Линклар

O‘zbekistonda Moskva harbiy ta’siri kuchayishi mumkinmi?

Rossiya va O‘zbekiston mudofa vazirlari Sergey Shoygu va Qobul Berdiev Moskvada o‘zaro harbiy va harbiy-texnik hamkorliklarni rivojlantirishga oid shartnomani imzoladi. Ushbu hujjatga binoan O‘zbekiston o‘z Qurolli kuchlarini 2020 yilgacha Rossiya qurol va harbiy texnikasi bilan qayta ta’minlanaydi. Uchrashuvda Rossiya mudofa vaziri O‘zbekistonni, Moskva faol bo‘lgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti bilan hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi.

Moskvada yakunlangan uchrashuvda ikki davlat mudofa vazirlari 2017 yilga mo‘ljallangan harbiy hamkorlik shartnomasi rejasini imzoladi.

Rossiya mudofa vaziri Sergey Shoyguga ko‘ra Toshkent va Moskva harbiy sohadagi o‘zaro hamkorliklarini faollashtirishi lozim va bu rus vaziri fikricha mintaqadagi xafsizlik darajasini oshiradi.

- Bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyat xatari kamayishi o‘rniga, aksincha tobora ko‘paymoqda. Bunga sabab Afg‘onistonda “Islomiy davlat”, “Jabhad-ul-Nusra” kabi tashkilotlarning paydo bo‘lishidir. Ushbu tashkilotlar faoliyati u erdagi vaziyatni yanada keskinlashtirmoqda. O‘zbekiston chegarasi yaqinidagi bugungi vaziyat O‘zbekiston rahbariyatini Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti ( KXShT) hamda Shanxay hamkorlik tashkilotlari bilan hamkorlik qilish naqadar muhim ekanligi borasida chuqur fikr qilishga undaydi, dedi Sergey Shoygu.

O‘z navbatda Rossiya O‘zbekistonning asosiy strategik hamkori ekanini ta’kidlagan O‘zbekiston mudofa vaziri Qobul Berdiev rasmiy Toshkent Suriyada “Rossiya butun dunyoga namoyish etayotgan qurol, texnika va yangi texnologiyalarning kuchini ko‘rib turigani" ta’kidlab o‘tdi.

O‘zbekiston mudofa vaziri 2012 yilda to‘xtab qolgan o‘zbek zobitlari va kursantlarini Rossiya harbiy o‘quv yurtlarida o‘qitish dasturi qayta tiklangani uchun Rossiya rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi.

Qator kuzatuvchilar sobiq prezident Islom Karimov O‘zbekistonning Rossiya va G‘arb mamlakatlari bilan bo‘lgan munosibatlarida muvozanatni saqlab qolishda o‘ta ehtiyotkor siyosat yurg‘izganini ta’kidlab kelishadi.

Moskvalik mustaqil harbiy ekspert, «Yejednevniy jurnal» internet saytining bosh muharriri Aleksandr Golsning fikricha Moskva harbiy sohada O‘zbekistonni yana o‘z ta’sir doirasiga olishga intilmoqda.

- Albatta, Markaziy Osiyo chegarasi yaqinidagi vaziyatning keskinlashayotganini hisobga olsak, Toshkent va Moskva harbiy sohada hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligi tabiiy holdir. Lekin boshqa tarafdan qaralganda, mintaqadagi turli xatarlar, jumladan islomiy radikal kuchlar xatariga qarshi kurashda Rossiya faqat harbiy omilga suyanadi. Boshqacha qilib aytganda jiddiy inqiroz yuzaga kelganda Rossiya Markaziy Osiyoda o‘z qo‘shirlarini joylashtirish va u yerdagi inqirozni bartaraf etishga intiladi. Sobiq prezident Islom Karimov Moskvaning bunday siyosatida xatar borligini ko‘rib kelgan edi. Chunki Rossiya qo‘shinlari joylashib olgan mintaqada, Moskva o‘ziga yoqmagan hokimiyatni taxtdan almatirishi mumkin. O‘zbekiston hozirgi rahbariyati ikki yo‘ldan biri – Rossiya hukmron Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga qo‘shilish yoki Moskva yordamisiz mintaqadagi xatarlarni o‘z kuchiga tayanib bartaraf etishni tanlashi lozimdir. Endilikda O‘zbekiston yangi rahbariyati ayni shu jumboq ustida bosh qotirishiga to‘g‘ri keladi, dedi Aleksandr Gols.

Harbiy ekspert Aleksandr Gols fikricha Toshkent va Moskva munosibatlarining faollashayotganiga qaramasdan O‘zbekiston rahbariyatidagi gruhlar orasida Toshkentning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti ( KXShT)ga a’zo bo‘lishi borasida yakdillik yo‘q. Aleksandr Golьtsga ko‘ra, ko‘rinishidan O‘zbeksiton harbiy-xafsizlik masalasida sobiq prezident Islom Karimov hukmronligi davridagi siyosatni davom ettiradi.

O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti( KXShT)-dagi a’zoligini ikki marotiba to‘xtatgan edi. Oxirgi marotiba O‘zbekiston 2012 yilda KXShTdagi a’zoligini to‘xtatdi.

XS
SM
MD
LG