Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:22

Rossiyada ikki o‘zbekistonlik 9 million rubl o‘marganlikda ayblanmoqda


O‘tgan yilning avgustida Vladimir shahridagi savdo markazidan 9 million rubl o‘g‘irlab ketganlikda ayblanayotgan ikki o‘zbekistonlikdan biri Moskvada qo‘lga olindi. Politsiya xabariga ko‘ra, federal qidiruvda bo‘lgan 23 yashar o‘zbek muhojiri Rossiyaga qaytib kirganida hibsga olingan.

Vladimir politsiya boshqarmasi o‘tgan yilning avgustidan buyon xalqaro qidiruvda bo‘lgan 23 yashar O‘zbekiston vatandoshini hibsga oldi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Vladimir viloyati bo‘yicha boshqarmasida Ozodlikka ismi oshkor qilinmayotgan bu shaxs sherigi bilan birga mahalliy tadbirkorning seyfidan 9 million rubl (~152 000 AQSh dollari-tahr.) o‘marib ketganida ayblanayotganini bildirishdi.

- O‘tgan yilning avgustida Vladimir shahar politsiyasiga ariza bilan murojaat qilgan mahalliy tadbirkor 9 million rubl puli o‘marilganini xabar qildi. Pullar Vladimir shahrining Kuybishev ko‘chasidagi savdo markazidagi uning ofisidagi seyfdan olib ketilgan ekan. Jinoyatchilar seyfda katta miqdorda pul borligini oldindan bilib olib, tunda devorni buzib kirgan va seyfni ochib, pullarni olib ketgan, dedi Vladimir viloyati matbuot xizmati navbatchi ofitseri.

Hodisa joyiga kelgan tezkor-qidiruv guruhi xodimlari nazorat kameralaridagi yozuvlardan tadbirkorga yollanib ishlab kelgan 26 va 23 yashar O‘zbekiston vatandoshlari jinoyatga aloqadorlikda gumonlandi.

Jinoyatda ayblangan o‘zbek yigitlarini izlab topishga Ichki ishlarning katta kuchlari tashlandi, migratsiya idoralari bilan hamkorlikda katta qidiruv ishlari amalga oshirildi. Ammo jinoyat sodir etilishi ortidan o‘zbekistonlik ishchilar darhol Rossiyani tark etishga ulgurgan ekan. Ular xalqaro qidiruvga berildi.

Politsiya xabariga ko‘ra, 2017 yilning 10 yanvarida ayblanuvchi shaxslardan biri Moskva aeroportlaridan biri orqali Rossiyaga kirib kelgani to‘g‘risida operativ ma’lumot olindi.

11 yanvar kuni 9 million rublni o‘g‘irlashda gumonlanayotgan 23 yashar O‘zbekiston vatandoshi Moskva shahri hududida qo‘lga olindi. Hozirda Vladimirga olib kelingan muhojir yigit sud qarori bilan tergov yakuniga qadar hibsga olindi, u tergovchilar tomonidan so‘roq qilinayotgani aytilmoqda.

26 yashar ikkinchi o‘zbekistonlik qidiruvi davom etmoqda.

Hodisa yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 158 moddasi 4 qismi (“Jinoiy guruh tarkibida o‘ta katta miqdorda o‘g‘irlik sodir etish”) asosida jinoiy ish ochilgan.

Bu moddaga ko‘ra, jinoyatchilar sud qarori bilan 10 yillik qamoq muddatiga mahkum etilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG