Линклар

Yaqin kelajakda O‘zbekistonda "Lukoyl" zapravkalar tarmog‘i paydo bo‘lishi mumkin


"Lukoyl"ning 22 davlat hududida 5500 ga yaqin AYoQSh borligi aytiladi.

"Lukoyl"ning 22 davlat hududida 5500 ga yaqin AYoQSh borligi aytiladi.

Rossiyaning “Lukoyl” shirkati Toshkentda o‘zining birinchi avtomobillarga yonilg‘i quyish shaxobchasini qurishga kirishdi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, yaqin kelajakda O‘zbekistonda “Lukoyl” brendi ostidagi avtozapravkalar tarmog‘i vujudga kelishi mumkin.

“Lukoyl”ning birinchi avtozapravkasi Toshkentda qurilmoqda

O‘zbekiston mahalliy matbuotida Toshkentda "Lukoyl" shaxobchasini qurish boshlanganiga oid xabarni “Lukoyl”ning Moskvadagi bosh idorasi va Toshkentdagi sho‘’basi matbuot xizmati na tasdiqladi va na inkor qildi:

- Biz hozirda bu masalani rasman izohlamayapmiz, deya gapni qisqa qildi “Lukoyl Uzbekistan” shirkati matbuot xizmati vakili Ozodlik bilan suhbatda.

Ayni paytda¸ "Lukoyl"dagi Ozodlik manbasi¸ shaxsi sir tutulishi sharti bilan¸ Toshkent shahrining Qorasuv massivida joylashgan sobiq aviatsiya zavodi yaqinida Rossiyaning “Lukoyl” neft kompaniyasining avtomobillarga yonilg‘i quyiish shaxobchasi (AYoQSh) qurilishi boshlanganini tasdiqladi.

Bu manbaga ko‘ra¸ qurilish ikki oy ichida bitiriladi va yanvar oyi oxirlaridan shoxobchada Rossiyadan keltiriladigan benzin sotila boshlanadi:

- Haqiqatan, Toshkentda “Lukoyl” neft kompaniyasining birinchi avtozapravkasi qurilmoqda. Qurilish tashkilotning mustaqil biznes shirkatlaridan biriga topshirilgan. Keyingi yilning yanvar oyida hozircha bitta shaxobcha ishga tushiriladi. Bilishimcha, qanchalik muvaffaqiyatli ishlashiga qarab¸ u tarmoqqa aylantirilishi mumkin. Qolgani biznes siri va biz uni oshkor qilmaymiz, dedi suhbatdosh.

Ozodlikning bu manbasi “Lukoyl” avtozapravkalarining paydo bo‘lishi O‘zbekiston, xususan¸ poytaxt Toshkent yonilg‘i bozorida raqobatni vujudga keltirishi va benzin taqchilligi vaziyatini yaxshi tomonga o‘zgartirishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

O‘zbekistonda "Lukoyl" brendining paydo bo‘lishi shirkat Litva, Latviya, Estoniya, Polsha, Chexiyadagi shaxobchalarini sotib¸ bu mamlakatlardan chiqib ketishi ortidan yuz bermoqda. Sharqiy Yevropa mamlakatlaridagi o‘z faoliyati qisqartirilishini kompaniya rahbari Vagit Alekperov bu mamlakatlarda 2014 yildan keyin Rossiyaga qarshi kayfiyatlarning kuchayishi bilan izohlagan edi.

2012 yilda “Lukoyl” dunyo bo‘ylab 6,5 ming AYoQShga ega bo‘lgan. Hozirda Yevropa, AQSh va postsovet hududida shirkatning 5,5 mingga yaqin AYoQSh ishlamoqda. Ulardan 2000 dan ko‘prog‘i Rossiyaning o‘z hududida joylashgan.

Vagit Alekperov 1993 yildan buyon "Lukoyl"ni boshqarib keladi

Vagit Alekperov 1993 yildan buyon "Lukoyl"ni boshqarib keladi

“Lukoyl” boshqa sohalarda ham O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirmoqda

Joriy yil sentabrida O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev Buxoroda “Lukoyl” prezidenti Vagit Alekperov bilan uchrashib¸ neft va gaz sohasida hamkorlik masalalarini muhokama qilgan edi.

15 noyabr kuni shirkatning O‘zbekistonda yangi gaz konlarini o‘zlashtirish loyihalariga 500 million dollar sarmoya yotqizishi xabar qilindi.

Aytilishicha, "Lukoyl" Lyuksemburg, Fransiya, Yaponiya, Italiya, Germaniya, Hollandiya, Rossiya va Avstriyadagi bir qator banklardan qarz olib yotqiziladigan bu sarmoya Hisor kompleksini o‘zlashtirish uchun sarflanadi.

“Lukoyl” O‘zbekistonning Havzak, Shodi, Qo‘ng‘irot uchastkalari hamda Qandim konlar guruhida geologiya-qidiruv ishlari o‘tkazib kelmoqda. Hisor hududi konlarida olib borilgan ishlar natijasida shu paytgacha "Lukoyl" 368,5 ming tonna neft va 2 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olgan.

2016 yil boshlarida“Lukoyl” shirkatining Qandim konidagi loyihasi doirasida ERIELL kompaniyasi bilan hamkorlikda Buxoroda MDHdagi eng ulkan quyosh elektr stansiyasi ishga tushirilgan edi. Qurilgan stansiya kunduzi 5000 kVtgacha, tungi paytda 1000 kVt energiya ishlab chiqarish imkoniga ega. Bu quvvatdagi energiya bilan 1,5 ming aholisi bo‘lgan kichik shaharchani doimiy ta’minlash mumkin.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2007 da O‘zbekistonda faoliyat boshlagan “Lukoyl” mamlakat iqtisodiyotiga 3,5 milliard AQSh dollari miqdorida sarmoya yotqizgan.

XS
SM
MD
LG