Линклар

O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Rossiyadan zaruriy dori-darmon va tibbiyot asboblari sotib olishda ko‘mak so‘radi. Rossiyaning RBK nashriga ko‘ra, gap 167 xildagi dori va 22 turdagi tibbiyot asboblari haqida ketmoqda. Rossiyagi dloi ishlab chiqaruvchilar bunday so‘rov O‘zbekistonda valyutani konvertatsiyalash muammolari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

RBK nashri xabariga ko‘ra, 2016 yilning 10 noyabrida O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi 167 turdagi dori va 22 turdagi tibbiyot asbob-uskunalariga buyurtma to‘g‘risida Rossiyadagi farmatsevtika kompaniyalarichilarga ma’lumot yetkazishni so‘rab, Rossiyaning savdo vakolatxonasiga xat yo‘llagan.

Xatda O‘zbekiston hukumati o‘z so‘rovida ro‘yxatda ko‘rsatilgan dorilarning narxi ko‘rsatilishini ham so‘ragan.

“Valyuta konvertatsiyasini to‘g‘rilang – qaytamiz!”

Rossiya Farmatsevtika ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi (ARFP) bosh direktori Viktor Dmitriev Ozodlik bilan suhbatda bunday so‘rovnomani shaxsan olmagan bo‘lsada, bunday xat Rossiya savdo vakolatxonasida mavjud ekanini tasdiqladi.

U valyuta konvertatsiya muammosi tufayli mamlakatda zaruriy tibbiyot mahsulotlari savdosida muammolar vujudga kelgani O‘zbekiston hukumatini bunday murojaat qilishiga undaganini taxmin qildi.

- Bilishimcha, bu oddiy kundalik hayotda zarur bo‘ladigan preparatlar. Biz bunday so‘rov borligi to‘g‘risida ma’lumot oldik, xolos. O‘zbek farmatsevtika bozori valyuta konvertatsiyasi nuqtai nazaridan biroz murakkabdir. Bu masala yuzasidan biz Toshkentga maxsus safar qilgandik, suhbatlashgan edik. Eng katta balo shundaki, O‘zbekistonda yiliga ikki marotaba valyutaning rasmiy konvertatsiyasi amalga oshiriladi. Natijada bizda to‘lov kechikadi, bu esa biznesmenlar noroziligini keltirib chiqaradi, chunki biz aylanma mablag‘larda jiddiy yo‘qotamiz. Ular bizga yetkazib berilgan tovarlarni boshqa, pastroq kurs bo‘yicha hisoblab berishni taklif qiladi. Shu sababli, ko‘plab kompaniyalar o‘zbek bozoridan ketib qola boshladi. Menimcha, O‘zbekiston bozoridagi dori-darmon yetishmovchiligi aynan shu sabablarga ko‘ra vujudga kelgan, dedi Viktor Dmitriev.

Janob Dmitriev yuqorida ko‘rsatilgan sabab tufayli Rossiya kompaniyalari O‘zbekiston farmatsevtika bozoriga kirib borishga ikkilanmoqda, deydi. U 2014-2015 yillardagi o‘zbek so‘mining keskin qadrsizlanishi ham konvertatsiya bilan bog‘liq vaziyatni yanada murakkablashtirib yuborgani to‘g‘risida so‘zladi

U bunday muammolar bartaraf etilsa, Rossiya O‘zbekistonda ehtiyoj sezilayotgan preparatlar va tibbiyot mahsulotlarini darhol etkazib berishini bildirdi.

- Agar bu muammolar o‘z yechimni topsa va mahsulotlarimiz uchun oldindan to‘lov amalga oshirilsa, biz hatto ertaga bu preparatlarni jo‘natishga tayyormiz. Oldindan to‘lov asosida biz shartnomadagi boshqa vaziyatlar bo‘yicha yengilliklar berishimiz mumkin. Biz uchun har qaysi bozor qiziq. Asosiysi – bu bozorda vaziyat ravshan bo‘lishi va biz yetkazilgan dori-darmon uchun pulimizni qachon olishimizni bilishimiz kerak, dedi Rossiya Farmatsevtika ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi bosh direktori Viktor Dmitriev.

