Линклар

logo-print

Kreyg Myurrey: Mirziyoev sovet uslubidagi boshqaruvchilardan...


Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi, yozuvchi va inson huquqlari faoli Kreyg Myurrey /

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi, yozuvchi va inson huquqlari faoli Kreyg Myurrey /

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi, yozuvchi va inson huquqlari faoli Kreyg Myurrey (Craig Murray) yaqinda "Amerika Ovozi" bilan skayp orqali suhbat davomida O‘zbekistonda kechgan yillarini esladi, bo‘lajak saylovlar va Shavkat Mirziyoev haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Odil Ro‘zaliev (Amerika Ovozi): Siz O‘zbekistonni 2004-yilda ikki yillik elchilikdan so‘ng tark etdingiz. Bu eng qisqa davom etgan elchilik bo‘lgan bo‘lsa kerak, shunday emasmi?

Kreyg Myurrey: Ha, shunday. Aslida uch yil ishlashim kerak edi, lekin ikki yildan keyin ketdim.

Odil Ro‘zaliev: Nega bunday bo‘ldi?

Kreyg Myurrey: O‘zbekiston hukumati bilan aloqalarimiz xususida davlatimiz siyosatiga qo‘shilmaganim bunga sabab bo‘ldi. Mening nazarimda, xavfsizlik masalalarini ustun qo‘yib, AQSh bilan ittifoqchiligimiz, Qarshidagi harbiy bazani ustun qo‘yib, O‘zbekiston hukumatini yetarlicha tanqid qilmaganmiz, inson huquqlari muammolariga ko‘z yumganmiz sabab bo‘ldi.

Odil Ro‘zaliev: O‘zbekistondagi voqealarni, xabarlarni haliyam kuzatib turasizmi?

Kreyg Myurrey: Albatta. O‘zbekistonda ko‘p do‘stlarim qolgan. Mamlakat taqdiri bilan haligacha qiziqaman.

Odil Ro‘zaliev: O‘zbekiston Sovet paytidan keyingi chorak asrlik tarixida ikkinchi rahbar saylanish arafasida ekanidan xabaringiz bor. Bu lavozimga imkoniyati yuqori hisoblangan nomzod siz O‘zbekistonda ishlayotgan paytingizda bosh vazirlikka tayinlangan edi, 2003-yilda. Shavkat Mirziyoev bilan tanishmidingiz?

Kreyg Myurrey: Ha, u odam bilan Samarqandda hokim bo‘lgan paytida bir necha bor uchrashganman.

Odil Ro‘zaliev: U shaxs haqida fikringiz qanday?

Kreyg Myurrey: U qattiqqo‘l odam. Samarqandda, undan oldin esa Jizzaxda viloyat hokimi bo‘lgan mahal tuzumning ba’zi shafqatsiz amaliyotlarida qatnashganini bilaman. U tuzumning G‘arbga moyilligi kamroq bo‘lgan, xorijga kamroq safar qilgan vakillaridan edi. Hatto bosh vazir bo‘lganidan so‘ng ham chet elga ko‘p chiqmagan, G‘arb bilan tanish emas. Uni sovet uslubidagi boshqaruvchilardan, apparatchik deb bilaman. O‘zbek elitasining zamonaviylik, taraqqiyot haqida o‘ylaydigan vakillaridan bo‘lmagan.

Odil Ro‘zaliev: Sizningcha inson vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi mumkinmi?

Kreyg Myurrey: Albatta odamlar vaqt o‘tishi bilan o‘zgaradi. Ba’zida ular kutilmagan ishlarni qilishi mumkin. Mirziyoev o‘zgarganmi, yo‘qmi, uni kelasi 1-2 yilda bilamiz. Lekin o‘tmishdagi faoliyatini hisobga oladigan bo‘lsak, undagi o‘zgarishlarni ko‘rishimiz uchun olamshumul ishlarni qilishi kerak. O‘tmishdagi hech bir amali Mirziyoevning islohotchi ekaniga ishora qilmaydi.

Odil Ro‘zaliev: U holda O‘zbekistondagi so‘nggi jarayonlardan xabaringiz bo‘lsa kerak. Ba’zilarini marhum Islom Karimov paytida hatto tasavvur ham qilib bo‘lmasdi. O‘zbekiston ijobiy o‘zgarishlar bo‘sag‘asida turibdi desak bo‘ladimi?

Kreyg Myurrey: Shunday degan umiddaman. Men shaxsan bunga ishonmasamda. Qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan tashabbuslarni ijobiy deb qabul qilaman. Ayniqsa, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan. So‘nggi yillarda bu mamlakatlar bilan suv va chegara yuzasidan ko‘p tortishuvlar bo‘lib, muammo to‘planib borayotgan edi. Uning vafotidan so‘ng endi mintaqaviy aloqalarni yaxshilashga imkon tug‘ildi. Mirziyoev tashqi aloqalarni yaxshilab, o‘tmishda bo‘rttirilgan muammolarni ko‘ngliga yaqin olmayotgani ijobiy holatdir. Mintaqaviy hamkorlik kuchayishiga umid bor. Biroq ichki siyosatda islohotdan hozircha darak yo‘q. Albatta, islohotlarga ishora qiluvchi ayrim qadamlarni ko‘ryapmiz, biroq ularni fundamental qadamlar deb bo‘lmaydi. Agar dekabrga belgilangan prezident saylovlarini oladigan bo‘lsak, nomzodlar orasida muxolifat yo‘q. Sovet uslubidagi partiyalardan chiqqan to‘rttala nomzod hukumat tizimidagi bir doiraga mansub bo‘lib, barchasi Karimovni qo‘llab-quvvatlardi. “Erk”, “Birlik” “Serquyosh koalitsiya” va boshqa haqiqiy muxolif guruhlar yoki xorijda yashayotgan muxolifatchilarning hech biri saylovga yaqinlashtirilmagan. Tuzum asoslarida o‘zgarishlarni ko‘rmayapmiz.

Odil Ro‘zaliev: Qisqa muddat ichida ko‘plab o‘zgarishlarni amalga oshirishning iloji bo‘lmasa kerak, shunday emasmi?

Kreyg Myurrey: Haq gap. Shuning uchun kamida ikki yil o‘tsin. Shundagina yakuniy xulosaga kelishimiz mumkin - islohotlar uchun imkoniyatlar eshigi ochildimi yoki hayot eski uslubda davom etmoqdami. Iqtisodiyotda xususiylashtirish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligida; paxtaga tobelikdan qutulish, paxta sanoatida majburiy mehnatga chek qoyish kabilar haqiqiy o‘zgarishlardan darak bo‘lishi mumkin, ammo hozir hech birini ko‘rmayapmiz.

"Amerika ovozi"dan olindi

XS
SM
MD
LG