Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:44

BMT qo‘mitasi O‘zbekiston ma’murlari mahbusni qiynoqqa solganini e’tirof etdi


Qayum Ortiqov farzandi bilan
Qayum Ortiqov farzandi bilan

BMT inson huquqlari ko‘mitasi O‘zbekiston huqumatiga Qayum Ortiqovning shikoyatidagi qiynoqlar faktlariga asosan qabul qilingan qarorda bayon qilingan xolatlar yuzasidan xolis va samarali tekshiruv xarakatlari olib bormaganini va O‘zbekiston ma’murlari Qayum Ortiqovga nisbatan qiynoq qo‘llaganini e’tirof etdi.

Bu haqda Ozodlikka O‘zbekistonda tashkil etilgan va hozirda qarorgohi Fransiyada joylashgan Inson huquqlari “O‘tyuraklar klubi” rahbari Mo‘’tabar Tojiboeva bildirdi.

Tashkilot rahbariga ko‘ra, BMT Inson huquqlari ko‘mitasining Inson huquqlari bo‘yicha departamenti boshlig‘i Ibragim Salama imzolagan xujjatda Mo‘’tabar Tojiboeva tomonidan Qayum Ortiqov masalasida BMTga topshirilgan shikoyat yuzasidan 2016 yilning 25 oktabr kuni qaror qabul qilingani bayon qilingan.

Tojiboevaning aytishicha, uning shikoyatida “O‘zbekistondagi jazoni o‘tash muassasasida saqlangan Qayum Ortiqovga nisbatan vahshiyona qiynoqlar qo‘llagan qamoqxonalar ma’murlaridan tortib ularning topshiriqlarini so‘zsiz amalga oshiradigan maxsus shaxslar haqida ham imkon darajasida to‘liq ma’lumotlar berilgan”.

“Qayum Ortiqov va uning turmush o‘rtog‘i Mohira Ortiqovalarni biz O‘zbekistondagi sistematik qiynoqlarga qarshi kurashuvchi eng faol insonlar sifatida tan olishimiz kerak”, dedi Mo‘’tabar Tojiboeva Ozodlik bilan suhbatda.

Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasida besh yil qo‘riqchi bo‘lib ishlagan Qayum Ortiqov 2009 yilda odam savdosida ayblanib¸ 6 yillik qamoqqa hukm qilingan edi.

Qariyb ikki yarim yil uydirma ayb bilan qamoqda ushlanib¸ Britaniya foydasiga josuslik aybiga iqror qildirish uchun shafqatsiz qiynoqlarga solingan Ortiqov¸ Ozodlik bilan 2016 yil bahorida o‘tkazilgan suhbatda bu qiynoqlar qo‘lga olingan kundan boshlanishini aytib bergan edi:

- Qiynoqlar O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlarining doimiy kundalik dasturiga kiritilgan. Tergov jarayoni qiynoqlarsiz o‘tkazilmaydi. Ular qiynoqlarni uch xil tarzda amalga oshirishadi. Eng dahshatli¸ noinsoniy qiynoqlar siyosiy mahkumlar¸ diniy ekstremizmda ayblanganlar va josuslikda gumon qilinganlarni qilmagan ishini bo‘yniga qo‘yish uchun qo‘llaniladi. Bu qiynoqlar to‘xtovsiz¸ uzoq muddatda amalga oshiriladi, degan Qayum Ortiqov.

Shu kunda 47 yashar sobiq harbiy Qayum Ortiqovga 2014 yili AQShdan boshpana berilgan.

Qayum Ortiqov Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasida 5 yil — 2004 yildan 2009 yilga qadar qorovul bo‘lib ishlagan.

Unga qadar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlariga qarashli Chirchiq garnizonida harbiy xizmatchi bo‘lgan Qayum Ortiqov 2008 yilning 26 dekabrida hibsga olingan edi.

Sobiq harbiyga uning yordamida Rossiyaga ishlagani ketgan va u erdan maoshini to‘liq ololmay qaytgan bir necha hamyurtining da’vo arizasi asosida odam savdosiga aloqadorlik aybi qo‘yilgan edi.

2009 yilning yanvarida Toshkent shahar Chilonzor tumani Jinoyat ishlari sudi ayni ayblov asosida Ortiqovni 6 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.

Ammo, hibsga olinganidan biroz o‘tib, panjara ortida Ortiqovga josuslik aybini qo‘yishga urinish boshlangani haqida ilk bor uning rafiqasi - Mohira Ortiqova xalqaro axborot vositalariga intervьyu bergan va turmush o‘rtog‘i qiynoqlarga solinayotganini da’vo qilgan.

2011 yilning 4 mayida muddatidan avval ozod qilingach, darhol oilasi bilan mamlakatni tark etgan Ortiqov 2012 yilda Buyuk Britaniyada chop etiladigan The Independent nashriga ilk intervyusida qiynoqlardan gap ochgan edi.

XS
SM
MD
LG