AQSh prezidenti Donald Trampning inuguratsiyasi ortidan bugun Vashingtonda asosan ayollardan iborat o‘n minglab odam "Ayollar marshi"da qatnashishi kutilyapti. Ushbu norozilik tadbiri janob Trampning saylovoldi kampaniyasi payti ayollarni kamsituvchi chiqishlariga norozilik ifodasi o‘laroq tashkillashtirilmoqda.
Ikki yuz ming odam chiqishi kutilayotgan Vashingtondagi "Ayollar marshi"da faollar, siyosatchilar, huquq himoyachilari bilan bir qatorda taniqli aktrisa Skarlett Yoxansson, rejisser-dokumentalist Maykl Mur va Vashington hokimi Myuriel Bouzerlar qatnashishi kutilyapti.
Yana yuzlab shunga o‘xshash tadbirlar bugun dunyo bo‘ylab o‘tkaziladi. Ayni paytda Avstraliya, Yangi Zelandiya va Yaponiyada ayollarning Donald Trampga qarshi namoyishlari rejalangan.
Sidneydagi norozilik yurishida uch mingga yaqin odam ishtirok etgan, ular AQSh konsulligi binosiga qarab yurishgan.
Germaniya poytaxti Berlinda namoyishchilar Brandenburg darvozasi tomon yurishdi.
Fransiya poytaxti Parijdagi namoyishlarni Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi muxbiri Maykl Skollon kuzatmoqda.
AQShning o‘zida Trampning qasamyod marosimi ortidan norozilik namoyishlari bo‘lib, politsiya va namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.
20 yanvar kuni 70 yoshli Donald Tramp AQShning 45-prezidenti sifatida qasamyod qildi.
Janob Tramp saylovoldi tadbirlari payti ayollarni kamsituvchi bayonotlari uchun tanqidlarga uchragandi.
Endilikda ayollar AQSh poytaxti Vashington va Nyu York hamda boshqa yirik shaharlar ko‘chalariga chiqib, Trampga bo‘lgan o‘z noroziligini ifoda etmoqda.
20 yanvar kuni Nyu Yorkdagi Trampga tegishli "Trump Tower" osmono‘par bino tashqarisida ham norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Ayni paytda AQShda Trampni qo‘llovchilar ham namoyish o‘tkazadi.
Trampni qo‘llovchi bir guruh mototsiklchi 20 yanvar kuni namoyishga chiqqandi.
70 yoshli Donald Tramp oxirgi 25 yil ichida eng past reyting bilan ish boshlagan prezidenilar qatoriga kirmoqda.
Gallup ijtimoiy markazi shu oy boshida o‘tkazgan so‘rov amerikaliklarning 55 foizi Donald Trampga salbiy qarashda ekanini ko‘rsatmoqda
2009 yilda Barak Obama prezident sifatida vazifasiga kirishganida unga nisbatan salbiy qarashda bo‘lganlar AQShda 18 foiz edi.
AQShning saylangan vitse-prezidenti Mayk Pensga nisbatan salbiy qarashdagilar Trampga qaraganda kamroq, 37 foizni, ijobiy qaraydiganlar esa 40 foizni tashkil etadi.