Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:47

Mirziyoev tug‘ilgan Zomin tumanida "Oq masjid" qurilmoqda


Jizzax viloyatining Shavkat Mirziyoev tug‘ilib o‘sgan Zomin tumanida qurilayotgan masjid surati
Jizzax viloyatining Shavkat Mirziyoev tug‘ilib o‘sgan Zomin tumanida qurilayotgan masjid surati

Jizzaxning Shavkat Mirziyoev tug‘ilib o‘sgan Zomin tumani markazida muhtasham masjid qurilmoqda. Zominliklar orasida "Oq masjid" nomini olib ulgurgan yangi bino kamida 13 asrlik tarixga ega bo‘lgan qadamjo - "Xoja qahhor vali" kompleksiga kiruvchi eski "Xolid ibn Bolid" masjidi yonida qurilmoqda.

Zominliklar yangi masjidni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev qurdirmoqda, deb ishonmoqda.

Tuman hokimligida ishlaydigan mulozim qurilish oy boshida boshlangani, ob’ekt to‘rt tarafidan to‘sib qo‘yilganini aytdi. Bu mulozimning ismi va mansabi oshkor qilinmayotir.

"Men bozor kuni (yakshanba kuni - tahr.) o‘sha joyda bo‘ldim. Quruvchilar yakshanba kuni ham ishlab yotibdi. Bir oyga yetib qoldi, qurilishlar zo‘r ketayapti. Hamma tomonini o‘rab qo‘yishgan, lekin", dedi mahalliy mulozim.

​Ozodlik so‘rovi bilan Zomin shaharchasiga borgan jizzaxlik faollardan biri yangi masjid qurilayotgan maydon atrofi to‘liq o‘rab olingani, qurilish hududidiga hech kim kiritilmayotganini aytdi:

"Hech kimni yaqinlashtirmayapti. O‘sha eski masjid o‘rnida qurilayapti ekan. O‘sha yerda yashaydiganlar kirib turgan kichkinagina masjid. Qurilishga 3 gektarcha joy ajratilgan, deyishdi. Lekin men qurilish haqida aniq ma’lumot ololmadim, chunki mahalliy aholi yoki hokimiyat idoralari umuman aralashtirilmayapti".

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda yangi qurilayotgan masjidga tegishli ko‘rilgan fotosurat tarqaldi. Suratda ikki minorasi, bitta gumbazi, ulkan xonaqoh va katta sahni bo‘lgan muhtasham masjid aks etgan.

Uning aynan Zominda qurilayotgan masjidga tegishli ekanini tasdiqlagan va Ozodlikka ijtimoiy tarmoqlar orqali bog‘langan zominliklardan biri mahalliy aholi Toshkentdagi "Minor" masjidiga qiyoslab, hozirdanoq buni "Oq masjid" deb atay boshlaganini yozdi.

Zomin tumani mahalliy hokimiyat idoralaridan biridan olingan ma’lumotga ko‘ra, yangi masjid qurilishi yanvar oyi boshida boshlangan va uni Navro‘z bayrami - 21 martga qadar bitirish ko‘zlanmoqda.

Masjid qurilishi uchun sarflanayotgan mablag‘ esa, mahalliy rasmiylarga ko‘ra, Toshkentdan ajratilmoqda.

"Zomin tumani, Jizzax viloyati hokimligi, umuman, aralashayotgani yo‘q. Bizni ob’ektning ichiga kiritishmayapti ham. Pul ham, qurilish materiallari ham to‘g‘ri Toshkentdan kelayapti. O‘sha "Xolid ibn Bolid" masjidi o‘rnida qurilayapti", dedi mahalliy rasmiy.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Navro‘z bayramiga bitkazish uchun shiddat bilan olib borilayotgan qurilish maydoni nafaqat Zomin tumani, balki Jizzax viloyatidagi qadimiy tarixiy obidalar joylashgan hududdadir.

"Xolid ibn Bolid" masjidi esa, ayrim manbalarda aytilishicha, tarixi eramizdan avvalgi VII-V asrlarga bog‘langan Zomin tumani markazidagi "Xoja qahhor vali" qadamjosi kompleksi tarkibiga kiradi.

Jizzax viloyatidagi sayyohlarni jalb qilish mumkin bo‘lgan tarixiy yodgorliklarga qaratilgan ilmiy ishlar, jumladan, Samarqand Iqtisodiyot va servis institutida hozirlangan ilmiy tadqiqotlarda «Xolid ibn Bolid» (aslida Xolib ibn Volid bo‘lishi lozim - tahr) masjidining 15-asrda qurilgani, O‘zbekiston mustaqilligi yillarida ta’mirlangani aytilgan.

Ozodlikning qurilish hududi yaqiniga borgan manbasi, hozircha eski masjidning qurilish maydoni o‘rtasida o‘rab qo‘yilgani¸ tez orada uning buzilishidan xavotirlar borligini aytdi.

"Shu eski masjid ham buzilarkan, deyishayapti. Lekin, qurilish haqida Zominda hech kim, hech nima bilmayapti", dedi qurilish joyiga borgan Ozodlik manbasi.

Samarqand Iqtisodiyot va servis institutida hozirlangan ilmiy tadqiqotlarda aytilishicha, Zomin tumanidagi "Xoja qahhor vali" qadamjosi tuman markazidagi "Xolid ibn Bolid" masjidi, xalq orasida muqaddas sanalgan va yoshi 2000 yildan oshiq, deb ishonilgan "Bobotut" daraxti, yoshi bir necha ming yillik, deb ishonilgan bir necha ulkan xarsang toshlardan iboratdir.

XS
SM
MD
LG