Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:22

Bishkekda Azimjon Asqarovning sudi davom etmoqda


Azimjon Asqarov sud jarayonida.
Azimjon Asqarov sud jarayonida.

Sudning navbatdagi yig‘ilishida Azimjon Asqarov ko‘rsatma berib, qiynoqlarga solingani ortidan o‘ziga nisbatan bildirilgan ayblarni tan olishga majbur bo‘lganini aytdi. Asqarov 2010 yilgi O‘sh voqealaridan oldinroq hukumat a’zolarini Bozorqo‘rg‘on tumaniga noma’lum odamlar qurol olib kelayotganidan ogohlantirganini, ammo hukumat rasmiylari bu bildiruvga e’tibor bermaganini ham ta’kidladi.

Chuy viloyat sudida etnik o‘zbek huquq faoli Azimjon Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqish jarayoni davom etmoqda. Sudning navbatdagi yig‘ilishida Asqarovning ko‘rsatmalari tinglandi. Huquq faoli O‘sh qirg‘inini paytida Bozorqo‘rg‘on tumanida tartibsizliklarni uyushtirishda va militsiya xodimi Miqtibek Sulaymanovni o‘ldirishda ishtirok etmaganini bildirdi.

-Qamoqqa olinganimidan keyin birinchi va ikkinchi kunlari meni faqat kaltaklash bilan shug‘ullanishdi. Mening boshimga to‘pponcha bilan urib, boshimni yorishganidan so‘ng tergovchilarning hamma savollariga tasdiq javobini berishga majbur bo‘ldim. Boshimdan qon tomchilab turgan bir paytda menga ayblarimni tan olganim to‘g‘risidagi hujjatga qo‘l qo‘ydirishdi. Bu hujjatga ham qon tomib qolganini sezishganidan keyin bir necha kun o‘tib, uni menga yana qayta yozdirishdi. Chap qo‘lim bilan boshimni uqalab, o‘ng qo‘lim bilan tushuntirish xati yozganman, -dedi Azimjon Asqarov.

Oktabr oyidan beri davom etayotgan sud jarayonlarida qator guvohlar Azimjon Asqarov haqiqatan ham ayovsiz qiynoqlarga solingani haqida ko‘rsatma berishgan. Ko‘plab guvohlar esa Asqarovni tartibsizliklar bo‘lgan va militsiya xodimi o‘ldirilgan joyda ko‘rmaganini bildirishgan.

2010 yilda qamoqqa olinguniga qadar Asqarov Jalolobod va Bozorqo‘rg‘on militsiyasida hamda prokuraturasida korruptsiya holatlari, odamlarnining qiynoqqa solinishiga qarshi kurashib kelgan. Buning ortidan ko‘plab militsiya xodimlari ishdan bo‘shatilib, ayrimlari jinoiy javobgarlikka ham tortilgan edi.

Shundan kelib chiqqan holda Asqarov sudda o‘ziga nisbatan jinoyat ishi o‘ch olish maqsadida sohtalashtirilganini aytdi. Huquq faoli ishini o‘rgangan xalqaro tashkilotlar ham Asqarovga nisbatan jinoyat ishi sohtalashtirilganiga ishonilishini ko‘p yillardan beri aytib keladilar.

Asqarov sudda bergan ko‘rsatmasida 2010 yilning iyulida Bozorqo‘rg‘on tumaniga noma’lum shaxslar qurol olib kelgani to‘g‘risida o‘sha paytdagi mudofaa vaziri Ismoil Isaqovni ogohlantirgani, ammo vazir bu bildiruvni e’tiborga olmaganini ham ma’lum qildi.

Asqarovga ko‘ra, 2010 yilda Bosh vazirning kuchishlatar tuzilmalar bo‘yicha o‘rinbosari Azimbek Beknazarov va o‘sha paytdagi Ombudsmen Tursunbek Akun uni qamoqdan bo‘shatishga va’da bergan.

Biroq Ozodlik radiosi savoliga javob bergan Azimbek Beknazarov Asqarovga bunday va’da berganini rad etdi:

-Men sudning ishiga aralashgan emasman. Bu tergov va sud organlarining vakolati. Sudga ham, tergovchiga ham bu to‘g‘rida hech qanday ko‘rsatma bergan emasman, -dedi Azimbek Beknazarov.

Ombudsmen lavozimida ishlab turgan paytda Ozodlik radiosiga Azimjon Asqarovni umrbod qamoq jazosidan ozod qilish bo‘yicha xalqaro qo‘mita tuzish tashabbusini ko‘targani haqida bir necha marta gapirgan Tursunbek Akun esa Azimjon Asqarovning qiynoqlarga solingani tasdiqlanmagan, deb ma’lum qildi:

-Azimjon Asqarovning kaltaklanganini tekshirish bo‘yicha tuzilgan komissiya uning qiynoqlarga solingani faktlarini aniqlay olgan emas. Bu gap tasdiqlanmagan, -dedi Tursunbek Akun.

Chuy viloyat sudining 1 noyabrda o‘tgan yig‘ilishida guvohlar ayovsiz kaltaklanganlari oqibatida Asqarovga qarshi ko‘rsatma berishga majbur bo‘lganini aytgan edilar.

Joriy yilning aprel oyida BMT Inson huquqlari qo‘mitasi Asqarov ishini o‘rganib chiqib, qirg‘iz hukumati Asqarovni zudlikda qamoqdan bo‘shatishi shart, degan qarorni chiqargan edi.

Shundan so‘ng 12 iyulda Qirg‘iziston Oliy sudi Asqarovga nisbatan ikkinchi va uchinchi sud instantsiyalari chiqargan umrbod qamoq jazosini bekor qilib, ishni qayta ko‘rib chiqish uchun Chuy viloyat sudiga jo‘natgan.

Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqish Chuy viloyat sudida oktyabr oyida boshlangan.

Sud jarayonini xalqaro tashkilotlar vakillari va Yevropa Ittifoqi davlatlari diplomatlari kuzatib bormoqda.

Azimjon Asqarovga o‘tgan yili AQSh Davlat departamentining “Inson huquqlari faoli” mukofoti topishirilgan edi. Shundan so‘ng Bishkek hukumati norozilik sifatida Vashington bilan imzolangan o‘zaro hamkorlik shartnomasini bekor qilgan.

XS
SM
MD
LG