Линклар

logo-print

Moskva shahar sudi namanganlik Jahongir Normatovni Rossiyadan deportatsiya qilishga oid Perov tumani sudi chiqargan qarorni bekor qildi. Bundan 3,5 oy oldin Perov tumani sudi namanganlik mehnat muhojirini migratsiya qonunlarini buzganlikda aybdor deb topib, Normatovni Rossiyadan deportatsiya qilish bo‘yicha qaror chiqargan edi. O‘z navbatida Rossiya migratsiya qonunlarini buzmaganini da’vo qilgan o‘zbek muhojiri Moskva shahar sudida o‘zining haqligini isbotladi, ya’ni Perov tumani sudida o‘zini Normatov Jahongir deb tanishtirgan shaxs soxta Jahongir bo‘lgani isbot qildi.

Namanganlik mehnat muhojiri Jahongir Normatov boshiga tushgan muammo haqida Ozodlik bir oy oldin yozgan edi.

Moskvaning Perov tumani sudi joriy yilning avgust oyida Normatovni migratsiya qonunlarini buzganlikda aybdor deb topib, uni Rossiya hududidan chiqarib yuborish to‘g‘risida oid qaror chiqargan edi.Jahongir Normatovning Ozodlikka aytishicha, o‘zining deportatsiya etilayotgani haqidagi xabarni tasodifan bilib qolgan va o‘zi qatnashmagan sudda “qanday deportatsiyaga tushganini”dan “gangib” qolgan.

Perov tumani sudi majlisida o‘zini Jahongir Normatov deb tanishtirgan boshqa bir o‘zbek muhojiri qatnashgan. Yonida biror hujjat bo‘lmagan soxta “Jahongir”dan sud xodimlari barmoq izlari olgan, biroq soxta “Jahongir”ning barmoq izlari politsiya ma’lumotlar bazasidagi barmoq izlari bilan solishtirilmagan.

Jahongirning aytishicha bir necha yil oldin temir kesib yuborgan barmog‘i, uning deportatsiyadan qutqilishida, haq ekanligini tasdiqlashda muhim rol o‘ynagan.

- O‘zbekistonda ishlaganimda temir ikki barmog‘imni bosib yuborgan, bir barmog‘imning yarmi yo‘q. Men avval kelganimda ishga ruxsatnoma (patent) olish paytida mendan barmog‘ izlari olishgandi. Shu meni qutqardi. “Grajdanskoe sodeystvie” tashkiloti va advokatim Filip Shishovga rahmat. Ular bo‘lmagandan edi, meni deportatsiya qilib yuborishardi, dedi Jahongir.

Jahongirning advokati Filip Shishovning Ozodlikka aytishicha, Moskva shahar sudi Jahongir Normatovni Rossiyadan deportatsiya qilishga oid Perov tumani sudi chiqargan qarorni bekor etganini, "erishilgan g‘alaba” deb baholadi. Advokat Shishovning fikricha Jahongir ishi, Rossiyada politsiya va sud idoralarining mehnat muhojirlariga bo‘lgan munosabati yomon ekanligiga yaqqol dalildir.

- Ayrim politsiya va sud xodimlari o‘z vazifasiga yuzaki yondoshib, muhojirlarda hujjat bor yo yo‘qligini so‘rab o‘tirmasdan, deportatsiya qilishni davom ettirishadi. Bu inson huquqlarini keng ko‘lamda poymol etilishini bildiradi. Bunday yondoshuvdan asosiy maqsad, mening fikrimcha, Rossiyadan mehnat muhojirlarini mumkin qadar ko‘proq chiqarib yuborishdir. Ba’zi hakamlar bir kunda 90 nafargacha mehnat muhojiri ishini ko‘rib chiqishadi. Afsus, o‘z huquqini talab qilib oxirgacha kurashayotgan, Jahongir Normatovga o‘xshash muhojirlar kam topiladi. Jahongirning tirishqoqligi, qo‘rqmasligi bois u o‘zining haq ekanligini sudda isbot eta oldi, dedi advokat Filip Shishov.

Jahongir Normatov boshiga tushgan muammo hal etilgach, O‘zbekistonga ketishga qaror qildi.

XS
SM
MD
LG