Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:41

2016 yil O‘zbekiston tarixiga Islom Karimov o‘lgan yil sifatida kirdi


2016 yil yozida mustaqil O‘zbekiston tarixida muhrlanib qoladigan hodisa ro‘y berdi - Markaziy Osiyoning eng ko‘p aholiga ega bu mamlakatni 27 yil uzluksiz boshqargan shaxs - Islom Karimov vafot etdi. Karimov o‘limi ortidan O‘zbekiston - klanlarning xufiya kurashiyu ochiq fuqarolar urushiga qadar uzoq taxmin qilingan ssenariylarni chetlab¸ tinch va osoyishta postkarimov davriga kirdi.

Ozodlik maxsus dasturi O‘zbekiston so‘nggi o‘n yilliklarining ana shu burilish nuqtasi - Islom Karimov o‘limining kunma-kun¸ soatma-soat rivojlangan xronikasiga bag‘ishlanadi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:59:59 0:00
Бевосита линк

28 avgust

2016 yil avgust oyining so‘nggi kunlarida O‘zbekistonda kuppa-kunduzi chaqnagan chaqmoq kabi kutilmagan voqea ro‘y berdi – 28 avgust kuni mustaqil O‘zbekiston hayotida ilk bor mamlakat prezidentining betobligi haqida rasmiy bayonot e’lon qilindi.

23 avgust kuni 4 odamga “O‘zbekiston qahramoni” unvonini berish to‘g‘risidagi Farmonni imzolab¸ 26 avgust kuni zilzila oqibatida odamlar halok bo‘lgani munosabati bilan Italiya prezidenti Serjo Matarellaga ta’ziya bildirgan 78 yashar Islom Karimov, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi bayonotiga ko‘ra¸ 28 avgustda "statsionar davolanish" ga yotqizildi va mutaxassislar prezidentning "to‘liq tibbiy ko‘rik va davolanish jarayoni uchun muayyan vaqt talab etilishini" bildirdi.

29 avgust

O‘zbekiston prezidentining kenja qizi Lola Karimova-Tillaeva o‘z otasining ahvoliga oid hukumat ochiqlamagan ba’zi tafsilotlarni oshkor qildi. Lola Karimova-Tillaeva Feysbuk va Instagram sahifalari orqali, otasining hafta oxiri (27-28 avgust)da miyaga qon quyilish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgani va“reanimatsiya bo‘limida tibbiy muolajalar” olayotganini jamoatchilikka ma’lum qildi.

"Turli xil gap-so‘zlarning oldini olish maqsadida, bizning oilada o‘tgan xaftaning oxirida sodir bo‘lgan qayg‘uli voqea haqida ushbu sahifam orqali sizga ma’lumot bermoqchiman. Shanba kuni adamlar miyaga qon quyilish tashxisi bilan shifoxonaga olib kelindilar. Hozir ular reanimatsiya bo‘limida tibbiy muolajalar olmoqdalar. Hozirgi paytda holatlari shifokorlar tomonidan stabil deb baholanmoqda. Ayni paytda kelgusidagi sog‘liqlari borasida qandaydir taxminlar qilish ancha erta. Men sizlardan turli xil gap-so‘zlardan yiroq bo‘lib, oilamizning shahsiy hayotiga xurmat bilan munosabatda bo‘lishingizni iltimos qilaman. Ushbu damlarda otamni o‘z duolari bilan qo‘llab-quvvatlovchi barcha insonlarga o‘zimning cheksiz minnatdorchiligimni izhor etaman"¸ deb yozdi o‘zbek¸ rus va ingliz tillarida bayonot bergan Lola Karimova.

Prezident qizining bu xabari bilan ketma-ket Regnum agentligi Karimovning Toshkentdagi hukumat statsionarida ekani va “Buyuk Ipak yo‘li" ko‘chasida joylashgan statsionar atrofiga bir necha kilometr radiusda to‘siqlar qo‘yilgani, prezidentni davolash uchun tashkil etilgan maxsus bo‘linmali kasalxonaning bir sutkadan ko‘proq vaqtdan beri militsiya va maxsus xizmatlar xodimlari qurshovida qolayotganini yozdi.

