Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:11

Namanganda yerto‘lalardan yuzlab bola topildi


Samarqandda Bosh vazir virtual qabulxonasiga yo‘llangan murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yildi. Namanganda yerto‘lalardan bedarak yo‘qolgan yuzlab bola topildi. Tibbiy ko‘rikdan vaqtida o‘tmaslik bolalar o‘limiga sabab bo‘layapti. Joriy hafta mahalliy matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_______________________________________________________________

Prokuratura Bosh vazir virtual qabulxonasiga yo‘llangan murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonunbuzarliklarni fosh qildi

Samarqand viloyat prokuraturasi O‘zbekiston Bosh vaziri virtual qabulxonasiga yo‘llangan murojaatlarni ko‘rib chiqishda mahalliy boshqaruv idoralari tomonidan qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilayotganini aniqladi (“Huquq”, 1 dekabr). Xususan, “Markazta’minot” unitar korxonasi 90 ta, Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi 51 ta, Mehnat bosh boshqarmasi 8 ta holatda murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan. Masalan, Samarqand shahridan fuqaro B. Ibadov o‘zi yashayotgan mahallada tabiiy gaz bosimi pastligi yuzasidan “Markazta’minot” unitar korxonasiga arz qilgan. Mazkur murojaat bo‘yicha arizachiga “Samarqandshahargaz” filialiga tegishli topshiriqlar berilgani haqida yuzaki javob xati yo‘llangan, xolos. Samarqand viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari Oblaqul Azimovga ko‘ra, Bosh vazir virtual qabulxonasiga yo‘llangan murojaatlar bo‘yicha 149 holatda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan va bu borada prokuratura nazorati davom ettirilmoqda.

Yerto‘lalarda yashagan bomj bolalar

Besh nafar bedarak yo‘qolgan bola Namangandagi qurilishi bitmagan uy yerto‘lasida yashab yurgani ma’lum bo‘ldi (“Postda”, 26 noyabr). Militsiya yerto‘laga kelganida yupun kiyingan bolalar sovuqdan diydirab o‘tirgan edi. 13-14 yoshli norasidalar asli Qo‘qon shahri, Chust, Pop, Andijon va Guliston tumanlaridan ekani aniqlangan. Taqdir sinovlari va oiladagi nobop muhit bois uydan chiqib ketgan bolalar 6-7 oy davomida erto‘lada jon saqlab kelgan. Namangan viloyati IIB kapitani D. Xudoyberdiev so‘nggi paytlarda boshqa viloyatlardan kelib qolgan voyaga etmaganlarning ko‘paygani, ular tilanchilik va o‘g‘rilik bilan shug‘ullanib, tunlari yerto‘la va xiyobonlardan panoh topayotganini aytgan. Joriy yil davomida birgina Namangan shahridagi yerto‘lalardan 400 nafardan ortiq kishi qo‘lga olingan bo‘lib, ularning asosiy qismi bolalardir. Ichki ishlar vazirligi nashri fuqarolarni bolalar taqdiriga befarq bo‘lmaslikka chaqiradi.

Tibbiy ko‘rikdan vaqtida o‘tmaslik bolalar o‘limiga sabab bo‘lmoqda

Surunkali kasalliklar, erta turmush kabi holatlar bilan birga onalarning tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tmasligi bolalarning tug‘ma nuqson bilan tug‘ilishi va o‘limiga sabab bo‘lmoqda (“Oila davrasida”, 1 dekabr). Bu haqda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bosh mutaxassisi Nilufar Ro‘zieva ma’lum qilgan. “O‘smir qizlarning tibbiy savodxonligi yetarli emasligi oqibatidagi erta nikohlar sonining yuqoriligi onalar o‘limining 34 foiz, bolalar o‘limining 35 foizdan ortishiga sabab bo‘ladi. Onalar o‘limi 15 foiz holatda yosh onalar tug‘rug‘iga to‘g‘ri keladi. So‘nggi homiladorlikdan keyin 3-4 yil o‘tmasdan homilador bo‘lish oqibatida bolalar o‘limi 2,5 martaga ortadi”, deydi qo‘mita vakili N. Ro‘zieva. Qayd etilishicha, O‘zbekiston aholisining 51 foizini ayollar tashkil qiladi. Ularning 30 foizi tug‘ruq yoshida (21-35) sanaladi.

XS
SM
MD
LG