Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:33

Rossiya deportatsiya lagerida saqlanayotgan o‘zbekni O‘zbekiston qabul qilmayapti (VIDEO)


Rossiyadagi muhojirlarni saqlash markazlaridan birining kamerasi (Chelyabinsk shahri)
Rossiyadagi muhojirlarni saqlash markazlaridan birining kamerasi (Chelyabinsk shahri)

Rossiyaning Xanti-Mansi avtonom okrugida joylashgan Xorijliklarni vaqtinchalik saqlash markazida 1,5 yildan buyon qolayotgan asli surxondaryolik Zarifbek Bashirov O‘zbekiston va Rossiya hukumatlariga uni ozodlikka chiqarishni so‘rab videomurojaat qildi. Markaz rahbariyati O‘zbekiston 1994 yilda Rossiyaga chiqib ketgan Zarifbekni vatandoshi sifatida tan olmayotgani, Rossiya sudlari esa uni “o‘z yurtiga” chiqarib yuborish kerakligi to‘g‘risida hukmlarni chiqarayotganini gapirmoqda. Rossiyaning boshqa deportatsiya markazlarida qolayotgan o‘zbekistonliklar ham o‘zlari tushgan vaziyatga e’tibor qaratishga urinmoqda.

Yoshi 40 qa kirgan Zarifbek Bashirov 1 yilu 7 oydan buyon Surgut shahri yaqinida joylashgan Xorijliklarni saqlash markazi – SUVSIGda ushlab turilibdi.

Ozodlikka murojaat qilgan Zarifbek o‘zi asli surxondaryodan ekani, ammo hanuz Sovet pasporti bilan Rossiyada yashab kelishini gapirib berdi.

- 1994 yilda Surxondaryodan qayddan chiqib, Toshkentga qo‘yaman deb qo‘yolmasdan, Rossiyaga kelib qolganman. 1998 yildan beri men uyga bormaganman. 2015 yil sentyabrda Xanti-Mansiyskka pasportimni almashtiraman, deb borgan edim, politsiya ushlab oldi va sud qilib haligacha izolyatorda o‘tiribman. Ishim qo‘rib chiqilmayapti: 4 marotaba Novosibirskdagi konsulga murojaat qilishibdi – ular “fuqaromiz emas”, debdi. Moskvadagi elchixonadan “2000 yilgacha pasport olmagan bo‘lsa, fuqaromiz bo‘lolmaydi!”, deb otkaz qilishdi. Bu yerda esa 4 marotaba mahalliy sudlarga, Rossiya Oliy Sudiga yozdik – natijasiz javob keldi. Ishimni hech kim ko‘ramyapti, dedi Zarifbek.

Suhbatdosh Rossiya sudlari va mutassaddi idoralari ham uni mamlakatdan badarg‘a qilish kerakligi to‘g‘risida birin-ketin qarorlarni chiqargani, O‘zbekiston esa uni qabul qilishni istamayotganini aytadi. Zarifbek Bashirov qonunga ko‘ra uni 6 oydan ko‘p ushlashga haqlari yo‘qligini bildirib, ikki davlat hukumat rahbarlariga videomurojaat hozirladi.

- Menga farqi yo‘q! Menga rossiyskiy pasport berishsa, O‘zbekistonga ham chiqib keta olaman. O‘zbekistonga yuborishsa ham mayli - bir ilojini qilish kerakku bular! Odamlar uzog‘i bilan 1-2 oyda chiqib ketyapti. Bu yerdagi xodimlar “Sen aybdor emassan!”, deyishayapti. Ammo hech narsa qila olmaymiz deyapti, dedi Ozodlik orqali murojaat qilgan Zarifbek Bashirov.

Bashirov masalasida Ozodlik Xanti-Mansiysk-Yugra avtonom okrugidagi Xorij vatandoshlarini saqlash markaziga so‘rovnoma yubordi. Bu masalada tushuntirish bergan va o‘zini idora direktori Boris Stanislavovich deb tanishtirgan xodim Zarifning vaziyatini “paradoksal”, deb atadi.

- Ha, Bashirov Zarif degani bizda bor. Qonunchiligimizda markazda saqlashning eng aniq muddati belgilanmagani bois ushlab turibmiz. Konsul uni O‘zbekiston vatandoshi emasligini va unga biror hujjat bermasligini gapirmoqda. U bu qarorlar ustidan arz qilib Oliy Sudgacha bordi – natija bo‘lmadi. Shunday paradoksal holat. Biz unga hozir Rossiya hududida legallashishga ko‘mak berishga urinayapmiz, dedi vaziyat boshi berk ko‘chaga kirib qolganini tushuntirishga uringan SUVSIG direktori.

Boris Stanislavovich Zarifbekning ma’muriy jazo uchun 1,5 yildan buyon izolyatorda saqlanishini Rossiyada qabul qilingan migratsiya qonunchiligining nobopligi bilan izohladi.

"Puling bo‘lsa ketasan!"

Ayni paytda, Ozodlik ulkan Rossiyaning turli mintaqalarida joylashgan deportatsiya markazlarida ham ayni vaziyat yuzaga kelgani borasida xabarlarni olishni davom etmoqda. Bu markazlarga sud qarorlari bilan keltirilgan minglab, jumladan, o‘zbek mehnat muhojirlari uzoq vaqt mobaynida chiqib keta olmayotganidan arz qilmoqda.

Andijonlik Azamat Egamov bir necha oydan buyon Permdagi deportatsiya lagerida saqlanayotgani va ma’muriyatning ularga bo‘lgan munosabati ustidan shikoyat qilib video orqali murojaat qildi.

- Mana shu yerda men maxsus priyomnikda 3 oydan beri o‘tiraman. Undan tashqari bir qancha o‘zbeklar bor – kim 4 oy, kim 10 oylab har xil sabablar bilan ushlab o‘tirilibdi. Men zamdirektor Korolev Andrey Nikolaevichga murojaat qilgan edim, u “Puling bormi? Pul bo‘lsa jo‘natamiz - pul yo‘q”, deb aytdi. Bu yerdagi hamma O‘zbekiston vatandoshlariga shunday gapirar ekan u. Ortiqcha gapirsak, OMON chaqirtirayapti. Bir marotaba OMON kelib, hammani urib-qo‘rqitib ketdi. Ovqatiga qarab bo‘lmaydi. Korolev “Sen o‘zbeklarni mana shu erda chiritaman!”, deb baqirayapti. Bizni jo‘natishga ajratilgan pullar qaerga ketayapti? Shu holatlarni kelib tekshirishingizlarni so‘rardik, dedi andijonlik Azamat.

XS
SM
MD
LG