Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:13

Aholining gaz bo‘yicha shikoyatlarini Mirziyoev ham qondirolmayapti


Havo harorati O‘zbekistonning g‘arbiy viloyatlarida -25 gacha tushib ketgan so‘nggi hafta davomida gaz va svet yo‘qligidan Ozodlikka kelayotgan shikoyatlar keskin ko‘paydi. Ma’lumotlarga qaraganda, Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning virtual qabulxonasiga ham bunday shikoyatlar ko‘paygan. Ozodlik Farg‘ona viloyat, Beshariq tumani, Vorug‘ qishlog‘i misolida viloyat aholisi xonadonlariga gaz yetib borish istiqbolining hozircha nihoyatda uzoqligini aniqladi.

"Daryolar bo‘yida edik suvga zor"

(O‘zbekiston Davlat gimnidan)

O‘zbek-tojik chegarasida joylashgan 370 xonadonlik Vorug‘ qishlog‘idan o‘tmishda o‘zbek gazini Tojikistonga yetkazgan katta magistral gaz quvuri o‘tadi. Ushbu magistral quvur yo‘nalishida joylashgan bu qishloq ahlining so‘nggi bor tabiiy gaz ko‘rganiga yaqinda uch yil bo‘ladi.

"Magistral quvur bizdan 500 metrcha naridan o‘tadi. Tojikistonning Isfara tumani bizga chegaradosh¸ chegaragacha chiqsa bir kilometr chiqadi. 2005 yilda Amerikadagi bir tashkilot qishloqni gaz quvuriga ulab bergan¸ qishlog‘imizga ichimlik suvi olib kelgan. O‘zimiznikilarning aloqasi yo‘q bu ishlarga. Lekin biznikilar suvniyam uzdi¸ gazniyam uzdi. Nimagaligini bizga birov tushuntirgani yo‘q"¸ deydi o‘z shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan vorug‘liklardan biri.

Vorug‘liklar shikoyatiga gaz idorasi javobi
Vorug‘liklar shikoyatiga gaz idorasi javobi

Suhbatdoshga ko‘ra¸ shundoqqina katta gaz magistrali yoqasida joylashgan vorug‘liklardan ayrimlari gaz yo‘qligidan shikoyat qilib¸ bir necha marta Bosh vazir va muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev virtual qabulxonasiga shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan.

“Ammo har gal mahalliy gaz idorasi bu murojaatlarga qishloqni gaz quvurlariga ulashning iloji yo‘q¸ muammo aholiga suyultirilgan gaz etkazib berish bilan hal qilingan¸ degan mazmunda Toshkentga yolg‘on javob berayapti”¸ deydi vorug‘liklardan biri.

“Virtual qabulxonaga gaz yo‘q¸ svet yo‘q¸ suv yo‘q¸ deb ëzgan yigit baloga qoldi. Uni salkam jinniga chiqarishdi – nima emish¸ gaz¸ svet va suv bo‘lmasligini hamma bilib turganda¸ bunaqa xat bilan Toshkentga yozish jinnilik emish¸ siyosatga aralashmasdan¸ jim o‘tirish kerak emish. Bu bolani mahalla faollari¸ uchastkovoy rosa tergadi¸ boshqa yozma deb"¸ deydi Ozodlik bilan o‘z ismini ochiqlamaslikni so‘rab gaplashgan yana bir vorug‘lik.

Virtual qabulxonaga ëzilgan javob xatiga Farg‘ona gaz idorasi Vorug‘ qishlog‘ini gazdan uzish qarorini ham ilova qilgan.
Virtual qabulxonaga ëzilgan javob xatiga Farg‘ona gaz idorasi Vorug‘ qishlog‘ini gazdan uzish qarorini ham ilova qilgan.

Ozodlik Beshariqning Vorug‘ qishlog‘i¸ qolaversa¸ qorli-qirovli kunlarda gaz va svetsiz jon saqlashga majbur qolgan boshqa qishloqlar vaziyatini o‘rganish maqsadida Farg‘ona viloyatidagi gaz ta’minoti bilan shug‘ullanuvchi idora mas’ullaridan biri bilan bog‘landi.

Shaxsini ochiqlamagan bu mutaxassis¸ Vorug‘ qishlog‘idagi gazsizlik muammosi yuzasidan Mirziyoev virtual qabulxonasiga shikoyatlar bo‘lgani¸ shuningdek¸ ularga berilgan javob mazmunidan ham xabardorligini bildirdi.

“To‘g‘ri¸ bu qishloqdan Tojikistonga katta magistral gaz quvuri o‘tgan. Unda bosim yozning kunida 20-25 kilo bo‘ladi¸ tegib bo‘lmaydi. Rayonda ikkita GRES bor¸ shu ikkita GRESdan keyin tarqaydi. Vazirlar Mahkamasining qarori bor¸ gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan chekka hududlarni gaz tarmog‘idan uzilsin¸ degan. Vorug‘ qishlog‘i GRESdan 25 kilometrcha uzoqda¸ shunga uni 2014 yilda gazdan uzganmiz¸ mahallasida yig‘ilish o‘tkazib¸ hammasini tushuntirganmiz”¸ dedi Farg‘onadagi gaz idorasi mutaxassislaridan biri.

