Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:32

Rossiyada Internetni “boshqarishga” chorlovchi qonun qabul qilindi


Rossiyaning ma’lumot xavfsizligi bo‘yicha yangi qonuni hukumatni “Internetning Rossiya segmentini boshqarish milliy tizimini ishlab chiqishga” chaqiradi. Qonun 6 dekabr kuni e’lon qilinganidan keyin kuchga kirdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2000 yilning 5 dekabr kuni qabul qilingan shunga o‘xshash qonunni bekor qilib, yangisini imzolagan.

17 sahifali hujjatda Rossiya hukumati nazarida ma’lumot sohasida o‘z milliy qiziqishlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi xavflar hamda ularga qarshi kurashish haqida batafsil yozilgan.

Qonunning asosiy bo‘lagi terror tashkilotlarining targ‘ibot qilish hamda odam yollashga qaratilgan harakatlariga qarshi kurashish hamda kompyuterlarni onlayn josuslik va jinoyatlardan himoya qilishga bag‘ishlangan.

Rossiya Internetini “boshqarish” tizimi haqida hujjat oxirida yozilgan bo‘lib, bu mavzu keng yoritilmagan.

Yangi qonun loyihasi Putin hukumatiga Internetdan foydalanishni boshqarishiga yo‘l ochib berishi haqida xavotirlarga sabab bo‘lishi mumkin. Prezident bundan avval bir necha marta rasmiylar Internet erkinligini cheklamasligi kerakligini ta’kidlagan edi.

Hujjatda tilga olingan xavflar orasida xorijiy razvedka agentliklarining dunyodagi turli mavjud tuzumlarni, jumladan, Rossiyani beqarorlashtirish maqsadida “ma’lumot va psixologik ta’sirlardan” tobora ko‘proq foydalanayotgani aytib o‘tilgan.

Keyingi paytda g‘arb hamda sobiq sovet davlatlari Moskvani ma’lumot jangi olib borishda hamda onlayn hujumlarni uyushtirishda ayblab keladi. Xususan, AQSh razvedka agentliklari Moskvani aynan shu yo‘llardan foydalanib, AQSh prezidentlik saylovlariga o‘z ta’sirini o‘tkazishga urinishda aybladi.

“Ruhiy va axloqiy qadriyatlar”

Yangi qonunda yana “xorijiy matbuotda Rossiya Federatsiyasi davlat siyosatini bir taraflama baholovchi materiallarning tobora ko‘payib borayotgani” aytilgan.

Hujjat yana Rossiya ommaviy axborot vositalari xorijda “ochiqchasiga diskriminatsiya” qilinayotgani hamda rus jurnalistlari “o‘z professional faoliyatlarini bajara olmasliklari uchun yaratilgan to‘siqlarga duchor bo‘layotgani” ta’kidlangan.

Qonunda yozilishicha, keyingi paytda Rossiyaliklarni, “ayniqsa, yosh rossiyaliklarni mo‘ljalga oluvchi hamda ruslarning an’anaviy ruhiy va axloqiy qadriyatlarini kuchsizlantiruvchi ma’lumotlarni tarqatish” ko‘paygan.

Yangi qonun “ota yurtni himoya qilish bilan bog‘liq tarixiy asoslar va vatanparvar an’analarni buzishga qaratilgan ma’lumot va ruhiy amaliyotlarni kuchaytirish” uchun kurashishga chaqiradi. Aftidan, bu jumla Kreml iddaosiga ko‘ra Ikkinchi jahon urushining sovet talqinini shubha ostiga olishga qaratilgan harakatlar haqidadir.

Qonun loyihasida tilga olingan strategik vazifalar orasida Rossiya hamkorlarining ma’lumot xavfsizligini ta’minlash hamda xorijiy davlat, tashkilot va shaxslarning Rossiya suvereniteti hamda hududiy birligiga tahdid soluvchi harakatlariga to‘siq qo‘yish ham bor.

Hujjatga ko‘ra, “mahalliy sanoatlarning xorijiy ma’lumot texnologiyalariga qaramligini yo‘q qilish kerak” hamda ma’lumot xavfsizligini ta’minlash uchun rus texnologiyalarini ishlab chiqish kerak.

Rossiyalik Internet hamda onlayn xavfsizlik tahlilchisi Andrey Soldatov Ozodlik radiosiga oy boshida bergan intervyusida Rossiya hukumati Xitoy bilan ma’lumot so‘rab yuborilgan onlayn iltimoslarni nazorat qilish va filtrlash imkonini beruvchi “yangi, ikkinchi avlod Internetni filtrlovchi tizim” ustida ishlayotganini aytgan edi.

Robart Koalsonning maqolasini o‘zbek tiliga Nodir Otaev o‘girdi.

XS
SM
MD
LG