Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:02

Mirziyoev tekshiruvchilari Ellikqal’a tumanini elakdan o‘tkazdi


O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlari, soliq, moliya va boshqa vazirliklar xodimlaridan tashkil etilgan 200 kishilik maxsus guruh Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a va To‘rtko‘l tumanlarida uyma-uy yurib tekshiruv o‘tkazmoqda. Ellikqal’a tumani hokimligi mulozimining Ozodlikka aytishicha, tekshiruvchilar besh kun ichida tumandagi 30 ming xonadonda tekshiruvlar o‘tkazgan. Ozodlik bilan suhbatlashgan ellikql’aliklar tekshiruvchilar ayrim xonadonlarni tintuv ham qilganini aytishdi.

Ismini oshkor etilmasligini so‘ragan ellikqal’alik tadbirkor tekshiruvchilarni¸ asosan¸ mehnat muhojiratiga ketib¸ yillardan beri uyiga qaytmaganlarga oid ma’lumot qiziqtirganini aytdi:

- Pasport tekshiruvini o‘tkazayapmiz, deyishdi. “Oiladan kim chet elga ketgan¸ qaerga ketgan¸ chet elda nima ish qiladi”¸ deb so‘rashdi. “Mahallada Suriya yoki Turkiyaga ketganlar bormi”, deb ham so‘rashdi. Qo‘shnimizni uyini tintuv ham qilishibdi, deydi Ellikqal’a tumanining Bo‘ston qishlog‘ida yashovchi tadbirkor.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ prezident Islom Karimov vafotidan ko‘p o‘tmay¸ Ichki ishlar vazirligi¸ Milliy xavfsizlik xizmati va prokuratura xodimlaridan tuzilgan maxsus guruhlar butun mamlakat bo‘ylab pasport tekshiruvini olib bormoqda.

Bu tekshiruvchilar uch farzandi Rossiyaga ketgan ellikqal’alik Guljon opani uyiga ham borishgan:

- Bu tekshiruvchilarni odamlar qanday ahvolda yashayotgani qiziqtirmaydi. Gaz yo‘q, svet yo‘q, benzin yo‘q. Bular Mirziyoevni tekshiruvchilari bo‘lsa, shu masalalarni o‘rganmaydimi? Uyma-uy tekshirayapti, lekin qo‘lda benzin sotib o‘tirganlarning uyini tekshirmadi. Ularni chet elga ketganlar qiziqtirayapti. Go‘yoki ketganlarning hammasi terrorist. Qanaqa yashayapsan, bu bilan ishi yo‘q ularni. Mening uch o‘g‘lim Rossiyaga ketgan, bu yerda ish yo‘qligidan ketgan. Ish o‘rni bo‘lsa ketmasdi. Bular nimaga ish yo‘q, nimaga odamlarni ahvoli xarob, shularni tekshirsa bo‘ladiku, - deydi Ellikqal’a tumanida yashovchi Guljon opa.

Ayni paytda¸ mahalliy rasmiylarning Ozodlikka aytishicha¸ tekshiruvlar davomida nimalar aniqlangani¸ qanday hisobotlar hozirlangani haqida ularga biror ma’lumot berilmagan:

- Tumanda 30 mingta xo‘jalik bo‘lsa, besh kun ichida tekshirishdi, 100 foiz tekshirishdi. Bugun To‘rtko‘lga ketishdi. Tekshiruv natijalarini bizga aytishmadi, biz ham so‘ramadik, - dedi hokimlik mulozimi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Ellikqal’adaga tashlangan ikki yuzga yaqin tekshiruvchi Bo‘ston qishlog‘idagi Iqtisodiyot kolleji yotoqxonasiga joylashtirilgan.

Ellikqal’a tumanidagi Iqtisodiyot kollejida tekshiruvchilarni kutib olishga bosh-qosh bo‘lgan yana bir mulozimning Ozodlikka aytishicha, mehmonlarning oziq-ovqati, ularni olib yuradigan avtomobillarga benzin puli va boshqa xarajatlar mahalliy tadbirkorlarga solingan norasmiy soliq hisobidan qoplangan:

- Boshida 150 kishi bor edi, keyin 190 ga yetdi. Samarqand, Toshkentdan bor, o‘zimizning Qoraqalpog‘istondan ham bor yigitlar. Bularning shtabi bizning kollejda joylashdi. Har kuni ertalab razvod qilib, mashinalarga minib ketishadi. Kelib, ovqatlanib tushdan keyin yana chiqib ketishadi. Ovqatiga, yashash turishiga qarab turishni hokim bizga tayinladi. Kamini qoldirmadik. Uch oydan buyon yuribmiz, bunaqa sharoitni ko‘rmadik, deb rahmat aytib ketishdi, - deydi ellikqal’alik mulozim.

O‘zbekiston kuchishlatar tizimlari va vazirliklar xodimlaridan tashkil topgan maxsus guruhlarning viloyatlarda kompleks tekshiruv olib borish uchun yuborilgani aytiladi.

Aniqlanishicha¸ bunday guruhga Vazirlar Mahkamasidan va yoki biror vazirlikdan katta lavozimdagi shaxs rahbarlik qiladi.

Guruh huquq-tartibot idoralari va xalq xo‘jaligining barcha sohalarini tekshirib chiqadi va uning natijalarini O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoevga taqdim etadi.

XS
SM
MD
LG