Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2025, Тошкент вақти: 21:26

O‘zbekistondagi mehmonxonalar prezident farmonidan xabardormi?


"O‘zbekturizm" milliy shirkati rasmiy saytidan surat
"O‘zbekturizm" milliy shirkati rasmiy saytidan surat

O‘zbekistondagi mehmonxonalar 2017 yil 1 yanvaridan boshlab xorijiy va fuqaroligi bo‘lmagan sayyohlarga faqat erkin konvertatsiyalanadigan valyutada xizmat ko‘rsatadi. Bu tadbir O‘zbekiston prezidentining 2 dekabrda imzolagan "O‘zbekiston Respublikasi sayyohlik sohasini rivojlantirishni tezlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq amalga oshiriladi.

Farmon

Farmon turizm sohasini O‘zbekiston iqtisodiyotining strategik sektoriga aylantirish maqsadini ko‘zlamoqda.

Xorij vatandoshlari mehmonxonada turish va u yerdagi xizmatlar uchun to‘lovni faqat erkin konvertatsiyalanadigan valyutada (dollar, yevro va hokazo) to‘laydi.

Xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi mehmonxonalar 1 yanvardan boshlab xorijliklardan olingan valyutaning 25 foizinigina davlatga sotish majburiyatiga ega bo‘ladi.

2017 yil 1 yanvaridan boshlab O‘zbekistondagi sayyohlik shirkatlari xorij valyutasini davlatga sotish majburiyatidan ozod etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoev imzolagan farmonga asosan, 1 yanvardan boshlab sayyohlik operatorlari va ularning xodimlari sayyohlar O‘zbekiston qonunchiligini buzgani uchun javobgarlikdan ham ozod etiladi.

Bundan tashqari to‘rt yulduzdan kam bo‘lmagan mehmonxonalarni barpo etgan yuridik shaxslar 5 yil davomida daromad solig‘i, yer solig‘i, mulk solig‘i to‘lamaydi.

Valyuta

Ozodlik o‘z tekshiruvi jarayonida aksar mehmonxonalar ma’muriyatlari yangi farmon tafsiloti va uni amalda tadbiq etish tartiblaridan bexabar ekanliklarini aniqladi.

Toshkentdagi OAZIS-ASAKA mehmonxonasi xodimi yangi tadbirdan bexabar ekanini ma’lum qildi va yanvari oyida ham to‘lovlar xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun o‘zbek so‘mida amalga oshirilishini aytdi.

-O‘zbekiston valyutasida to‘laysiz. Biz inostranlarga dollarda hisoblab beramiz, o‘sha summani so‘mga chiqarib berib, bizga to‘laysiz. To‘lovlar bizda faqat O‘zbekiston so‘mida bo‘ladi, - dedi prezident farmonidan bexabar ekanini bildirgan OAZIS-ASAKA mehmonxonasi xodimi.

Samarqanddagi Royal Palace mehmonxonasi xodimi esa mehmonxonada to‘lov tartiblari o‘zgarmaganini aytdi.

-To‘lovni shu yerga kelib to‘lasangiz bo‘ladi. Bizda tartib o‘zgargani yo‘q. Lekin, chet ellliklar uchun yevro yoki dollarda to‘lash kerak bo‘ladi. O‘zbeklar uchun esa so‘mda to‘lasangiz ham bo‘ladi. O‘sha valyutani chet elliklar dollar kursiga qarab o‘zbek so‘mida, to‘lasa ham bo‘ladi. Yangi tartibni qaerda ko‘rdingiz? – dedi u.

Ayni xodim prezident farmonidan bexabar ekanini aytdi. Biroq, mehmonxona ma’muri prezident farmonini izohlashga urindi.

-O‘zbekistonlik bo‘lsangiz, so‘mda to‘laysiz-da. Agar chet davlatdan bo‘lsangiz, siz dollarda to‘laysiz. To‘lovni xorijliklarning o‘zlari amalga oshirishlari kerak bo‘ladi. Shunaqa qonun chiqqan: birov boshqa birov uchun to‘lashi mumkin emas. Dollarda to‘lash kerak. Yevroda ham to‘lasa bo‘ladi, lekin men bilmayman unchalik, - dedi mehmonxona ma’muri.

Konvertatsiya

Ismi oshkor etilishini istamagan Toshkentdagi xususiy mehmonxonalardan birining egasi prezident farmoni ishga kirishi bilanoq mehmonxonalarga ish ko‘payishini e’tirof etdi.

"Bizga zarar emasu, lekin prosto ish ko‘payadi. Oldin turistlar so‘mda berishardi, biz so‘mda borib to‘lardik. Endi bo‘lsa, biz dollarni bankka olib borib, o‘zbek so‘miga o‘zgartirib, to‘lashimiz kerak. Endi hamma xorijiy valyuta schyochitini ochsa kerak," dedi xususiy mehmonxona egasi.

O‘zbekistondagi turizm sektori keladigan daromad yalpi ichki mahsulotning qancha qismini tashkil qilishi haqida aniq rasmiy ma’lumot yo‘q.

Biroq prezident Mirziyov hokimiyatga kelgan ilk kunlardan boshlab bu sohani ko‘tarishga kirishdi.

Jumladan, 2 dekabrda imzolangan farmonda 15 davlat fuqarolariga butunlay, 12 davlatning esa 55 va undan yuqori yoshdagi fuqarolari uchun viza tartibini bekor qilish, bundan tashqari, 4 va 5 yulduzli mehmonxona, motel qurgan tadbirkorlarni 5 yilga soliqlardan ozod qilish, sohadagi sub’ektlarga valyuta tushumlarini davlat majburiy sotishni bekor qilish kabi qulayliklar ko‘zda tutilgan.

XS
SM
MD
LG