chiqarishga harakat qilardim. Odamlarga ishim yoqib qoldi. Keyin buyurtmalar ko‘paya boshladi. Lekin buyurtma ko‘payganiga qaramasdan, men mebelsozlik, interyer sohasida bilimim kamligini sezdim va o‘qishni davom ettirishga qaror qildim.

Muxtorali Ibrohimov mahsulotlari

Muxtorali Ibrohimov mahsulotlari

O‘sha paytlar Italiya, Fransiya mebellarini ko‘rib qoyil qolganman. Italiyaga borganimda dunyodagi taniqli mebelsozlardan biri italiyalik Karlo Kapellini bilan tanishdim. U kishi menga mebel sohasida ko‘p narsani o‘rgatdi. Karlo Kapellini bilan Italiyada 8 yil birga ishladim, mebelsozlik sohasida bilim oshirdim. Karlo Kapellini men ustozim deb bilaman.

- Siz yasagan mebelning boshqa shirkat mebellardan asosiy farqi nimada? Qanday xaridorga mo‘ljallangan?

- Biz asosan elitaga mo‘ljallangan, qimmat mebel yasaymiz. Elita mebeli yasash juda qiyin ish. Men o‘tgan asrning 90-inchi yillarida mebel yasashni boshlaganimda, qo‘li o‘ng ustalarimni Italiyada o‘qitganman. Chunki o‘sha paytlarda sobiq Sovet hududida elita mebeli chiqarishni, yangi texnologiyalar qo‘llashni bilganlar kam edi. Yevropa, jumladan Italiyada bunday mebel yasash texnologiyalarini yuz yillik an’ana mehnat, natijasida qo‘lga kiritishgan. Bizni ustozlarimiz, maktabimiz –bu Italiya va Fransiya mebelsoz maktabi hisoblanadi. Biz yasayotgan mebellar orasida asosan Italiya, Fransiya, kamroq Britaniya mebellari ham bor.

Umuman olganda mebel uyga zeb kiritadi, yaxshi mebellik uyga borgingiz keladi. Inson umrining qariyb 30 foizini uyda o‘tkazar ekan. Shuning uchun mebel chiroyli bo‘lsa yaxshi. Bizni kasbimiz shu, insonlarga chiroyli hayot, komfort yaratishdir. Hayotda yaxshi omadga erishgan insonlarga biz chiroyli muhit yaratamiz.

"Maksik" kompaniyasi mahsulotlari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida sotiladi

"Maksik" kompaniyasi mahsulotlari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida sotiladi

- Shogirdlaringiz asosan yevropaliklar ekan, o‘zbek shogirdlaringiz ham bormi?

Ikki nafar mebelsoz ustalarni O‘zbekistondan Kaliningradga, keltirgandim. Lekin afsus, ulardan yaxshi usta chiqmadi. Yaxshi qo‘li bor ustalar edi, lekin ulardan men o‘ylagandek usta chiqmadi. Mumkin bola-chaqalaridan uzoqda bo‘lgani ta’sir qildimi yoki boshqa sababmi, lekin afsus ikkovlondan yaxshi usta chiqmadi. Professional usta bo‘lishi uchun mebelni juda sevish kerak va mebelni doimo ichida yashash kerak. Uning ichida kishi yashamasa, sevmasa yaxshi usta chiqmaydi. Meni qo‘l ostimda italiyaliklar, xorvatlar, ruslar, ukrainlar ishlaydi. Men uchun ustaning, umuman insonning millati muhim emas. Qo‘lidan kelsa, mebelni yaxshi ko‘rsa, professional bo‘lsa etarli. Ustalarni oyliklari yaxshi, yaxshi ishlashadi.

-O‘zbekistonda ham biznes yuritasizmi?

- O‘zbekistonda do‘st-birodarlarim bor. O‘zbekistonda mebel magazini ochganmiz. Ish ketyapti, o‘zbek boyvachchalari mebelimizni olishyapti. Bundan tashqari do‘konlarimiz qo‘shni Qozog‘istonda ham bor.

Muxtorali hisobiga tiklangan Kaliningrad musiqa organi

Muxtorali hisobiga tiklangan Kaliningrad musiqa organi

- Sizni faoliyatingiz davomida xotirangizda qolgan, sizni hayajonlantirgan ishlar ham bormi?

Kaliningrad shahridagi Yevropadagi eng katta Kafedral Sobordagi organni (musiqa asbobi) ta’mirlashda qatnashdik. Bizni ustalar yog‘och ishlarini, haykal va figuralarni ta’mirlashdi. Bu nihoyatda murakkab va o‘ta mas’uliyatli buyurtma edi. Biz ta’mir ishlarini yaxshi bajardik, deb o‘ylayman. Bu shahar tarixida esda qoladigan ish bo‘ldi. Men hayotda bo‘lmaganimda nabiralarim kelib, “Qadimiy Sobor ta’mirini meni Muxtorali bobom qilganlar” deb faxrlanib yurishadi. Bu men uchun juda katta baxt deb o‘ylayman.

Bundan tashqari Rossiyada katta ishlarni bajarganmiz. Misol uchun, prezident Vladimir Putinning uchta samolyotini o‘zimiz yasagan mebel bilan jihozladik, bezatdik.

Kaliningrad muzeylarining qadimiy mebellarini restavratsiya ishlarida ham ishtirok etib kelamiz. Bu kabi buyurtmalar o‘ta mas’uliyatli va jiddiy ish hisoblanadi.

Muxtorali Ibrohimov ko‘plab estrada yulduzlari bilan shaxsan tanish

Muxtorali Ibrohimov ko‘plab estrada yulduzlari bilan shaxsan tanish

-Aytingchi oddiy o‘zbek qishloq bolasi, qanday qilib bunday yutuqlarga erishdi? Siri nimada?

Otam, xudo rahmat qilsin yoshligimda–“ o‘g‘lim men yordam berolmayman, shunaqa hayot, o‘zing harakat qil”-deb aytgan edilar. Men maktabni tugatib, chet ellarda yurganimda, har doim o‘zimga “men ehtiyot bo‘lishim kerak, ichmaslik-chekmasligim kerak, birovlarga yomonlik qilmasligim kerak” deb doimo o‘zimga-o‘zim ichimda takrorlab yurganman. Yana “Muxtorali senga hech kim yordam bermaydi, faqat o‘z kuching, halol mehnating bilan non topishing kerak” deb otam so‘zlarini miyamga joylab yurganman. Meni mustaqil bo‘lishimga ota-onam tarbiyasi katta yordam bergan.

Men hamma ishlarimni xursandchilik bilan o‘ynab qilaman. O‘shanda qilgan ishim yaxshi chiqadi. Hatto ta’tilda ham dam ololmayman, ishlamasdan tura olmayman, faqat ishlagim keladi. Men ishimdan bahra olaman, ilhomlanaman. Insonga qilayotgan ishi, kasbi yoqsa, baxtiyor bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG