Линклар

Shoir va qiziqchidan tortib eshak mingan qishloqlikka qadar¸ Mirziyoevni targ‘ib qilmoqda


Shavkat Mirziyoevni prezidentlikka targ‘ib qiluvchi eshak mingan odam videosidan skrinshot.

Shavkat Mirziyoevni prezidentlikka targ‘ib qiluvchi eshak mingan odam videosidan skrinshot.

Keyingi 10 yil ichida O‘zbekistondagi videotasvirda ishlatilishiga norasmiy taqiq bo‘lgan eshak mingan odam obrazi prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoev targ‘ib qilingan videorolikda paydo bo‘ldi. Ayni paytda¸ qiziqchi Obid Asomovdan shoira Halima Xudoyberdievaga qadar ijtimoiy tarmoqlarda Mirziyoevni maqtamoqda.

Eshak mingan qishloqlik shaharlikni mot qildi

Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqayotgan "eshak mingan qishloqlik bilan Kaptivadagi toshkentlik boyvachcha" haqidagi rolik Shavkat Mirziyoevni nomzod sifatida ilgari surgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ bu rolik “rasman buyurtma berilmagan havaskor videochilar ijodidir”:

- O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi saylov shtabida reklama- targ‘ibot bo‘limi ishlayapti. O‘sha yerdan rasman tasdiqdan o‘tgan reklama va bosma-poligrafiya mahsulotlarini olish mumkin. Lekin bu roliklar orasida eshak mingan odam qatnashgan rolik yo‘q¸ dedi bu manba.

"O‘zbekfilm" kinostudiyasida ishlaydigan dekorator Mirzohid Mirpo‘latovga ko‘ra¸ shu kunlarda xususiy studiyalarda bir nechta saylovoldi klip suratga olingan va ularning hammasi Shavkat Mirziyoev haqida:

- Biz buyurtma bo‘yicha suratga olib¸ ozvuchka qilib qo‘liga beramiz. Uning namoyish qilinishiga ta’sirimiz yo‘q. Siz aytgan eshak va Kaptiva haydovchisi ishtirok qilgan klip bizda olinmagan. Mana o‘n yilcha bo‘ldi¸ kinokadrda eshak mingan odam yoki eski uylarni ko‘rsatmaslik haqida tavsiya bor¸ deydi bu suhbatdosh.

Ozodlik surishtiruvi davomida eshak ishtirokidagi Shavkat Mirziyoev saylovoldi roligining asosan ijtimoiy tarmoqlar va ba’zi mahalliy kabel telekanallarida namoyish qilingani aniqlandi. Xususan¸ bu videorolikning Sirdaryo va Buxorodagi xususiy telekanallarda namoyish qilingan.

"O‘zbektelefilm" studiyasi reklama bo‘limidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ eshak mingan qishloqlik videoroligi milliy telekanallarning birortasida namoyish etilmagan:

- Markaziy Saylov komissiyasining predpisaniesi bor. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar¸ barchaga bir turda efir berayapmiz. Siz aytgan videoklip efir setkasida yo‘q¸ deydi manba.

Boshqa nomzodlar "xalq mehridan mosuvo"

Toshkentlik dekorator Mirzohid Mirpo‘latov¸ Shavkat Mirziyoev targ‘ib qilinayotgan reklama va roliklarning ijtimoiy tarmoqlarda ommalashib ketganini ijtimoiy fikrning Mirziyoevga moyilligi bilan izohlaydi:

- Ko‘chalarda Mirziyoev surati aks etgan yirik bannerlar ko‘paygan. Bosh vazirning mamlakat bo‘ylab safarlari, tez-tez TV orqali ko‘rsatilmoqda. Oddiy suhbatlarda ham “Shavkat akaga ovoz beramiz” degan ahd bor. Birorta hazilkash “Ketmonovga ovoz beramiz¸ desa unga o‘qrayib qarashadi. Saylov natijasi haqida hamma oldindan biladi. Saylovchilar xuddi restoranda 20 dollar berib "Lavanda" qo‘shig‘ini zakaz qilgan xo‘randa kabi o‘tirishibdi. Xo‘randa bir pasdan keyin "Lavanda" qo‘shig‘i aytilishini bilgani kabi¸ saylovchilar ham Shavkat akaning saylanishini bilishadi. Faqat 80 foiz oladimi¸ 90 foiz oladimi¸ deya kofe quyqasiga qarab fol ochishmoqda¸ deydi Mirzohid Mirpo‘latov.

