Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:05

Mirziyoevga takliflar: “O‘zbekistonni AQShda yashayotgan o‘zbeklar puli uchun oching!”


Kuni kecha O‘zbekiston prezidenti saylovida g‘alaba qozongan Shavkat Mirziyoev saylovoldi kampaniyasi davomida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi sifatida bir qator tashabbuslarni boshladiki, natijada nafaqat mamlakat ichida, balki tashqarida yashayotgan o‘zbekistonliklarda ham umid uchqunlari paydo bo‘ldi. Bu fikrga mamlakatning yangi rahbariyati nomiga bitilgan takliflar dalil bo‘la oladi. Zero, qabul qilinishiga ishonch bo‘lmasa, hech kimdan taklif chiqmaydi.

Ozodlik radiosi ana shunday takliflar uchun minbar berishga qaror qildi. Bu minbardan har bir o‘zbekistonlik foydalanishi, o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini ko‘pchilik bilan o‘rtoqlashishi mumkin.

Yangi ruknning debochasi sifatida AQShda yashayotgan o‘zbek jurnalisti, yaqinda rasmiy qayddan o‘tgan

"O‘zbekistonliklar kongressi"ning raisi Jahongir Mamatovning taklifini e’tiboringizga havola qilmoqchimiz.

Quyida Jahongir Mamatov Ozodlik pochtasiga kelgan xat. Uning Mirziyoevga taklifi mana shu xatda:

“Pul kerakmi, marhamat!

O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bu xorijdagi o‘zbeklarga yo‘l ochish va ularning haq-huquqlarini kafolatlashdir.

Agar shunday qilinsa, O‘zbekistonga birgina Amerikadagi o‘zbeklar hisobidan juda qisqa vaqtda bir necha milliard dollar atrofida pul kiradi.

Birinchidan, bu yerdagi o‘zbeklar mehnat ta’tillarini O‘zbekistonda o‘tkazadilar va yil bo‘yi yiqqan pullarini olib borib, sarflaydilar.

Ikkinchidan, qo‘lida sarmoyasi bo‘lganlar juda ko‘p. Ular ming-minglab ish joylari yaratadilar. Hatto elektr energiyasi, gaz ta’minotini yaxshilash uchun ham yetarli ish qilishlari mumkin. Bugun buni Amerikadan Afrika yoki Myanmarga borib bajarib kelayotgan o‘zbeklar o‘z vatanlarida ham jon deb amalga oshiradilar.

Shaxsan men o‘zim O‘zbekistonga bormasam ham, shu yerdan turib kamida bir necha ming ish joyi yaratishim mumkin. Qonuniy kafolat va siyosiy-iqtisodiy erkinlik bo‘lsa, buni ertagayoq boshlayman.

Uchinchidan, o‘zbeklar amerikalik katta investorlarni O‘zbekistonga olib kiradilar. Ikki tomonlama qo‘shma korxonalar biznesi rivojlanadi.

Yangi hukumatdan buning uchun nima talab qilinadi:

Birinchidan, hukumat O‘zbekistonda tug‘ilib, boshqa mamlakatlarning vatandoshligini olganlar uchun doimiy viza kartasi yaratishi;

Ikkinchidan, xorijiy sarmoyalar nazoratini mahalliy tashkilotlar nazoratidan chiqarib, markaziy hukumat va xorijiy investorlarning vakilari ham kirgan xalqaro sub’ektlar nazoratiga berishi lozim.

Shunday qilsa, hukumat juda katta muammolarni hal etishda o‘ziga madadkorlarni topadi.

Bu hukumatdan mablag‘ talab qilmaydigan, balki pul oqimini ko‘paytiradigan takliflardan birinchisidir.

Jahongir Mamatov,

"O‘zbekistonliklar kongressi"ning raisi.

6 dekabr, 2016 yil”.

Taklif muallifiga savollar

“Mirziyoevga takliflar” rukni taklif muallifi Jahongir Mamatov bilan bog‘lanib, uni xatida ajratib ko‘rsatilgan ikki fikrdan paydo bo‘lgan savollarni berdi.

Жаҳонгир Маматовнинг "Мирзиёевга таклифлар" рукни саволларига жавоблари
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:01 0:00
Бевосита линк

Jahongir Mamatov biroz oshirib yubormadimi?

Ha, chindan ham, xat muallifi “O‘zbekistonga birgina Amerikadagi o‘zbeklar hisobidan juda qisqa vaqtda bir necha milliard dollar atrofida pul kiradi”, deb yozar ekan, sal oshirib yubormadimi?

Chindan ham Amerikada yashayotgan o‘zbeklarning moliyaviy potensiali shu qadar kuchlimi?

Bu savolni AQShda yashayotgan boshqa bir o‘zbek – moliyachi mutaxassis Farhod Inog‘omboevga berdik.

Фарҳод Иноғомбоевнинг "Мирзиёевга таклифлар" рукни саволларига жавоблари
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:44 0:00
Бевосита линк

Yana bir necha kundan keyin prezident lavozimiga kirishadigan Shavkat Mirziyoevga takliflaringiz bo‘lsa, ularni Ozodlikka yozing. "Mirziyoevga takliflar" rukni ularni, albatta, e’lon qiladi.

Telegram, WhatsApp tarmog‘idagi raqamlarimiz: +420 724 971 539; +420 724 740 755. Elektron pochtamiz: ozodlikmail@gmail.com ​

XS
SM
MD
LG