Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2025, Тошкент вақти: 16:07

O‘zbekiston qamoqxonalari rahbari ham virtual qabulxona ochdi


O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i (JIEBB) taklif, shikoyat va arizalar uchun virtual qabulxona ochganini ma’lum qildi. Jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqqa solingan, muassasa nozirlari yoki rahbarlari tomonidan tahqirlangan mahkumlarning yaqinlari endi bu haqda to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarma rahbariga murojaat qilishi mumkin.

Virtual qabulxonaning guin.mvd.uz saytida yozilishicha, JIEBB rahbariga yuborilgan har qanday taklif, ariza va shikoyat rasmiy deb tan olinadi.

Rus tilida amal qilayotgan virtual qabulxonaga shikoyat qiluvchi jismoniy va yuridik shaxslar ism-familiyasi, yashash joyi va murojaat matnini to‘liq yozishi shart.

Boshqarma boshlig‘i nomiga yozilgan murojaatda tuhmat, haqorat qilish va yolg‘on chaqimchilik taqiqlanadi, degan bandi ham bor.

“Ezgulik” jamiyati huquq faoli Abdurahmon Tashanovning aytishicha, JIEBB boshlig‘iga murojaat qilmoqchi bo‘lgan shaxslar, bu banddan cho‘chimasdan virtual qabulxonaga muammolar haqida yozaverishlari kerak:

- Masalan, ishonchi komil bo‘lgan odam bu narsalarga ahamiyat bermaydi. Bu kabi bandlar shaxsiy adovatlarning oldini olish, asossiz xabarni tekshirish uchun vaqtni ketkazmaslik uchun yoziladi. Bu formal narsa va yozilishi to‘g‘ri. Ya’ni asossiz, tasdiqsiz, yolg‘on gapni yozma degani, - deydi Abdurahmon Tashanov.

Shuningdek, yangi dalil-isbot va holatlar keltirmagan, aynan shu murojaatga avval bir necha marta javob berilgan bir shaxsning murojaatlari ham qayta ko‘rib chiqilmasligi yozilgan.

Farg‘onalik inson huquqi himoyachisi Ahmadjon Madumarov fikricha, virtual qabulxonaning ochilganligi mahkumlarning yaqinlariga engillik tug‘diradi:

- Oldin JIEBBga ariza yoki shikoyat qilish uchun Toshkentga borish, navbatda turib mulozimlar qabuliga kirishga to‘g‘ri kelar edi. Ayniqsa viloyatdan keladiganlarga ancha qiyin bo‘lardi. Endi buni ochilgani judayam yaxshi bo‘pti. Ota-onalar, bolali ayollar sarsonchiligi yo‘q bo‘ldi, endi ular yaqinlari haqidagi informatsiyani uyidan turib ham olaveradi. Men bundan xursand bo‘ldim, - dedi Ahmadjon Madumarov.

O‘g‘li 16 yildan buyon qamoqda o‘tirgan toshkentlik Jamila Hojimurodova, JIIB virtual qabulxonasining ochilgani unga yangi bir umid bag‘ishlashini aytdi:

-Men Bosh vazirning portaliga ham yozdim, ko‘rib chiqamiz deyishdi, tamom, boshqa javob ololmadim. Zora JIBB boshlig‘i endi meni arzimni tinglasa. Chunki, o‘g‘lim Umidjon Hojimurodov 2001 yildan beri qamoqda. Diniy ayblovda ayblanib, 7 yil olgan edi. Keyin raskrutka qilib yana 7 yil qo‘shib berishdi. 2015 yilda yana raskrutka qilib, uch yil qo‘shishdi. Hozir bir yarim yili qoldi. Shunga yana qo‘shib bermasa deb yurak hovuchlab o‘tiribman. Endi virtual qabulxonaga murojaat qilib, o‘g‘limni boshqa raskrutka qilmasliklarini so‘rayman, - deydi Jamila Hojimurodova.

Yaqinda qamoqdan ozod bo‘lgan, ismi sir qolishini so‘ragan sobiq mahkumlardan birining aytishicha, agar JIEBB virtual qabulxonaga tushadigan takliflarni joyida o‘rganib chiqib, muammolarni hal qilsa, shikoyatlar ancha kamaygan bo‘lardi:

“Takliflar ko‘p bo‘lishi shubhasiz. Masalan, eng avvalo mahkumlarning yaiqnlari bilan uchrashuvini har yilda bir emas, balki kamida bir oyda bir martaga ko‘paytirish kerak. Keyin, mahkumlar uchun posilkalarni va peredachalarni istagan paytda qabul qilish kerak. Diniy ayblovlar bilan qamalganlarni arzimagan narsaga kartserga tashlab, raskurutka qilishni bas qilish kerak. Har kuni ertalab gimn ayttirishni to‘xtatish kerak. Eng muhimi, qamoqxona rahbarlari va nazoratchilar mahkumlarga odamdek munosabat qilishni o‘rganishlari kerak”, deydi sobiq mahkumlardan biri.

JIEBBga shu paytgacha ham qamoxonalardagi sharoitning yomonligi, mahkumlarga nisbatan qo‘llanilayotgan qiynoqlar haqda juda ko‘p shikoyatlar yozilgan.

Uzoq viloyatlardan Toshkentga kelolmagan odamlar arzlari bitilgan maktublarni faqat pochta orqali jo‘natar va uning javobi oylar davomida kutilar edi.

Virtual qabulxonaga tushgan taklif, shikoyat va arizalarni ko‘rib chiqish muddati o‘n kun qilib belgilangan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmonda murojaatlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablar va normalarini buzgan rahbarlarni jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo‘lgan javobgarlik xususida qat’iy ogohlantirdi.

Murojaatlar ijrosini nazorat qilish Prezident devoni tarkibida yangi tashkil qilingan "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash ustidan nazorat o‘rnatish va uni muvofiqlashtirish Xizmati" rahbari Tursinxan Xudaybergenovga yuklatilgan.

JIBB virtual qabulxonasi saytida shu paytgacha 20dan ortiq murojaat tushgan, ulardan faqat bittasiga javob berilgan, 16 tasi ko‘rib chiqilgan va bittasi yopilgan. Saytda shikoyatlar mazmuni haqida hech narsa yozilmagan.

Siyosiy va diniy ayblovlar bilan qamalib chiqqanlar va ularning yaqinlari, inson huquqi himoyachilari mahkumlarga nisbatan tergov davomida ham, jazoni ijro etish muassasasida ham qiynoqlar qo‘llanilishidan shikoyat qiladilar.

XS
SM
MD
LG