Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 14:14

General Do‘stumning 9 nafar yaqini hibsga olinadi


Afg‘oniston vitse-prezidenti Abdurashid Do‘stum
Afg‘oniston vitse-prezidenti Abdurashid Do‘stum

Afg‘oniston Bosh prokuraturasi mamlakat vitse-prezidenti Abdurashid Do‘stumning 9 nafar tansoqchi va yaqinini hibsga olish haqida order berdi. Prokuratura vakilining Ozodlikka aytishicha, bu shaxslar Juzjon viloyati sobiq hokimi Ahmad Ishchini kaltaklab tahqirlaganlikda gumonlanmoqda.

Afg‘oniston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati mulozimi Jamshid Rasuliyning 24 yanvar kuni Ozodlik radiosiga aytishicha, mamlakat xavfsizlik kuchlari sobiq hokimni kaltaklab tahqirlashda gumonlangan 9 kishini qo‘lga olishga kirishgan.

“Tergov bu harakatlarni sodir etgan 9 kishini hibsga olishga qaror qildi”, dedi Jamshid Rasuliy.

Prokuratura mulozimining aytishicha, Abdurashid Do‘stum yoki uning vakili tergov berish uchun prokuraturaga chaqirtirilgan va u kelmagan taqdirda Do‘stumni o‘zini hibsga olish haqida qaror olinadi.

Afg‘oniston vitse-prezidenti Abdurashid Do‘stumning siyosiy raqiblaridan biri bo‘lgan Ahmad Ishchining da’vo qilishicha, general Do‘stum va uning qo‘riqchilari uni kaltaklaganlar, kiyimlarini echib tashlaganlar va unga nisbatan jinsiy tajovuz mimikasini qilganlar.

“Janob Do‘stum meni uyiga olib bordi. Uyiga kirayotgan paytimizda Do‘stum o‘z qo‘riqchilarini chaqirib, meni mashinadan tortqilab tushirishdi. Tanamda uloq libosi bo‘lganini ko‘rgan Do‘stum besh nafar qo‘riqchisiga kiyimlarimni echishni buyurdi, ular ichki kiyimlarimni ham echib tashlashdi,” deya hikoya qilgan edi Ahmad Ishchi.

Uning iddao qilishicha, Do‘stumning qo‘riqchilari, shuningdek, unga nisbatan jinsiy tajovuz mimikasini qilganlar va shu holatda uni suratga olganlar.

Ahmad Ishchi
Ahmad Ishchi

General Do‘stum sobiq hokimning bu ayblovini "provokatsiya" deya inkor etgan.

Abdurashid Do‘stumning aytishicha, Ahmad Ishchi u tomonidan emas, balki mamlakat xavfsizlik xizmati tomonidan hibsga olingan.

"U (Ishchi) Afg‘on xavfsizlik xizmatlari tomonidan muxolifatni moliyalashda gumon qilinib hibsga olingan," deya bayonot bergan edi General Do‘stumning so‘zchisi.

"Ba’zi noma’lum doiralar ancha vaqtdan buyon birinchi vitse-prezidentga qarshi harakat bo‘layapti," deya ilova qilinadi bayonotda.

Ammo, shu paytgacha general Do‘stum matbuot xizmati vitse-prezidentning to‘qqiz nafar tansoqchi va yaqinlarining hibsga olinishi haqidagi prokuratura qaroriga munosabat bildirgani yo‘q.

Juzjon viloyati sobiq hokimi Ahmad Ishchining Ozodlik radiosiga aytishicha, Afg‘oniston Bosh prokuraturasi general Do‘stumning tergov tugaguncha o‘z vazifasidan ozod etilishini so‘rab mamlakat Oliy sudiga so‘rovnoma jo‘natgan.

Prezident Ashraf G‘aniy idorasi hodisa yuzasidan har tomonlama tekshiruv o‘tkazishga va’da bergan edi.

"Afg‘on hukumati uchun hech kim qonundan ustun tura olmaydi. Qonun ustuvorligi va javobgarlik hukumatning o‘zidan boshlanadi va biz bu taymoyilga sodiqmiz," degan edi Afg‘oniston prezidentining so‘zchisi Horun Chaxansuriy.

Yevropa Ittifoqi va AQSh ham sobiq hokim ilgari surgan da’volar yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan.

XS
SM
MD
LG