Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2025, Тошкент вақти: 18:37

O‘zbekistonliklar bankdan pulini olish uchun barmog‘ini ko‘tarib boradi


O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda mijozlarning banklardagi omonatlari xavfsizligini ta’minlash uchun ularning biometrik ma’lumotlari, jumladan, barmoq izlaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yish ustida ishlamoqda.

Bu ma’lumotni Ozodlik Markaziy bank mulozimidan oldi.

Ba’zi banklar, tajriba tariqasida, mijozlardan barmoq izlari olishni 2016 yilda boshlagan edi.

Joriy qilinishi kutilayotgan chora

Markaziy bank mulozimining ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka ma’lum qilishicha, shu kunlarda mamlakat moliyaviy regulyatori Ichki ishlar vazirligi bilan bu idora ixtiyorida bo‘lgan fuqarolar biometrik ma’lumotlaridan banklarda ham foydalanish ustida so‘zlashuvlar olib bormoqda.

Mulozimning aytishicha, gap mijozlarning jamg‘armalari xavfsizligini ta’minlash ustida ketmoqda.

Rejalashtirilgan choralar joriy etilgach (qachon joriy etilishi hozircha aniq emas), mijozning qo‘liga shu paytgacha bank tomonidan berilib kelgan “qog‘oz” berilmaydi. Bank xodimi maxsus moslama bilan mijozning barmog‘i tasvirini olib, uni bank bazasidagi barmoq tasviriga qiyoslaydi va tasvirlar mos tushgach, mijoz so‘ragan operatsiyani amalga oshiradi.

"Plastik kartadan pul yechish uchun barmoq izi talab qilinmaydi"

Markaziy bank mulozimi ba’zi saytlarning plastik kartadan pul yechib olishi uchun mijozlardan barmoq izi topshirish talab qilinayotganiga oid xabarini inkor etdi.

Uzmetronom.com sayti “O‘zsanoatqurilishbank” Toshkent shahar Yashnabod tuman bo‘limi barmoq izlari talab qilinayotgani haqida xabar tarqatgandi.

Biroq bu xabarni tilga olingan bankning Ozodlik bog‘langan Andijon va Angren shaharlaridagi bo‘limlari xodimlari ham inkor etdi.

“Plastik kartadan pul yechish uchun barmoq izlari talab qilishga doir hech qanday ko‘rsatma yo‘q, binobarin biz ham mijozlardan barmoq izi talab qilmayapmiz”, deyishdi bank vakillari.

Toshkentlik jurnalist Abdurahmon Tashanov, Ozodlikning iltimosiga javoban, tilga olingan bankka bugun borib, plastik kartalardan pul yechish uchun barmoq izlari talab qilinmayotgani, lekin jamg‘armalar xavfsizligini ta’minlash uchun mijozlardan, agar ular rozilik bersa, barmoq izlari olinayotganini aniqladi.

Barmoq izlarini yig‘ishni ba’zi banklar o‘tgan yili boshlagan

Mijozlarning banklardagi jamg‘armalari xavfsizligini ta’minlash uchun barmoq izlarini yig‘ishni O‘zbekistondagi banklar o‘tgan yiliyoq tajriba tariqasida boshlagan edi.

Masalan, “Xalqbank” o‘zining rasmiy saytida 2016 yilning 24 fevralida mana bu xabarni yoyinlagan edi:

“Dunyodagi yetakchi banklardan ulgi olib, depozit operatsiyalarining xavfsizligini oshirish maqsadida, bank o‘z mijozlariga, shaxsni aniqlash tizimini takomillashtirishga yordam berishlarini so‘rab, murojaat qildi.

Barmoq izlari mijozga oid boshqa ma’lumotlar bilan birgalikda bankning ma’lumotlar bazasida saqlanadi va u biometrik texnologiyalarga mutanosib ravishda shaxsni tanish uchun qo‘shimcha identifikator bo‘ladi”.

Mijozlardan barmoq izlari olishni “Turonbank” ham boshlaganini bank.uz sayti 2016 yilning aprelida xabar qilgan edi.

Bankka xavfsizlik, mijozga pul kerak...

Kezi kelganda shuni aytish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari o‘z mijozlarining omonatlari xavfsizligini ta’minlash uchun barmoq izlari olish ustida bosh qotirayotgan bir paytda, aniqrog‘i, keyingi yillarda, mijozlarni banklar bilan o‘zaro munosabatlar, ulardan jamg‘armalarini o‘z vaqtida olish, plastik kartalarga o‘tkazilgan pulni naqdlashtirish kabi muammolar tashvishga solmoqda.

XS
SM
MD
LG