29 avgust kuni Rossiyaning ayrim nashrlari Tojikiston hukumatidagi o‘z manbalari so‘zlariga tayangan holda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov sog‘lig‘i to‘g‘risida bir-biriga zid ma’lumotlar kelayotgani va qo‘shni davlatda vaziyat beqarorlashishi ehtimoli tufayli tojik-o‘zbek chegarasida xavfsizlik choralari kuchaytirilgani haqida xabar tarqatdi.

Rasmiy Toshkent postsovet hududidagi axborot dunyosida Islom Karimov ahvoliga oid bir-biriga zid xabarlar urchib ketgan 29 avgust kuni ularga oydinlik kiritmadi.

Ayni shu kuni Moskvadagi Markaziy Osiyo yangiliklarini yorituvchi Fergana.ru axborot agentligi, Toshkent hukumatidagi o‘z anonim manbalariga tayanib¸ Islom Karimovning 28 avgustda vafot etganini xabar qildi. Rossiya matbuoti va ijtimoiy tarmoqlarda yashin tezligida tarqagan bu xabarni¸ Rossiya ommaviy axborot vositalari o‘z rasmiy manbalariga tayanib rad etdi.

Ozodlik manbalari prezident Karimovning qanday kasallikka yo‘liqqani va uning ahvoli haqida aniq ma’lumotlar bergan esa-da, O‘zbekiston 1-prezidenti salomatligi bilan bog‘liq rasman tasdiqlangan ma’lumot jamoatchilikka ochiqlanmagunga qadar¸ bu xabarlarni yoyinlamaslikka qaror qildi.

O‘zbekiston prezidentining o‘lik-tirigi qattiq sir tutilgan bunday vaziyatda mamlakat san’at yulduzlari ijtimoiy tarmoqlarda prezident Islom Karimov salomatligi yuzasidan mamlakatda tarqalgan turli gap-so‘zlarga e’tibor bermaslik va ularga ishonmaslik chaqirig‘i bilan chiqa boshladilar.

Ijtimoiy tarmoqlarda qiziqchi Mirzabek Xolmedov¸ qo‘shiqchilar Ozodbek Nazarbekov, Munisa Rizaeva, Shahzoda, Shohruhxon kabi shou biznes vakillariyu¸ olimpiadachi sportchilarga qadar xalqni “har hil gap-so‘zlarga ishonmaslikka” chaqirdilar va “yurtboshimizning umrlari uzoq bo‘lsin” qabilida duo qilish va Islom Karimov o‘limi ehtimolidan qattiq xavotirga tusha boshlagan jamoatchilikni tinchlantirishga kirishdilar.

Олимпия чемпионларидан Каримов "дода"га видеомурожаат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:47 0:00
Бевосита линк

30 avgust

Moskvada 30 avgust kuni O‘zbekiston va Rossiya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy bayonotida maslahatlashuvlar ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlikning 2016-2017 yilga mo‘ljallangan dasturi doirasida bo‘lib o‘tgani aytildi.

Norasmiy manbalarda prezident Islom Karimov “statsionar davolanish”da ekani e’lon qilinganidan uch kun o‘tib o‘tkazilgan Moskvadagi maslahatlashuvlarida postkarimov davri muammolari muhokama qilingani haqidagi taxmin ilgari surildi.

31 avgust

Shu kuni O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlab tarixda misli ko‘rilmagan dabdaba bilan o‘tkazilishi rejalangan va odatdagidek Islom Karimov raqsi bilan tugashi kutilayotgan Toshkentdagi rasmiy mustaqillik tantanalari bekor qilindi

Ўзбекистонда Каримовсиз ўтган илк Мустақиллик байрами
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:48 0:00

Shahidlar xotirasi xotirlanadigan 31 avgust kuni Toshkentdagi Mustaqillik maydonidagi “Mustaqillik va ezgulik” monumentiga ilk bor Islom Karimov emas¸ bosh vazir Shavkat Mirziyoev gulchambar qo‘ydi.

Hukumat “statsionar davolanishga yotqizilgan” Islom Karimov va uning salomatligi haqida lom-mim demadi.

