16 yanvar kuni Bishkekning Dacha qishlog‘ida sodir bo‘lgan aviahalokatdan jabrlanganlarga atalgan gumanitar yordamlarni fojeaga aloqador bo‘lmagan oilalar ham olayotgani, boshpanasiz qolganlarga berilgan “Semetey” mehmonxonasidagi joylarda fojeaga aloqador bo‘lmagan odamlarning yashayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda mahalliy aholi Ozodlikka so‘zlab berdi. Bundan tashqari, Dacha qishlog‘ining ba’zi yashovchilari fojea kuni uyidan qimmatbaho buyumlari o‘g‘irlab ketilganini ham iddao qilmoqda.
Aviafalokatga uchragan turk uchog‘i Zayirbek Akmatovning uyiga 20 metr yetmasdan qulagan.
O‘sha kuni Akmatov birinchilardan bo‘lib yaralanganlarga ko‘mak ko‘rsatganini aytdi.
Uning qo‘l telefonidagi videoda uchuvchilardan birining o‘sha paytda tirik bo‘lgani tasvirlangan.
Fojeadan bir necha kun o‘tib Zayirbek videoni jurnalistlarga sotmoqchi bo‘ldi:
- Uchoq qanday portlagani, qanday yongani bo‘yicha menda suratlar bor. Telefonda bir turk uchuvchisining menga gapirayotgani bor. Biroq nima deganini tushunmadim. O‘tgan kuni bir kanal jurnalistlari bu videoni ko‘chirib olib, telefonimga ming birlik solib berdi. Agar rozi qilsanglar videoni sizlarga ham beraman, -dedi Zayirbek.
Unga o‘xshab aviahalokatdan foyda ko‘rmoqchi bo‘lganlar boshqalar ham borligi aytilmoqda.
Dacha qishlog‘i yashovchisi Ajar Mamatova, hozir qishloqqa kelgan gumanitar yordamlarni qo‘shni qishloq yashovchilari ham olayotganini aytti:
- Yordamning hammasi masjidga kelib o‘sha yerdan berilayapti. Biroq fojeaga aloqador bo‘lmaganlar ham kelib yordam olishayapti. Pastki Dacha va Jani-Jer degan qishloqdan kelib yordam olayotganlar ham bor ekan. Shuning uchun bundan buyon yordamni ro‘yhat bilan berishga qaror qildik, - dedi Ajar Mamatova.
16-yanvar kuni aviafalokatning ilk damlarida foyjeadan foydalanmoqchi bo‘lganlar jamoatchilik noroziligiga uchradi.
Mahalliy aholining ba’zilar uyida o‘g‘irlik bo‘lganini aytmoqda. Aholiga ko‘ra, fojeadan foydalanib qolganlar orasida qutqaruvchilar bilan militsiya hodimlari ham bo‘lgan.
Favqulotda holatlar ministri Qubatbek Bo‘ro‘nov, o‘g‘rilik yuzasidan hodimlarni javobgarlikka tortish uchun dalil yo‘qligini biroq, fojea joyida mingdan ortiq odam bo‘lgani aytti.
- Agarda qutqaruvchilar qandaydir bir buyumni o‘g‘irlagani bo‘yicha video yoki fakt bo‘lsa bizga beringlar, biz chora ko‘ramiz. Biroq fojea bo‘lgan joyda 300dan ortiq qutqaruvchi, 500dan ortiq militsiya hodimi, yuzga yaqin Milliy gvardiya askarlari, 50dan ortiq mediklar ishladi. Umumiy 1100 dan ortiq odam ishladi. Shu sababli inson faktori bo‘lishi mumkin. Agarda aniqlansa chora ko‘ramiz, -dedi Bo‘ro‘nov.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Almazbek O‘ro‘zaliev 16-yanvardagi uchoq fojeasidan keyin “o‘g‘irlik” holati bo‘yicha bir fakt aniqlanganini aytti.
Bundan tashqari, hukumat komissiyasi tomonidan uy-joyidan ajrab, boshpanasiz qolganlarga “Semetey” mexmonxonasidan ajratilgan joyda jabrlanganlarga aloqador bo‘lmagan odam yashayotganini aniqlagan.
Militsiyaning Ozodlikning qirg‘iz hizmatiga ma’lum qilishicha, Issiq-Ko‘ldan bo‘lgan 25 yoshli shaxs o‘zini jabrlangan qilib ko‘rsatib, hukumat va prezidentdan kompensatsiya olishga harakat qilgan.
Tekshiruvda ma’lum bo‘lishicha, u aviahalokatni eshitganidan keyin Dacha qishlog‘iga borgan va qutqaruvchilarga jabrlangan odam sifatida ismi sharifini o‘zgartirib aytgan. Hozirda uning hibsxonada ekani ma’lum bo‘ldi.
16-yanvar kuni ertalab Turkiyaning “Boing-747-400” yuk tashuvchi uchog‘i “Manas” aeroportiga yaqin joylashgan Dacha qishlog‘iga qulagan. Natijada 38 odam vafot etgan, 26 kishi jarohatlangan. Qishloqdagi 19 uy to‘la vayron bo‘lgan.
Vafot etganlarning 4 nafari ekipaj a’zolari, 34 nafari qishloq yashovchilari. Ularning orasida 17 nafari yosh bolalar bo‘lgan.