Линклар

logo-print

Buxorolik ona: Mirziyoev nohaq qamalgan o‘g‘limni ozod etsin!


Hursand Rajabovaning o‘g‘illari Rahim va Ilhom Ibodovlar o‘tgan yil avgust oyida qamalgan, bir oy o‘tib qamoqdan Ilhomning o‘ligi chiqqan edi.

Hursand Rajabovaning o‘g‘illari Rahim va Ilhom Ibodovlar o‘tgan yil avgust oyida qamalgan, bir oy o‘tib qamoqdan Ilhomning o‘ligi chiqqan edi.

Buxorolik Xursand Rajabova 44 yashar tadbirkor o‘g‘lining qamoqxonadagi shubhali o‘limi yuzasidan batafsil, xolis va shaffof tekshiruv o‘tkazish hamda o‘zbek qamog‘ida qolayotgan yana bir o‘g‘lini ozod etishni so‘rab mamlakat muvaqqat rahbari Shavkat Mirziyoevning virtual qabulxonasiga murojaat etgani, lekin murojaatidan bir oy o‘tib ham javob olmaganini Ozodlikka aytdi. 28 noyabr kuni Xyuman Rayts Uotch, Inson huquqlari uchun xalqaro sheriklik, Norvegiya Xelsinki qo‘mitasi va Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi O‘zbekiston hukumatini aka-uka Ibodovlarning qamoqxonada qiynoqlarga solinishi holatini tergov qilishga chaqirdi.​

Rajabovaning o‘g‘illari Rahim va Ilhom Ibodovlar o‘tgan yil avgust oyida qamalgani, bir oy o‘tib qamoqdan Ilhomning o‘ligi chiqqani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

75 yoshli hoji ona Ozodlik bilan suhbatda farzandlari haqsizlik qurboni bo‘lgani Mirziyoevdan adolat istayotganini aytdi.

- Ikki o‘g‘lim tadbirkor edi. Magazindan bosib olib ketib, bittasini 28 kun deganda o‘ldirib olib kelib berdi. Yana bittasini sakkiz yilga kesishdi. Shavkat Mirziyoevdan haqsiz qamalgan Rahimjon o‘g‘limni qamoqdan ozod etishini, yana bir o‘g‘limni qiynab o‘ldirganlarni jazolashni so‘rayman, - deydi Hursand Rajabova.

Buxoro shahridagi “Sitora” avtomobilь bozorida tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgan 44 yoshlik Ilhom Ibodov va uning akasi 48 yoshlik Rahim Ibodovlar o‘tgan yil 16 avgust kuni savdo qoidalarini buzganlik va noqonuniy valyuta oldi-sotdisini tashkil qilganlikda ayblanib, hibsga olingan edi.

Ularga tijorat qoidalarini buzish va noqonuniy xorijiy valyuta savdosini tashkillashtirish aybi qo‘yilgan.

Aka-ukaning oilasi va omon qolgan Rahim Ibodovning suddagi ko‘rsatmalariga ko‘ra, Ibodovlarni muntazam ravishda kaltaklashgan va qiynoqlarga solishgan. Buning natijasida og‘ir jismoniy shikastlardan Ilhom Ibodov 13 sentabrda hibsxonada jon bergan.

Yaqinlari qamoqdan chiqqan murdaning qorin va bel qismlarida ko‘kargan joylari va oyog‘ida jarohatlari bo‘lganini aytishdi va fotosuratini Ozodlikka jo‘natishdi.

Ilhom Ibodovning qamoqdan yuborilgan jasadi.

Ilhom Ibodovning qamoqdan yuborilgan jasadi.

28 noyabr kuni Xyuman Rayts Uotch, Inson huquqlari uchun xalqaro sheriklik, Norvegiya Xelsinki qo‘mitasi va Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi O‘zbekiston hukumatini aka-uka Ibodovlarning qamoqxonada qiynoqlarga solinishi holatini tergov qilishga chaqirdi.

Bundan avval Fransiyadagi "O‘t yuraklar klubi" inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti buxorolik Ilhom va Rahim Ibodovlarning qiynoqqa solingani yuzasidan BMT ning inson huquqlari qo‘mitasiga shikoyat topshirgan edi.

Buxoro viloyat sud-tibbiyot ekspertizasi Ilhom Ibodov o‘limi sabablarini o‘rganib, mahbus tergov izolyatorida yurak xurujidan vafot etgan, degan xulosani chiqargan.

Lekin marhumning singlisi Dilfuza Ibodova akasining yuragi bilan bog‘liq muammosi bo‘lmaganini aytadi.

- To‘g‘ri, yurak xurujidan, o‘z ajali bilan o‘ldi, deb bizga ham aytishdi. Lekin, biron marta akam yuragim og‘riydi, deb aytmagandi, - deydi Dilfuza Ibodova.

Qiynoqlar O‘zbekiston turmalarida va politsiya bo‘linmalarida juda keng tarqalgani aytiladi.

BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasiga ko‘ra, qo‘lga olinganlardan iqrorlik ko‘rsatmalarini olish maqsadida ularni kaltaklash va zo‘rlash sistematik tus olgan.

Qo‘mitaga kelib tushgan arizalarga muvofiq, ba’zi hollarda hibsga olinganlar qiynoqlardan vafot etmoqda.

XS
SM
MD
LG