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan Islom Karimov nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli jamoat arboblari, ishbilarmon va akademik doiralar vakillaridan samimiy qutlovlar kelayotgani, ularda O‘zbekiston rahbariga baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga tinchlik-omonlik, doimiy ravnaq hamda farovonlik kabi ezgu istaklar izhor etilgani to‘g‘risidagi xabarlarni e’lon qilishda davom etdi.

31 avgust oqshomida “O‘zbekiston” telekanalining “Axborot” dasturida taqdiri mavhum qolayotgan Islom Karimovning mamlakat mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga tabrigi o‘qib eshittirildi.

Tabriknomani o‘qigan televidenie diktori prezidentning salomatligiga oid ma’lumot bermadi.

"Mamlakatimizning ko‘p asrlik tarixida mutlaqo yangi sahifa ochgan, el-yurtimizni mustabid tuzum kishanlaridan ozod qilib, erkin va farovon hayot qurish yo‘lini ochib bergan O‘zbekiston davlat mustaqilligining 25 yillik bayrami bilan barchangizni, butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklayman", deb boshlanadi prezident tabrigi.

1 sentabr

1 sentabr kuni mamlakat mustaqilligining 25 yilligi tantanalari poytaxtning “Alisher Navoiy”, “Yoshlar ko‘li”, “G‘afur G‘ulom”, “Mirzo Ulug‘bek”, “Furqat” , “Lokomotiv” istirohat bog‘larida xalq sayillari ko‘rinishida nishonlandi.

Bu bog‘larda tashkil etilgan sahnalarda xonandalar, so‘z ustalari va jamoat arboblari yig‘ilganlarni xushnud qilishdi. Xonishlar avvalida san’atkorlar bunday farovon kunlar ro‘yobi uchun prezident Islom Karimov sha’niga iliq so‘zlar aytdi, unga salomatlik tilashdi.

O‘zbekistondagi asosiy telekanallar - O‘zTV1 va O‘zTV2, har yil 1 sentabrda bo‘lgani singari, Islom Karimovga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlarni namoyish etmadi¸ uning salomatligi haqidagi sukunatni davom ettirdi.

1 sentabr kungi Mustaqillik bayrami 25 yil ichida birinchi marta mushakbozliksiz o‘tdi.

Ozodlikning viloyat hokimligidagi manbalari 1 sentabr kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoevning Islom Karimov tug‘ilib-o‘sgan Samarqand shahriga kelgani¸ shahar markazida xavfsizlik chralari kuchayganini xabar qildi.

Ozodlik muxbirlari Samarqanddagi Ulug‘bek observatoriyasidan Siyob bozorigacha bo‘lgan hududga mashinalar kiritilmayotgani, tarixiy markazga eltuvchi yo‘llarning hamma tomondan yopib qo‘yilgani¸ Shohi Zinda maqbarasi atrofida g‘isht tashiyotgan yuk mashinalari ko‘payganini voqea joyidan surat va videolarda taqdim qildi.

Ozodlik manbalari 1 sentabr tungi soatlarida Islom Karimov tug‘ilib-o‘sgan va uning yaqinlari yashaydigan mahallaning "Chorraha" masjidiga eltadigan yo‘llar shoshilinch asfaltlashtirilayotganini bildirdilar.

Ҳазрати Хизр масжиди ëнида Каримов мақбараси қурилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:26 0:00

2 sentabr

Samarqandning favqulodda tadbirga hozirlik ko‘rayotgani inkor etib bo‘lmas tasvirlarda jamotachilikka tarqashi ortidan 2 sentabr tongda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi prezident Islom Karimovning "sog‘ligi birdaniga yomonlashganini" xabar qildi¸ ammo boshqa biror tafsilotni ochiqlamadi.

Ахборотнинг махсус сони: Ислом Каримов ўта оғир аҳволда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:50 0:00

Bu bayonotdan sanoqli soatlar o‘tib¸ kunning birinchi yarmida TRT Haber telekanali Turkiya bosh vaziri Binali Yildirimning O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov o‘limi munosabati bilan o‘zbek xalqiga bildirgan rasmiy ta’ziyasini namoyish etdi.

