Линклар

logo-print

Mustaqil O‘zbekiston timsoliga aylangan uchta katta monument muallifi, 71 yashar haykaltarosh Ilxom Jabborov yana san’atga qaytdi. Besh yil oldin moliyaviy tekshiruvlardan bezor bo‘lib san’atni tark qilib tog‘larda asalarichilik qilib yurgan haykaltarosh shu kunlarda davlat buyurtmasi asosida Navoiy monumentini yaratish ustida ish boshlagan.

Ozodlikka ayon bo‘lishicha¸ o‘tgan payshanba kuni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoevning Toshkent shahar saylovchilari bilan o‘tkazgan uchrashuvida haykalatarosh Ilhom Jabborovning nomini tilga olishi- san’atkorga “yangidan yoqilgan yashil chiroq” bo‘lgan.

O‘zbek zamonaviy tasviriy san’ati rivojiga buyuk hissa qo‘shgan atoqli haykaltaroshimiz Ilhom Jabborov, ijodi haqida har qancha faxrlanib gapirsak, arziydi¸ deya ta’kidlagan edi O‘zbekistonning muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoev.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston timsoliga aylangan “Amir Temur”, “Motamsaro ona” hamda “Ko‘hna va boqiy Buxoro” asarlari muallifi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Ilhom Jabborovga yaqin manbalarning aytishicha¸ keyingi bor oy ichida san’atkorga rasmiylarning munosabati o‘zgargan:

- Munosabat yaxshilandi. Bitta misol Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi adabiët universiteti oldidagi maydonga (Sobiq Nizomiy pedagogika universiteti.taxr) o‘rnatiladigan Alisher Navoiy haykalini ishlash Ilhom Jabborovga topshirildi. Ilxom Jabborov ustidan ochilgan ma’muriy ishlar¸ jarima sanksiyalari bekor qilindi. Ustoz san’atkor shu kunda faqat ijod bilan band, - deydi suhbatdosh.

Haykaltaroshni yaqindan bilgan va ismi aytilishini istamagan o‘zbek mulozimiga ko‘ra¸ san’atkor shu kunlarda o‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov haykali ustida ham ishlamoqda:

- Usto otday! "Kishnab" ishlab yotibdi. Marhum prezident bilan yaqindan muloqot qilgan realist haykaltarosh sifatida Karimov haykali loyihasi ustida ishlayapti. Kechagina Afg‘onistondan keldi. General Do‘stim aka u kishini o‘zi bilan olib ketib Mozori- Sharifda Afg‘oniston ozodligi uchun bo‘lgan janglarda halok bo‘lgan barcha o‘zbek o‘g‘il-qizlari xotirasiga o‘rnatiladigan monument loyixasini qilib berishini iltimos qilib, joylarini ko‘rsatib keldi. Xozir chizib yotibdi. Sal oldin Termizdagi "Motamsaro Ona" xaykalini ishlab o‘rnatdi. O‘zbek - afg‘on "Do‘stlik" ko‘prigi atrofidagi bojxona kompleksi xududiga turkum park- xiebon dekorativ plastikasini ishlab berdi. Xozirgi kunlarda Prezident Farmoni bilan Nizomiy Pedagogika Universiteti bazasida qayta tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi universiteti oldidagi , avval Frunze ot minib turgan xaykal urniga 5 metrlik , kichkinagina Navoiy xaykalini Kamol ukasi bilan ishlab tugallash arafasida. Alisher Navoiyning tavallud kuniga ochish rejalangan shekilli. Ishlari, kayfiyati, dimog‘i, daromadi yaxshi. Ancha o‘zini tutib olibdi¸ deydi suhbatdosh.

Yaqinlarining aytishicha, haykaltarosh O‘zbekiston prezidenti bilan baxslashishga jur’at qilgani bois istalmagan shaxsga aylangan edi.

Uni yaqindan bilganlar san’atkorning asalari boqish uchun tog‘larga chiqib ketganini aytgan edilar.

- Bir me’mor do‘sti bilan bir-ikkita bolari uyasini sotib olib, tog‘larga chiqib ketdi. Hozir Ilhom Jabborov dunyodan qo‘l siltab, dunyodan uzilib, tog‘ bag‘rida yashab yuribdi. Prezidentning haykaltaroshi degan “maqom”dan mosuvo bo‘lgandan keyin Ilhom Jabborov oshkora kamsitishlar bilan yuzma-yuz bo‘ldi, keyin esa chidamasdan uzlatga chekindi¸ degan edi rassom Vyacheslav Oxunov.

O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligiga yaqin manbaning aytishicha, Ilhom Jabborov uzlatga ketishidan oldin moliyaviy tekshir-tekshirlar markazida qolgan.

- Ilhom aka "Ona" haykalini va “Ko‘hna va boqiy Buxoro" majmualarini ishlaganda, u haykallarga sarf bo‘lgan materiallarni to‘lashi kerak bo‘lgan tashkilotlar to‘lamagan. Keyin hamma harajatni bechora Ilhom akamni bo‘yniga ilib qo‘yishdi, yuz millionlab pulni. Bechora shuncha mehnat qildi, kechani kecha, kunduzni kunduz demay, kasal holida, har kuni pachkalab dori ichib muddatiga bitirib berdi. Biroq, keyin bechoraga ish haqini berish o‘rniga uni bo‘yniga, "o‘lganning ustiga tepgan" deganlaridek sarflangan materiallarni pulini osib qo‘yishdi. To‘laydigan hech bir vaqosi bo‘lmaganini bilgach, sud uni ustaxonasi va eski mashinasini "arest" qilib, konfiskatsiyaga qo‘ydi, - degan edi bundan ikki yil oldin Ozodlik manbasi.

O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligiga yaqin manbaning aytishicha, Ilhom Jabborovning butkul xonavayron bo‘lishini oldini olish uchun uning san’atini qadrlagan mulozimlardan biri kattalarga xat yozaverib, oxiri amallab, konfiskatsiyasini to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan.

Ayni manbaning bugun aytishicha “Barcha huquqiy muammolar hal bo‘lgan va atoqli haykaltaroshning ijod qilishi uchun hukumat barcha sharoitlarni yaratgan”

Rassomlar Ilhom Jabborov va Rahim Ahmedov

Rassomlar Ilhom Jabborov va Rahim Ahmedov

Ilhom Jabborov sovet davrida Furqat, Mashrab va Navoiy kabi o‘zbek ziyolilarning haykalini yasagan bo‘lsa, O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin Toshkent markazidagi Amir Temur haykalini bunyod qilib bronzadan quydirdi.

Markaziy Osiyodagi ilk Amir Temur haykalini 1993 yili yasagan Ilhom Jabborov dunyodagi ko‘plab obro‘li ko‘rgazmalarda o‘zbek san’atini tamsil qilgan.

XS
SM
MD
LG