Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:51

Olmaotada chaqalog‘ini kaltaklagan ona o‘zbekistonlik bo‘lib chiqdi


Uch hafta davomida ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan videodagi bolasini kaltaklagan ayol O‘zbekiston vatandoshi ekani ma’lum bo‘ldi. Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari Olmaota shahrida olingan ushbu videodagi ayol ustidan ochilgan jinoyat ishini o‘zbek hamkasblariga topshirayapti. Ayolga nisbatan farzandiga beshafqat munosabatda bo‘lgani uchun, shuningdek, davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish va migratsiya qonunchiligini buzish ayblovlari ilgari surilayapti.

11 noyabr kuni qozog‘istonlik yuzer tomonidan Instagram tarmog‘iga joylashtirilgan videoda noma’lum ayol yosh go‘dakni kaltaklayotgani tasvirlangan.

Videoda qariyb bir minut davomida ayol bolaning yuziga ketma-ket uradi. Kaltak zarbidan bola har urganda bir uchib tushadi.

"Jap! Jap auzdi!" – “Yop, yop og‘zingni” deydi ayol kaltak davomida.

“Bizni go‘dakning taqdiri xavotirlantirayapti”, deya videoni Instagramga joylashtirgan yuzer go‘dakni izlab topishga chaqiradi:

“Berahm ona tanishimning qo‘shnisi, videoni tanishimning 8 yashar qizchasi suratga olgan”.

Videoda kaltaklanayotgan go‘dak - Ayaru ismli qizaloq ekani, uning onasi qozog‘istonlik emasligini yozgan yuzer ona-bolani izlashgani, biroq ular oldingi joyida yashamayotganini ham qo‘shimcha qilgan.

Video o‘tgan uch hafta davomida ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.

Noyabr o‘rtalarida Qozog‘iston politsiyasi video bo‘yicha jinoiy ish ochilgani, voqea Olmaota yaqinida sodir bo‘lgani haqida e’lon qildi.

Ozodlik ushbu videoni Instagramga joylashtirgan qozog‘istonlik yuzer bilan bog‘landi, biroq u hozirda politsiya bu ish bilan shug‘ullanayotgani uchun intervyu bera olmasligini bildirdi.

30 noyabr kuni Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi videodagi ayol O‘zbekiston vatandoshi ekani aniqlanganini ma’lum qildi:

“U O‘zbekiston vatandoshi, jinoyatni bizning hududda qilgan. Hozir u o‘z vatanida. Shuning uchun tezkor xodimlarimiz borib-kelishdi, uni so‘roq qilishdi”, deya matbuotga ma’lum qilgan Qozog‘iston Ichki ishlar vaziri Kalmuxanbet Kasimov ayol o‘zbekistonlik bo‘lgani uchun unga nisbatan ochilgan jinoiy ish O‘zbekistonda ko‘rib chiqilishini bildirdi.

Kasimovga ko‘ra, hozirda mazkur ishni O‘zbekistonga topshirish masalasini Qozog‘iston Bosh prokuraturasi o‘rganmoqda.

Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ayol Qoraqalpog‘istonda yashaydi va unga nisbatan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 140-moddasiga ko‘ra jinoyat ishi ochilgan. Ushbu moddada voyaga yetmagan bolasiga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgan ota-ona jinoiy javobgarlikka tortilishi qayd qilingan.

Ozodlik mazkur video bilan bog‘liq tafsilotlarni o‘rganayotgan qozog‘istonlik jurnalistlardan olgan ma’lumotga ko‘ra, videodagi ayol Olmaotadagi bozorlardan birida ishlagan, video olingan paytda u ikkinchi bolasiga homilador bo‘lgan. Ayol bolasini tug‘ib, O‘zbekistonga ketganidan bir necha oy o‘tib, mazkur video tarmoqlarga chiqqan.

Qozog‘iston IIVga ko‘ra, o‘tkazilgan tergov-surishtiruv ishlari natijasida ayolga nisbatan yana ikkita modda bo‘yicha - davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish va migratsiya qonunchiligini buzish ayblovi ham ilgari surilayapti.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi manba mazkur videodagi ayol Qoraqalpog‘istonda yashashi va noyabr oxirida Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari vakillari kelib, uni so‘roq qilib ketganini Ozodlikka tasdiqladi.

Manba tergov ketayotgani bois ayolning ismi-sharifi va u bilan bog‘liq boshqa tafsilotlarni ochiqlay olmasligini bildirdi.

O‘zbekiston Oila kodeksining 79-moddasiga ko‘ra, ota-onalar agar ota-onalik huquqini suiiste’mol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lsa, jumladan, jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy ta’sir ko‘rsatsa, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin.

Toshkentlik advokat Ruhiddin Komilovga ko‘ra, bolasiga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan kishilarning ota-onalik huquqidan mahrum qilish holatlari O‘zbekistonda kam bo‘lsada uchrab turadi, uning o‘zi shunday ishlardan bittasida ishtirok etgan.

XS
SM
MD
LG