Туркия Бош вазири: Ислом Каримов вафот этди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:15 0:00

Yildirim bayonoti bilan ketma-ket Reuters axborot agentligi, uch diplomatik manbasiga tayanib¸ Karimov o‘ldi¸ deya xabar tarqatdi.

Xabarlar oqimi daqimama-daqiqa yangilana boshlagan 2 sentabr kuni uchuvchilarga ma’lumot tarqatuvchi NOTAM xalqaro tizimi 3 sentabr kuni Samarqand aeroportining favqulodda tadbir uchun yopilishi va samolyotlarni uchirish va qabul qilish maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi haqida xabar tarqatdi.

Islom Karimov o‘ldi, degan qisqa xabar ortidan postsovet hududidagi axborot vositalari¸ xususan¸ ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar qaynab-tosha boshlagan 2 sentabr mahalliy vaqt bilan tungi soat 10 ga yaqin O‘zTV Islom Karimov o‘lgani va mamlakatda uch kunli motam e’lon qilinganini xabar qildi.

Ўзбекистон телеканали Ислом Каримовнинг ўлганини эълон қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:24 0:00

Prezident Karimovning dafn marosimini o‘tkazish bo‘yicha Davlat komissiyasining raisi etib bosh vazir Shavkat Mirziyoev tayinlandi.

Vazirlar Mahkamasining rasmiy bayonoti ortidan prezidenting kichik qizi Lola Karimova ham o‘zining Instagram sahifasida otasining vafoti haqida yozib qoldirdi.

"U bizni tark etdi... So‘z izlayapman va o‘zim bunga ishonmayapman... Albatta, biz Ollohnikimiz va albatta, biz unga qaytguvchimiz. Xudo rahmat qilsin!" - deb yozdi Lola Karimova.

3 sentabr

Erta tongdan poytaxt Toshkent 25 yil davomida O‘zbekistonni boshqargan Islom Karimovni so‘nggi yo‘lga kuzatdi. Hokimiyat tomonidan tashkillashtirilgan vidolashuv marosimida qatnashish uchun tong sahardan minglab toshkentliklar guldasta va ko‘z yosh bilan ko‘chalarga chiqishdi. Karimov mayitini olib ketayotgan avtomobillar karvoni yo‘liga chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda motamsaro va ko‘z yosh to‘kkan odamlarning foto va videotasvirlari tarqaldi.

Maxsus samolyotda Toshkentdan olib kelingan Karimov jasadini uning shahardoshlari Samarqandda motamsaro alfozda qarshi oldilar.

Bosh vazir Shavkat Mirziyoev tobutkashlik qilgan dafn marosimida, rasmiy xabarlarda qayd etilishicha¸ 17 davlatdan kelgan davlat va hukumat arboblari ishtirok etdi. Ular orasida Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon¸ Turkmaniston prezidenti Berdimuhammedov¸ Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedevlar bor edi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin¸ Karimovning mintaqadagi eski safdoshi Nursulton Nazarboev janozaga kelmadi. Shaharning Registon maydonidagi janoza namozidan so‘ng Karimov mayiti Shohi Zinda yaqinidagi Xo‘jai Xizr masjidining yonida shoshilinch tarzda qurilgan maqbaraga dafn etildi.

Ислом Каримовнинг жанозаси ўқилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:17 0:00

Shu kuni O‘zbekistonning aksar yirik shahar va tumanlari markazlarida marhum prezident Islom Karimov ruhiga duoi fotiha o‘qildi.

Yirik shaharlarda markaziy maydonlarga o‘rnatilgan Karimov portreti poyiga gulchambarlar qo‘yildi¸ mamlakat bo‘ylab kontsertlar va ko‘ngilochar tadbirlar bekor qilindi¸ sport musobaqalari ham qoldirildi.

O‘zbekiston uch kunlik motamga kirdi.

6 sentabr

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Islom Karimovni xotirlash uchun Katta Yigirmalikning Xitoy yig‘inidan qaytayotib¸ Samarqandda to‘xtab o‘tdi.

