Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:45

O‘zbeklar tadbirkor bo‘lib Mirziyoev istagan yuzta tovuqni boqishga oshiqmayotir


O‘zbekiston Milliy banki bosh binosi
O‘zbekiston Milliy banki bosh binosi

O‘zbekistonda davlat banklari mayda tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxslarga imtiyozli mikrokreditlar taklif qila boshladi. Banklarga ko‘ra, oylik eng kam ish haqining 100 barobaridan oshmagan mikrokreditlarni berish "oddiy aholini tadbirkor qilish" maqsadini ko‘zlagan. Biroq, Ozodlik suhbatlashgan tadbirkor va iqtisodchilar ajratilayotgan kredit miqdori tadbirkorlikka etmasligini aytadilar.

"Yuzta tovuq boqsin"

Banklarga ko‘ra, mikrokreditlar taklif qilish tadbiri O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda.

14 yanvar kuni Toshkentda O‘zbekistonni 2017 yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish rejalariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida gapirgan prezident Mirziyoev aholi orasida tadbirkorlikni rivojlantirish zaruratiga e’tibor qaratgandi:

- Bizni odamlar 30 sotiq yeri bor qishloqda. "Kam ta’minlangan oila," deymiz og‘zimizni to‘ldirib. Ha o‘sha kam ta’minlangan to‘rtta bolasi bo‘lsa, yuzta tovuq boqsin. Yigirmata limon yong‘oq qilsin, bo‘ldi. Kam ta’minlangan oila bo‘lmaydi, - deb aytgandi Shavkat Mirziyoev.

Ozodlik suhbatlashgan davlat banklaridan birining xodimiga ko‘ra, ayni kunlarda O‘zbekistonninga barcha shahar va qishloqlarida banklar xodimlari uyma-uy yurib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlarga mikrokreditlar taklif qilmoqda.

-9 foizdan bir yarim yil muddatga 14,5 million so‘m berilyapti. Joyingiz bo‘lsa, arenda dogovorini olib kelasiz, pasport kopiyasi, mahalladan ma’lumotnoma so‘raladi. Keyin, biznes planingiz bo‘lishi kerak. Agar ko‘proq kredit olmoqchi bo‘lsangiz, zalog kerak. Ularga noturar joy, mashina yoki oyligi bir milliondan ko‘proq bo‘lgan shaxsning kafilligi kiradi, - dedi bank xodimi.

Bank xodimlari uyma-uy yurib, kredit taklif qilmoqda
Bank xodimlari uyma-uy yurib, kredit taklif qilmoqda

O‘zbekiston Milliy Bankining mutaxassisi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda qirqdan ziyod tadbirkorlik turlariga kreditlar ajratilishini aytdi.

Ular jumlasiga quyon boqishu sartaroshlikdan tortib nonvoychiligu chilangarlikka qadar bo‘lgan mehnat turlari kiritilgan.

"Tepadan siljish"

Ozodlik to‘plagan ma’lumotlarga ko‘ra, mikrokreditlar jismoniy shaxslarga eng kam ish haqining 100 barobaridan oshmagan miqdorida yillik 9 foiz stavka bo‘yicha 18 oy muddatga beriladi.

Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan mikrofirma va dehqon xo‘jaliklariga ham kreditlar ayni muddat va stavkada, ammo eng kam ish haqining 300 barobaridan oshmagan miqdorda ajratiladi.

Hozirda O‘zbekistonda eng kam oylik ish haqi 146 ming so‘m etib belgilangan.

146 ming so‘m 18 yanvar kuni belgilangan davlat kursi bo‘yicha 45 AQSh dollariga, qora bozor kursi bo‘yicha - 22 AQSh dollariga tengdir.

Ozodlik suhbatlashgan iqtisodchi va tadbirkorlarga ko‘ra, ajratilayotgan kredit miqdori yetarli emas.

- 15-20 million so‘mga hozirgi kunda ish boshlash qiyinchilik tug‘diradi, deb bilaman. Bu tadbirni o‘lik nuqtadan siljish, deb atasak bo‘ladi. Shu mahalgacha bunaqa bir harakat ko‘zga tashlanmagan edi. Kreditlar tor doiradagi odamlarga beriladigan mablag‘ sifatida ko‘rilsa, hozirda endi-endi tepadan bir siljish bo‘layapti, ammo banklar ko‘rinib turibdiki, bu narsaga hali tayyor emas, - deydi Toshkentdan iqtisodchi Toshbek.

To‘lovlar va hujjatbozlik

O‘zbekiston banklarida kredit stavkalari hozirga qadar 18 foizdan past tushmagan.

Toshkentdagi qurilish mollari bozorida ishlaydigan tadbirkorlardan biri banklar aholiga beradigan kredit stavkalarining 18 foizdan 9 foizga tushganini ijobiy baholadi, ammo bu qadam tadbirkorlikni rivojlantirish uchun omil bo‘lolmasligini aytadi:

- To‘qqiz foiz bu juda yaxshi. Hozir banklar 18 foizgacha kredit beradi. Masalan 100 million olsangiz bir yilda 18 million foiz to‘laysiz. Lekin gap bunda ham emas. Gap banklarda. Masalan, naqd pul bilan plastik kartochkadagi pulning orasidagi farq hozir 20 foiz. Bir yildan keyin 30ga ham chiqadi. Ikkinchidan, banklar pul o‘tkazmalariga 3 foizgacha xizmat haqi oladi. Bu juda ko‘p. Uchinchidan, banklar abonplata, ya’ni hisob raqami ochgandan keyin eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida har oy pulingizdan chegirib oladi. Mana shular tadbirkorning ko‘nglini ishdan sovutadi. Toki bank tizimida islohot bo‘lmas ekan, tadbirkorning ishi olg‘a siljimaydi, dedi tadbirkor.

Ozodlik bilan Telegram orqali bog‘langan toshkentlik tadbirkorlardan biri banklar xodimlari mikrokreditlar taklifi qilingan varaqalar tarqatayotganini bildirdi.

"Uyma-uy yurib tarqatib yurishibdi.. O‘zim Chilonzorda do‘konim bor. Bankka telefon qilib, do‘konga xolodilnik olib berasizlarmi, deb so‘radim. Keling, nima hujjat qilish kerakligini aytamiz, deyishdi. Ko‘ramiz hali. Agar avvalgiday hujjatbozlik bo‘lsa, rahmat, deb kelaveramiz. Chunki, oldin bankka necha bor borgan bo‘lsam, nimaga kelding, kimga kelding ishi bo‘lmas edi. Ayniksa, eshik oldida militsiya xodimi, ha nega kelding, deb qo‘pol muomilasi bilan kayfiyatingni tushirvorardi," deb yozdi toshkentlik tadbirkor.

Ozodlik suhbatlashgan tadbirkorlar bank tizimini isloh qilmasdan, naqd va hisob raqamiga o‘tkaziladigan pul o‘rtasidagi farqni tugatmasdan, valyutaning qora bozor va rasmiy kurs o‘rtasidagi katta tafovutni yo‘qotmasdan turib, bu sohada ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishiga ishonmasliklarini aytadilar.

XS
SM
MD
LG