Hozirga kelib, O‘zbekistonda Rossiyaning bir qator farmatsevtika shirkatlari, jumladan BIOCAD, STADA CIS, “Otisifarm”, Moskva endokrinologiya zavodi ish olib borayotgani ma’lum.

“Yangi yildan O‘zbekiston dori bozorida katta o‘zgarishlar bo‘ladi”

Ayni paytda, Ozodlik O‘zbekiston ichkarisida vaziyatni o‘rganib ko‘rdi.

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekistonning bir qator farmatsevtika sohasi mutaxassislari fikricha, hukumatning dori-darmon sotib olishga ko‘maklashish masalasida Rossiyaga qilgan bunday iltimosi respublikada 2017 yilning 1 yanvaridan kuchga kirajak yangi qarorlar bilan bevosita bog‘liq ekaniga e’tiborimizni qaratdi.

- Hozircha dorilarimiz bor. Lekin, yangi yildan keyin apteka tizimida yangi qonunlar chiqadigan bo‘layapti. Bosh vazirning aytishicha, narxlar tushirilishi kerak. Ro‘yxatda keltirilgan 167 turdagi preparatlar aptekalarda shart bo‘lishi bo‘lgan dorilar. Cheklov aynan shu turdagi tovarlarga qo‘yiladi. Ya’ni, davlat o‘zi bu tovarlarni olib kirib, ular sotilishiga cheklov qo‘yadi. Apteka tizimida O‘zbekistonda katta o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda, dedi suhbatdosh.

Oldinroq aytilgandek, yangi yildan boshlab O‘zbekistonda 167 nomdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va 22 turdagi tibbiyot buyumlari uchun muayyan narxlar belgilanadi va davlat belgilagandan ortiq narxda dori sotgan aptekachilarni javobgarlikka tortadi.

Hukumat qarorini hayotga tatbiq etish maqsadida maxsus Respublika komissiyasi tashkil etilishi e’lon qilindi. Bu tuzilma O‘zbekiston farmatsevtika bozoridagi vaziyatni o‘rganish, tahlil qilish va ijtimoiy jihatdan zaruriy preparatlarga qo‘yilayotgan narxlarni belgilab beradi. Bu qarorni bajarish ustidan nazorat bevosita bosh vazir birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov va bosh vazir o‘rinbosari Adham Ikromovga yuklatildi.

Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan jizzaxlik dorixona egasining aytishicha, dorining chakana va ulgurji narxi o‘rtasida farq bo‘lmasligini ta’minlash to‘g‘risida buyruq kelgan. Lekin buning mexanizmi qanday bo‘lishi hozircha ma’lum emas.

- Ba’zi optoviklar juda o‘zidan ketib qolgandi: 18 foiz, 15 foiz berardi-da, biz o‘shandan 2-4-5 foizdan oshirishga haqqimiz yo‘q edi. Aytishlaricha, yangi yildan ulgurji narx ustiga 20 foizni qo‘yish haqqini o‘zimizga berisharmish. Agar shunday bo‘lsa, tirikchilik qilsa bo‘ladi, deya xulosa qildi apteka xodimi.

Suhbatdosh mahalliy o‘rmon xo‘jaliklariga mahalliy dorixonalar talablarini qondirish uchun dorivor o‘simliklarni etishtirishni jadallashtirish bo‘yicha hukumat tomonidan harakat boshlanganini xabar qildi.

RNC Pharma farmatsevtika tahliliy markazi hisob-kitobiga ko‘ra, Rossiya bugunga kelib O‘zbtkiston farmatsevtika bozorining 3,5 foizini egallab kelmoqda va uch oyda 90 mlrd. rublga dori-darmon sotgan.

XS
SM
MD
LG