Samarqandda Bosh vazir Shavkat Mirziyoev hamrohligida Islom Karimov qabriga gul qo‘ygan Putin “Rossiya bundan buyon ham O‘zbekiston bilan birga bo‘ladi”, deya bayonot berdi.

- O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov boshlagan ish davom etishiga umid qilamiz, Rossiya tomoni esa o‘zbek xalqi va rahbariyati bilan do‘stona munosabatlarni davom ettiradi, - dedi Putin.

"Sizning bugungi tashrifingiz ham munosabatlar darajasidan darak va buning uchun biz minnatdormiz. Biz Rossiya Federatsiyasi bilan tashqi aloqalarda to‘laqonli strategik sheriklikka egamiz va biz siz va Islom Karimov uzoq yillar davomida bunyod etib kelgan ko‘prikni mustahkamlashda davom etamiz, - dedi Shavkat Mirziyoev javoban.

Gul qo‘yish marosimidan so‘ng Rossiya rahbari Samarqanddagi forumlar saroyida Islom Karimovning bevasi Tatyana Karimova va qizi Lola Karimovalar bilan uchrashdi va ularga ta’ziya bildirdi.

8 sentabr

O‘zbekiston respublikasi prezidenti vazifasini vaqtincha bajarish vakolati O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoevga yuklandi.

Bunday qaror O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashining 8 sentabr kungi qo‘shma yig‘ilishida olindi.

Мирзиëев президентликни қабул қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:12 0:00

O‘zbekiston konstitutsiyasi 96-moddasi prezident o‘z vazifalarini bajara olmay qolgan holatda muvaqqat prezidentlikni Oliy Majlis Senati raisiga yuklatishni ko‘zda tutadi. Shu bois¸ Karimov o‘limidan so‘ng Senat raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshevning uch oyga prezidentlik kursisiga o‘tirishi kutilgan edi.

Biroq, qo‘shma majlisda chiqish qilgan Nig‘matulla Yo‘ldoshev prezident vakolatini bajarishni bosh vazir Shavkat Mirziyoevga topshirishni taklif qildi va bu takliflarni qo‘llovchilar navbati bilan ma’ruza qilishga kirishdilar.

Muvaqqat prezidentlikni Mirziyoevga topshirish taklifini qo‘llab so‘zga chiqqanlar orasida Karimov vorislaridan biri sifati ko‘rib kelingan bosh vazir 1-o‘rinbosari¸ Moliya vaziri Rustam Azimov ham bo‘ldi.

Bu kabi maqtovli chiqishlardan so‘ng O‘zbekiston Oliy Majlisi ikkala palatasining qo‘shma yig‘ini qatnashchilari 8 sentabr kuniO‘zbekiston hukumatini 2003 yildan buyon boshqarib kelgan 59 yashar Shavkat Mirziyoevga mamlakat prezidenti vazifasini ham bajarish vakolatlarini taqdim etdi.

9 sentabr

4 dekabr kuni O‘zbekiston prezidentligi uchun navbatdan tashqari saylovlar o‘tkaziladi¸ deb xabar tarqatdi Markaziy Saylov komissiyasi matbuot xizmati.

Markaziy saylov komissiyasi, shuningdek, prezidentlikka nomzodlarni ilgari surish 30 sentabrdan boshlanib, 20 oktabrda tugashini ham e’lon qildi.

16-17 sentabr

16 sentabr kuni O‘zbekistondagi O‘zLiDep partiyasi mamlakat muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoev nomzodini prezidentlikka taqdim etdi.

Toshkentda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 17 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘inida partiya rahbari Hotamjon Ketmonovni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatdi.

"Milliy Tiklanish" partiyasi prezident sayloviga o‘z lideri Sarvar Otamurodovni nomzod o‘laroq e’lon qilgan.

"Adolat" sotsial demokratik partiyasi ham shu kuni o‘tkazilgan yig‘inida partiya rahbari Narimon Umarovni prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatishga qaror qildi.

O‘zbekiston siyosiy hayotida rasman postkarimov davri boshlandi.

XS
SM
MD
LG