Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2025, Тошкент вақти: 03:35

Qizini jurnalistlar kaltaklaganini iddao qilgan ayol Mirziyoevga shikoyat qildi


Xorazm viloyatining Urganch shahrida istiqomat qiluvchi 64 yashar pensioner Adela Xudoyberganova O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevga murojaat qilib, mahalliy kuch ishlatar tuzilmalari uni va qizining huquqlarini poymol qilgani, yolg‘iz o‘g‘lini esa noqonuniy ravishda qamoqqa tashlaganini iddao qilmoqda.

“5 yildan buyon mening huquqlarimni poymol qilayotgan bu amaldorlar bois bu yurtda, umuman, bu hayotda yashagim kelmay qoldi”, dedi Ozodlik bilan suhbatda Xudoyberganova.

Uning da’vo qilishicha, 36 yashar o‘g‘li Otabek Xudoyberganov Urganch shahar IIB tomonidan "giyohvandlik vositalarini saqlash va o‘tkazishda" gumon qilinib, "qonunga zid ravishda ushlangan va shahar sudi tomonidan aybi isbot etilmagan holda 5 yilga qamoqqa hukm qilingan".

Jurnalistlar tomonidan kaltaklangani iddao qilingan Zulfiya Xudoyberganovning sud-med ekspert tomonidan qayd etilgan surati
Jurnalistlar tomonidan kaltaklangani iddao qilingan Zulfiya Xudoyberganovning sud-med ekspert tomonidan qayd etilgan surati

​Shuningdek, ayol o‘tgan yilning 9 noyabrida bo‘lgan mahkama jarayonini tasvirga olgan "mahalliy telekanal jurnalistlari uning qizini kaltaklagani, mahalliy IIB va hukumat idoralari ona-qizning shikoyatlarini e’tiborsiz qoldirganini" iddao qilmoqda.

“9 noyabr kuni sud o‘g‘lim ustidan hukm chiqardi. Xorazm viloyati televideniesi jurnalistlari esa mahkamani videoga ola boshladi. Shunda qizim ularga yaqinlashib, sokin ohangda qaysi asosda jarayonni tasvirga olayotganini so‘radi. Ammo, ular qo‘pollik qildi va oxiri, o‘rtada janjal chiqdi. Mahkamadan so‘ng jurnalist, deb nomlangan kasb egalari qizimni uyatli so‘zlar bilan so‘kib, haqoratlab, kaltaklashdi”, deb iddao qildi Adela Xudoyberganova.

Uning da’vosicha, qizi jarohatlar bilan shifokorga borishga majbur bo‘lgan. Ammo, hozirga kelib, jurnalistlar ona-qizning ustidan “ikkalasi bizni kaltakladi”, deb da’vo arizasi kiritgan va ana shu ariza asosida Xudoyberganovalar ustidan jinoyat ishi ochilgan.

“Bizga O‘zbekiston JKning 277-moddasi “g” bandi bilan jinoyat ishi ochishdi. Go‘yoki, biz 3 erkakni shafqatsizlarcha kaltaklabmiz. Xullas, bizni bezorilikda ayblashdi. Keyin qizim Toshkentga - Ichki ishlar vazirligiga borganida, uni o‘sha yerdan hibsga olib, Xorazmga olib kelishdi. Bilsak, qizimga respublika ichida qidiruv e’lon qilib yuborishibdi. Xullas, viloyatimizda qonunsizlik avj olgan”, deb da’vo qildi Adela Xudoyberganova.

Uning da’vosicha, qizining kaltaklanganini tasdiqlovchi sud-med ekspert xulosasi, uyali telefonga olingan video va suratlar ham shahar, viloyat IIB va prokuratura tomonidan inobatga olinmayotir.

Natijada, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning virtual qabulxonasiga ariza yo‘llagan urganchlik pensioner sud majlisi boshlanmasidan turib, bu murojaatini Ozodlik orqali ham eshittirishga qaror qilganini aytdi.

“Biz kecha hukumat portalida qoldirgan murojaatimizga vakolatli shaxs e’tibor qaratishini iltimos qilamiz. Bizni prezidentimiz qabul qilsinlar, iltimos!” deb murojaat qildi urganchlik pensioner Adela Xudoyberganova.

3 fevral kuni Xorazm viloyatining Jinoyat ishlari bo‘yicha Shovot tuman sudida ona-qiz - Adela va Zulfiya Xudoberganovalar ishi ko‘rilishi kutilmoqda.

Ozodlik bu oila taqdirini kuzatishda davom etadi.

XS
SM
MD
LG