Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 08:15

MXX tekshiruvida bo‘lgan Nukusdagi san’at kolleksiyasi Moskvada ko‘rsatiladi


Muzey durdonasi bo‘lgan Usto Mo‘min asari
Muzey durdonasi bo‘lgan Usto Mo‘min asari

Prezident Shavkat Mirziyoevning Rossiyaga safari doirasida Nukusdagi Savitskiy nomidagi muzey durdonalaridan tarkib topgan ko‘rgazma aprel boshida Moskvadagi Pushkin muzeyida tantanali tarzda ochiladi.

Bu haqda Ozodlikka bildirgan Savitskiy muzeyining vaqtinchalik rahbari Anora Fahriddinovaga ko‘ra¸ shu kunlarda ko‘rgazmaga tayorgarlik qizg‘in ketmoqda.

Toshkentlik munaqqid Akmal Rizaevning yozishicha, Moskvadagi Pushkin nomidagi tasviriy san’at muzeyi direktori Marina Loshak xonim Nukus muzeyiga borib, o‘sha joyning o‘zida Rossiya poytaxtida ko‘rgazma o‘tkazish qaroriga kelgan.

Xavotirlar

Ozodlik bilan suhbatda Akmal Rizev ayrim asarlar qalbakilashtirilgani tekshirilayotgan Savitskiy muzeyi kolleksiyasini Moskvaga jo‘natilishi borasida xavotirlarini bildirdi:

- Voqealar tadrijiga ko‘ra, muzey direktori Maqset Qarliboev ishdan bo‘shash haqida ariza yozgan. Iste’fo qabul qilingan. Uni ishdan bo‘shatish haqida qaror bundan ikki hafta oldin Moskvadagi Pushkin nomidagi tasviriy san’at muzeyi direktori Marina Loshakning Nukus muzeyiga borganidan keyin qabul qilindi. Kechuv paytida otlar almashtirilmaganidek¸ muzey tarixidagi ilk yirik ko‘chma ko‘rgazma paytida direktor ishdan bo‘shatilmasligi kerak edi. Asosiy tashvishim Moskvaga jo‘natilayotgan Nukus muzeyidagi Turkiston avangardi rassomlarining unikal kolleksiyasiga oid ba’zi rasmlar kriminal guruhlar qo‘liga tushish ehtimoli bilan bog‘liq¸ deydi munaqqid.

Savollar

Suhbatdoshga ko‘ra, MXX tarafidan Nukus muzeyidagi kolleksiyaning saqlanishi yuzasidan keng qamrovli tekshiruvlar davom etaëtgan bir paytda taftish ostidagi rasmlarning Moskvaga jo‘natilayotgtani ko‘p savollar tug‘dirmoqda.

-Tashvishli savol shuki¸ uch –to‘rt yil oldin O‘zbekiston Davlat san’at muzeyiga oid bo‘lgan asar Moskvaga ko‘rgazmaga olib borilib, qalbakisiga almashtirishga urinish bo‘lgan. Bu muzeyning hozir qamoqda jazo o‘tayotgan bosh muhofizi Mirfayz Usmonov delosini varaqlasangiz ko‘p narsa topasiz. Kuxnyani bilgan odam sifatida aytaman sizga. Moskvaga yuborilayotgan asarlar oddiy foto inventarizatsiya ham qilinmagan. Rasmlarning rentgen tasvirini olish umuman rejada ham yo‘q. Yana bir holat prezidentning 15 fevral farmoni bilan muzey asarlari harakatini nazorat qiluvchi “o‘zbekmuzey” idorasi tugatildi. Bunday holatda rasmlar Moskvada almashtirilmasligiga kim kafolat beradi¸ deydi munaqqid Akmal Rizaev.

Taftish yakunlanmagan

Ozodlikka Qoraqalpog‘iston huquq-tartibot organlarida ishlovchi mulozimning ma’lum qilishicha, shu kunlarda Nukus muzeyidagi taftish yakunlanmagan. Har holda tekshiruv yakunlangani haqida rasmiy bildiruv yo‘q.

Qoraqalpog‘iston Bosh prokuraturasida ishlovchi mulozimning Ozodlikka aytishcha, 2015 yilning 28 avgustida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tarafidan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruvlar nihoyasiga etmagan va muzey joriy direktori Qarliboevning ishdan olinishi ushbu jinoyat ishi bilan bog‘liq emas.

Mulozimning ta’kidlashicha¸ O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati olib borayotgan taftish natijasida mazkur muzeydan umumiy qiymati 600 million so‘mga yaqin 5 kartina o‘g‘irlangani to‘g‘risidagi ma’lumot yuzaga chiqqan.

O‘z-TV "fosh qiladi"

“O‘zbekiston” telekanali “Axborot” dasturining 2015 yil 2 sentabrdagi sonida ta’kidlanishicha¸ Igorь Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq Davlat san’at muzeyida rassom Ganning “Dam olishda”, Kashinaning “Ovulda”, Safronovning “Ko‘k tasmali shlyapa kiygan ayol portreti”, Turusovning “Uzumzor” va Karaxanning “Lola tergan ayollar” asarlari o‘rniga, ularning inventar raqamlari va nomlari ostida chizish texnikasi, o‘lchamlari, materiallari, syujeti va mualliflik yozuviga ko‘ra asliga mutlaqo to‘g‘ri bo‘lmagan kartinalar saqlangan”.

Mazkur holat mutaxasislar tekshiruvi, jumladan, ultrafiolet nurlarini qo‘llash orqali analiz qilish vostasida aniqlangan.

Instruktsiyaga zid

Qoraqalpog‘iston Bosh prokuraturasida ishlovchi mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ “Muzeydagi 85 mingdan ziyod eksponatlarni taftish qilish davom etayotgan paytda asarlarning chet el ko‘rgazmasiga yuborilishi muzeylardagi eksponatlarni saqlash instruksiyasiga ziddir”.

XS
SM
MD
LG