Bu suhbatdosh¸ Vorug‘ va ayni vaziyatdagi boshqa qishloqlardagi muammo tuman gaz idoralari tomonidan aholiga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berish hisobiga qisman yechimini topganini ta’kidlaydi.

“Tuman grafik bo‘yicha ularni suyultirilgan gaz bilan ta’minlayapti. Ijara-shartnoma bo‘yicha 130 ta kam ta’minlangan oilaga gaz ballon berilgan. Mahallaqo‘m shuncha oilaga gaz ballon beringlar¸ degan xat bilan chiqqan¸ shularga berilayapti. Bir oyda bir marta 12 800 litr gaz beriladi. Bir oyda bir marta berilayapti. Bu qishloqda 370 ta xonadon bor¸ qolganining o‘zini balloni bor. Suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan bu qishloq”¸ dedi Farg‘ona gaz ta’minoti idorasining Beshariqdagi vaziyatdan yaxshi xabardor mas’uli.

Bu rasmiy javobni sharhlagan vorug‘lik suhbatdoshlar¸ suyultirilgan gazning oyda emas¸ ikki oyda bir marta keltirilaëtgani¸ faqat ovqat pishirishga ishlatilayotgan bu ballonlarning ko‘pi bilan 11 kunga yetishini bildirdi va bu borada ham mahalliy gaz idoralari Toshkentga yolg‘on xabar yo‘llayotganini iddao qildi.

“Bizga suyultirilgan gaz tarqatish o‘rniga¸ xonadonlarimizni shundoqqina oldimizdan o‘tayotgan tabiiy gaz quvurlariga qayta ulashsin¸ talabimiz shu”¸ deydi Voruq mahalla faollaridan biri.

"Xalq tugul¸ ishlab chiqarishga gaz yo‘q -yagona tekstilkombinat to‘xtab yotibdi"

Ammo viloyatdagi gaz ta’minoti idorasi rasmiysi¸ bunday talabni nafaqat Bosh vazir virtual qabulxonasi¸ balki erta-indin prezidentlikka saylanishi kutilayotgan Shavkat Mirziyoevning o‘zi xohlagan taqdirda ham yaqin-orada hal qila olmasligini aytadi.

“Qishloqlarni gazga ulashning umuman iloji yo‘q. Oldinlari gazning kelish bosimi minimum 10 kilo bo‘lardi¸ 5-6 kilo chiqish bosimi bo‘lardi. Hozir magistral quvurda bizga 4¸5 kilo berayapti¸ GRESdan 1¸2 kilo bosim bilan chiqayapti. Rayonda hozir metanol yarim ishlayapti¸ tekstil kombinatga gaz yetmayapti¸ bir haftadan beri ishlamay turipti. Rayonda 22 mingta xonadon bor¸ shundan 5500 tasiga gaz berilayapti¸ qolgan 17 minggi gaz yetmasligidan tarmoqdan uzib qo‘yilgan. Bizga tepadan kelayotgan ko‘rsatma faqat gazdan uzish haqida bo‘layapti. Mana shu yil ichida Beshariqda yana uchta qishloq gazdan uzildi. Biz buyruqni bajaramiz¸ xolos. Har yili faqat uzib yotibmiz¸ gazga qayta ulang¸ degan gap yo‘q¸ kutilmayapti ham. Shu paytgacha uzilganlardan birortasini qayta ulaganimiz yo‘q. Lekin quvurlar joyida turipti¸ ko‘rsatma berishsa¸ ulayveramiz¸ bizga baribir¸” dedyi Farg‘ona gaz idorasi mutaxassislaridan biri.

O‘zbekistonning qancha gazi bor?

“O‘zbekneftegaz” davlat shirkati rasmiy saytida iddao qilinishicha, miliy xolding shirkati “ishlab chiqarish quvvatlari” O‘zbekistonda yiliga 60-70 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olish “imkonini beradi va O‘zbekiston gaz qazib olish hajmi bo‘yicha jahonda 11 o‘rinni egallaydi.

O‘zbek gazining xorijdagi eng katta xaridori Xitoy hisoblanadi va 2016 yili O‘zbekiston Xitoyga 10 milliard kub metr gaz yetkazib berish haqida shartnoma imzolagan.

O‘zbek gazining ikkinchi yirik xaridori Rossiyadir. Joriy yil yanvarida Turkmaniston gaz olishni to‘xtatganini e’lon qilgan Rossiyaning “Gazprom” shirkati¸ turkman gazi o‘rnini qoplash uchun O‘zbekistondan olinayotgan gaz hajmini ko‘paytirajagini bildirdi. Ayni paytda 2016 yilda O‘zbekistondan qancha gaz sotib olinishiga oid raqam ochiqlanmadi.

2015 yili “Gazprom” O‘zbekistondan 1 milliard kub metr gaz sotib olgan¸ 2008 yilda bu ko‘rsatkich¸ 4 milliard kubometrni tashkil qilgan.

O‘zbekistonning tabiiy gazga nisbatan ichki ehtiyojiga oid raqamlar jamoatchilikka e’lon qilinmay kelinadi.

2014 yilgi rasmiy xabarlarda¸ O‘zbekistondagi ichki iste’molning yildan-yilga oshib¸ 50 milliard kub metrdan oshgani iddao qilingan edi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG