Линклар

logo-print

Joriy yil iyulida Toshkent aeroportida O‘zbekiston maxsus xizmatlari tomonidan ushlangan va taqiqlangan diniy material olib kirishga urindi, degan ayblov bilan 3 yarim oy hibsda saqlangan Qozog‘iston fuqarosi, 27 yashar Vohidjon Niyozov uyiga qaytdi. Ozodlikka bugun ma’lum bo‘lishicha, noyabr o‘rtalarida ozod qilingan Vohidjonning pasportiga "5 yilgacha O‘zbekistonga kirishi mumkin emas", degan muhr bosib berishgan. Lekin bu muhrsiz ham qozog‘istonlik yigit O‘zbekistonga bundan buyon bormoqchi emas.

Vohidjonning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati vakillari uni telefonidan taqiqlangan diniy materiallar chiqqani uchun qo‘lga olgan va amnistiya akti qo‘llanib, 11 noyabr kuni sud zalidan ozod qilingan.

Janubiy Qozog‘istonning Sayram tumanida istiqomat qiladigan Vohidjon Niyozov shu yilning 28 iyulida Janubiy Koreyadan uchib kelgan chog‘ida Toshkent xalqaro aeroportida ushlangan edi. O‘sha kezda Ozodlikka murojaat qilgan yaqinlari uning O‘zbekiston maxsus xizmatlari tomonidan ushlangani, ammo uning taqdiriga oid hech bir ma’lumot berilmaganini da’vo qilgan.

Endilikda buni tasdiqlagan Vohidjonning aytishicha, qo‘l telefonida qayd etilgan ijtimoiy tarmoqlardan birida ulashilgan diniy mazmundagi videomaterialga ovoz bergan o‘zbek tarjimoni "taqiqlangan odam", deb topilgan va unga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 246-moddasi asosida ayblov qo‘yilgan:

- Aslida telefonimda marhum Muhammad Sodiq Muhammmad Yusuf, toshkentlik Qobil qori, Qosim qori, Muhammad Ishoq qorilarning ma’ruzalari bor edi. Bularni tekshirishdi va orasidagi "bir ma’ruzaning tarjimoni taqiqlangan odam", deyishdi. Lekin, u tarjimon kim, nima uchun taqiqlanganini aytishmadi. Men ham bilmayman, uning kimligini. Gruppadagilar tashlagan video bo‘lgan-da. Haligacha aniq tushunmadim, konkret nima uchun meni qo‘lga olishganini, to‘g‘risi, - deydi Vohidjon Ozodlik bilan suhbatda.

Vohidjonning aytishicha, uning bu ma’ruzalar taqiqlanganidan xabari bo‘lmagan. O‘z vaqtida Ozodlik Niyozov taqdiri yuzasidan Qozog‘istonning Toshkentdagi elchixonasiga murojaat qilgan, konsullik xizmatidan Niyozov himoyasi uchun zaruriy yordamga tayyor ekani haqida javob olgan edi. Endilikda Vohidjon o‘ziga oilasi, konsul va advokatga murojaat qilish imkoni berilmaganini aytmoqda.

Shu tariqa, qariyb 3 yarim oy Milliy xavfsizlik xizmati (MXX)ning Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi hibsxonasida saqlangan Niyozov aslida maxsus xizmatlarning bunday tekshiruvlariga e’tirozi yo‘qligini aytmoqda:

- Hukumat tekshirsa, endi bu ham O‘zbekistonning tinchligi uchun. Mayli. Faqat buni odamgarchilik doirasida qilishsa, yaxshi edi. Masalan, meni soqolim uchun shubha qilishib, to‘xtatishdi. Lekin, mayli. Mening O‘zbekistonga da’voim yo‘q, o‘zlarining tinchligi uchun qilishaverishsin. Menga 5 yillik deport urib berishdi, men endi bu davlatga baribir bormayman, - deydi Vohidjon Niyozov.

MXX hibsxonasida unga nisbatan ruhiy bosim yoki qiynoq qo‘llanilganiga oid savollarga javob berishni istamagan Vohidjon: "Hammasi ortda qoldi, men sog‘-salomatman", deyish bilan cheklandi.

Vohidjon Niyozovga qo‘llangan O‘zbekiston JKning 246-moddasida "taqiqlangan diniy-ekstremistik materiallarni mamlakatga olib kirish" jinoyati nazarda tutilgan va buning uchun 5 yildan 20 yilga qadar qamoq jazosi belgilangan.

Vohidjonning otasi - Ne’matjon Niyozov o‘g‘lining taqdiriga e’tibor qaratgan tashkilotlar, jumladan, Ozodlik radiosiga minnatdorchiligini bildirdi. Ayni paytda, o‘g‘lini aybsiz, deb bilishi, ammo uning oqlanishi uchun harakat qilish niyatida emasligini aytdi.

Bunga qadar 2012 yilda Qozog‘iston fuqarosi Ermek Ko‘shmagambetov chegarada qo‘lga olingan va planshetidan chiqqan diniy materiallar ekstremistik, deb topilgani uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Keyingi paytlarda Qirg‘iziston va Rossiyaning bir necha fuqarosi O‘zbekiston chegarasida taqiqlangan diniy-ekstremistik mazmundagi elektron ma’lumotlar bilan ushlangani Ozodlikka ma’lum.

Jumladan, Rossiya fuqaroligini olgan qirg‘izistonlik 34 yoshli Baxtiyor Xudoyberdiev ham 2016 yilning 8 yanvarida Janubiy Koreyadan Toshkentga uchib borgan va xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan aeroportda ushlanib, noma’lum manzilga olib ketgan edi. O‘shlik inson huquqlari himoyachisi Izzatillo Rahmatullaev Xudoyberdiev 6 yilga ozodlikdan mahrum qilinganini xabar qilgan.

Qirg‘izistonning O‘sh shahrida tug‘ilib o‘sgan, keyinchalik Rossiya fuqaroligini olgan 29 yashar Zuhriddin Abduraimjonov 2016 yilning 25 mayida telefonidan diniy mazmundagi materiallar topilgani uchun chegarada ushlangan va oktyabrь oyi oxirida O‘zbekiston sudi hukmi bilan 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

O‘zbekiston kuch ishlatar tuzilmalari esa diniy motivlar asosida qo‘lga olingan xorij fuqarolari yuzasidan Ozodlik murojaatlarini javobsiz qoldirib keladi.

XS
SM
MD
LG