Shoir¸ hofiz va hajvchilar Mirziyoev norasmiy reklamachilarining old safida

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist¸ taniqli kulgi ustasi¸ keyingi 15 yil ichida norasmiy taqiq ostida qolgan Obid Asomov o‘zining Instagramdagi sahifasida videomurojaat bilan chiqib¸ “Bizning avlod Mirziyoevga ovoz beradi” deya ta’kidladi. Bu estafetani Tohir Sodiqovdan tortib Ozodbek Nazarbekovgacha bo‘lgan artistlar davom ettirib¸ o‘z muxlislarini Mirziyoevga ovoz berishga chorlashdi.

O‘zbekistonlik taniqli shoira Halima Xudoyberdievaning “Shavkatga” degan madhiya she’ri esa mahalliy matbuotda chop qilindi.

"O‘zbekiston tog‘larida Shavkat o‘sdi¸ shon o‘sdi"¸ deb boshlanadigan bu she’r ayni mavzudagi o‘nlab madhiyalar qatoridan o‘rin oldi.

Shavkat Mirziyoevga ovoz berishini aytgan shoir¸ Rabindranat Tagor mukofoti sovrindori Muhammad Ismoyil Ozodlik bilan suhbatda o‘z nomzodining katta romanlarga loyiq ekanligini ta’kidladi:

- Halima opaning she’rini men ham sahifamda joyladim. Yurakdan chiqqan she’r. Ba’zi havaskorlar ham Shavkat akaga atab madhiyalar yozayapti. Menimcha¸ xalqning muhabbatiga chegara¸to‘siq qo‘yib bo‘lmaydi. Xalq Shavkat akaga cheksiz muhabbat qo‘ygan¸ deydi suhbatdosh.

Tanlovsiz-tanlov

Ijtimoiy tarmoqlarda rus va o‘zbek tillarida tarqagan yana bir reklama roligida¸ yosh tadbirkor yigit¸ choysevar o‘zbekistonliklarning ko‘k choy yoki qora choydan birini tanlash kabi qiyin tanlov oldida turganini ayta turib¸ eng yaxshisi Shavkat Mirziyoev deb¸ unga ovoz berishga da’vat qiladi.

"O‘zbekfilm" kinostudiyasida ishlaydigan dekorator Mirzohid Mirpo‘latovning aytishicha¸ bu kabi roliklarda aks etgan tanlov¸ aslida real saylovlarda yo‘q:

- Mirziyoev haqidagi rolik qahramoni tanlov haqida gapirib¸ ko‘k choy yoki qora choyni tanlaymiz¸ deydi. Yoki Masha yoki Dashani tanlaymiz¸ deydi. Odam hayotda ko‘k yoki qora choyni tanlashi mumkin. Bu saylovda esa tanlov yo‘q. Bitta odam rahbar bo‘lishiga rozi bo‘lasiz. Imom kelindan so‘raydiku¸ falonchiga tanmahram bo‘lasizmi deb. O‘zi hammasi hal bo‘lgan¸ elga osh berilgan¸ kechqurungi bazmga mehmonlar kelayapti¸ sarpo-suruq mashinaga ortilgan. Irimi uchun kelindan so‘ralayapti. Kelinning ha deyishi esa oldindan ma’lum. Bu galgi saylov ham xuddi shunday¸ deydi suhbatdosh.

4 dekabr kungi saylovda liberal-demokratlar nomzodi Shavkat Mirziyoevdan tashqari O‘zbekistondagi mavjud yana uch siyosiy partiya rahbari ham ishtirok etadi.

Nomzodlardan birontasining o‘z saylovoldi dasturi yoki reklamalarida amaldagi hukumat va "raqib" nomzodlarni tanqid qilgani kuzatilmadi.

XS
SM
MD
LG