O‘quvchisini urgan ingliz tili o‘qituvchisiga hayfsan berildi Namangan shahridagi 43- o‘rta maktabda 2 fevral kuni 7 sinfda dars beraëtgan chog‘ida o‘quvchi qizni kaltaklagan ingliz tili muallimasi Z. bilan bog‘liq voqea Namangan viloyat xalq ta’lim boshqarmasida 4 fevral kuni ko‘rib chiqildi.
43- o‘rta maktabdagi o‘qituvchilardan birining Ozodlikka aytishicha¸ maktab direktori Muqaddam Qambarovaga ogohlantirish berilgan. Voqea aybdori sifatida ko‘rilgan ingliz tili muallimasiga hozircha hayfsan berilgan. Ayni makatbda farzandi o‘qiydigan ota-onalardan birining Ozodlikka aytishicha¸ maktabdagi o‘quvchining kaltaklangani haqidagi ota-ona shikoyati, viloyat hokimi virtual qabulxonasiga borib qaytganidan keyin, xalq ta’limi boshqarmasida muhokama qilingan.
Namangan viloyat hokimligi virtual qabulxonasidagi ismi sir qolishini istagan mulozimning Ozodlikka aytishicha, o‘qituvchini kaltaklagan muallimaning ishi 14 fevralgacha bo‘lgan muddatda jiddiy ko‘rib chiqiladi:
- Har xolda uni ishdan bo‘shatishsa kerak. Istasangiz, bizga kelgan shikoyatni o‘qib beray¸ faqat ota-onaning va kaltaklangan o‘quvchining ismi oshkor bo‘lmasin. Demak, mana shikoyat: Qizim Namangan shahar 43 maktabning 7- "I" sinfida o‘qiydi. Qizim chet tili darsida o‘qituvchining savoliga javob bera olmagani bois o‘qituvchisi uni uribdi. Nima haqqi bor urishga? Bu o‘qituvchiga nisbatan chora ko‘rib berishingizni so‘rayman.
Mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ o‘z o‘quvchisini urgan o‘qituvchi masalasi bu yil hisobiga viloyatda ilk marotaba muhokama qilinmoqda.
43- maktabdagi voqeadan habardor bo‘lgan namanganliklardan biri Ozodlikka maktub yozib dars paytida urilgan o‘quvchi qiz hushidan ketib qolganini iddao qildi. Namangan viloyat hokimligidagi rasmiylar va 43- maktab o‘qituvchilari bu iddaoni Ozodlik bilan muloqotda tasdiqlamadi.
Ularga ko‘ra¸ ingliz tili muallimasi achchiq ustida darsini qilmagan o‘quvchini boshiga kitob bilan urgan va qiz hech qanday jiddiy jarohat olmagan.
O‘quvchini jazolash kerakmi?
Ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentidagi muhokamalarda ko‘pchilik o‘quvchilarga jismoniy jazo berilishini yoqlaganini ko‘ramiz. Uforum.uz sahifasida fikr bildirgan yuzer To‘lqin Eshbekov “kaltaklab saboq berishni” samarali deb biladi: “Bolaligida ko‘p jazolangan bolalar ulg‘ayganida etuk insonlarga aylanishgan. Hech qachon dashnom ham eshitmaganlar ulg‘ayganida xam bir chetda "ko‘rinmay" yuraverishadi...” deya ëzadi yuzer.
Yana bir yuzer Lutfilla Tursunov esa kaltaklab saboq berish “uslubini” o‘z misolida tasvirlaydi: “O‘zini tuta olmagan bolani sekingina xonamga olib kirardimu tavbasiga tayanmaguncha do‘pposlardim. Do‘pposlagandayam biror eriga jarohat etmaydigan qilib "avvaylabgina" urardim, keyin ruhiy tarafdan bosim o‘tkazib, uning boshqalarga shikoyat qilishining oldini olardim...”
Forumning Nigora Umarova ismli yuzeri o‘quvchilarni kaltaklamaslik kerak, degan ozchilik ichida: “Xalqimizda ursang eti qotadi, urishsang beti qotadi, degan dono gap bor. Ish tajribamdan kelib chiqqan holda fikrimcha, o‘quvchiga uning kamchiliklarini do‘stona ohangda yotig‘i bilan tushuntirish kerak”.