Линклар

logo-print

O‘zbekiston poytaxtida kuydirgi kasalligi qayd etildi. Surxondaryoda qadimiy suratlar yo‘qolish xavfi ostida qolmoqda. Namanganda uch asrni ko‘rgan onaxon istiqomat qiladi.

_______________________________________________________________

Toshkentdagi umumiy ovqatlanish maskanlarida zaharlanish ko‘p qayd etilmoqda

Toshkentdagi o‘limga olib kelgan zaharlanish holati qayd etildi (“Darakchi”, 1 dekabr). Xususan, Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi “Ezgu taom” oshxonasida ovqatlanib, tobi qochgan fuqaro kuydirgi kasalligi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Sanitariya-gigiena qoidalari muttasil buzib kelingan oshxona rasman yopilganidan keyin ham uning rahbarlari xo‘randalarga yashirin xizmat ko‘rsatishga uringan. Shuningdek, Mirobod tumanida joylashgan “Amarafud” umumiy ovqatlanish shaxobchasida tayyorlangan sendvichdan 9 kishi, Chilonzor tumanidagi “Svit-chiken-fud” kafesida tayyorlangan jo‘ja go‘shtidan 3 kishi zaharlangan. Qolaversa, Toshkent bo‘yicha besh nafar bola “To‘xtaniyoz ota” firmasi ishlab chiqargan sosiskadan zaharlangani aniqlangan. Mazkur firma rahbari Muxtor To‘xtaniyozov zaharlanishga sosiskaga natriy nitrit moddasi ko‘proq qo‘shilgani sabab bo‘lganini aytgan.

Mutaxassis: Zarautsoydagi 4000 yillik qoyatosh suratlarini qutqarib qolish kerak

Surxondaryo viloyatining Zarautsoy darasi va qoyatoshlaridagi qadimiy suratlar yo‘qolish xavfi ostida qolmoqda (“Hurriyat”, 30 noyabr). “Falokat ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lmoqda. Bu noyob san’atning bizdan madad so‘rayotganiga yarim asrdan oshdi”, deydi Sherobod tuman tabiatni muhofaza qilish inspektsiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Mansur Bodiev. 1976 yili kamarda 88 ta surat ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 2001 yilga kelib uning 40 tasi qolgan. “Noyob tasvirlarning yo‘qolib ketishiga asosan inson omili sabab bo‘lmoqda. Bu yerga kelayotgan “yovvoyi sayyohlar” qadimiy suratlar ustiga yozib, chizib, uchli buyum bilan tirnab, o‘zlaridan “dastxat” qoldirishmoqda”, deb yozadi gazeta. Qayd etilishicha, Zarautsoy darasidagi suratlar 4000 yillik tarixga ega bo‘lib, ularning eng qadimiysi yuqori paleolit davriga xosdir.

118 yoshli Sa’diyaxon momo – dunyoning eng keksa ayollaridan biri

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani Ibrat mahallasida 118 yoshli Sa’diyaxon Inomova istiqomat qiladi. “Darakchi” nashriga ko‘ra, uch asrni ko‘rgan onaxon dunyoning eng keksa ayollaridan biridir. 1897 yilda tug‘ilgan Sa’diyaxon Inomova 4 qiz va 4 o‘g‘ilni voyaga yetkazgan. Uning nabirayu chevaralari esa bir mahalla. Sa’diyaxon momo 64 nafar nabira, 80 nafar chevara, 90 nafar evara va 2 nafar begonaning buvisi sanaladi. Qayd etilishicha, onaxon butun umr “Sen bermagin birovga ozor, senga ham ozor berguvchilar bor” degan hikmatga rioya qilib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG