Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 16:56

Hibsdagi tadbirkor Sulaymonov sudda soliqchilarni yana poraxo‘rlikda aybladi


Toshkentdagi Mirzo Ulug‘bek tumani sudida davlat idorasi xodimlari ta’magirligi haqida prezident Mirziyoevga videoshikoyat qilgan tadbirkor Olim Sulaymonov ustidan navbatdagi mahkama eshituvlari bo‘lib o‘tdi.

20 fevral kungi eshituvlarda Sulaymonov soliq va valyuta jinoyatlari departamenti xodimlarini undan pora talab qilganlikda aybladi, shu porani bermagani uchun 2016 yil bahrida biznesi barbod bo‘lganini aytdi.

Toshkentdagi “Optima” va “Do‘rmon biznes qurilish” shirkatlari rahbari bo‘lgan 51 yoshli tadbirkor 20 fevral kuni Mirzo Ulug‘bek tumani sud zaliga Toshkent turmasidan olib kelindi.

Olim Sulaymonov 15 fevral kuni Jinoyat Ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi tomonidan hibsga olingan edi.

U firibgarlik, tuhmat qilganlik va uydirma gaplarni ommaviy axborot vositalariga tarqatishda ayblanmoqda.

Sulaymonov yaqinlarining Ozodlikka aytishicha, 20 fevral kungi mahkama eshituvlarida guvohlar ko‘rsatmalari tinglangan.

Toshkentning Yunusobod tumani Soliq va valyuta jinoyatlari Departamenti xodimi Dilshod Hazratqulov eshituvlarda asosiy guvoh sifatida qatnashgan.

U Olim Sulaymonovni tuhmat va uydirma gaplar tarqatganlikda ayblagan.

Sulaymonov 20 fevral kungi eshituvlarda aynan Hazratqulov undan 30 ming dollarlik pora talab qilgani, shu porani bermagani uchun 2016 yil bahrida biznesi barbod bo‘lganini aytgan.

Shuningdek, mahkamada tadbirkor Olim Sulaymonovning qo‘shnilari ko‘rsatmalari tinglandi.

Mahkamadan so‘ng tadbirkor Toshturmaga olib ketildi.

Sulaymonov ustidan navbatdagi mahkama 24 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.

Olim Sulaymonov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevga davlat idorasi xodimlari ta’magirlik qilayotgani haqida shikoyat qilgani ortidan qamoqqa olindi.

Tadbirkorga nisbatan firibgarlik va tuhmat qilish bo‘yicha ish ochilgan. 2016 yil 10 oktabrda kuni Youtube.com portali orqali Shavkat Mirziëevga videoshikoyat bilan murojaat qilgan Olim Sulaymonov bo‘limi xodimi Dilshod Hazratqulovni o‘zidan noqonuniy tarzda 30 ming dollar undirishga urinishda ayblagandi.

- Yunusobod departamentidan Dilshod degan bola ertalab uyimga uch kishi bo‘lib kelib, “Hisobingizda pul bor ekan - 48 million yakka tartibdagi firmaga o‘tkazib berasiz. Bo‘lmasa, ikkita firmangizni tintuv qilamiz, jarima solamiz, ishlashga bermaymiz!”, deb 30 apreldan oktyabrw oyigacha qiynab kelishmoqda. 203 million hisobga to‘lab berdik. Ammo har xil qog‘ozlarga qo‘l qo‘ydirib, “Respublika prokuraturasi, prezident apparatida ham odamlarim bor”, deb hisob raqamlarimni berkitib qo‘ydi. Mana 6 oydan beri berkitgan bo‘lsa, jami 1,5 milliard davlatimizga zarar etkazyapti. Biz dodimizni kimga aytaylik? Qayoqqa boraylik? - deya shaxsan Shavkat Mirziyoevga videomurojaat orqali shikoyat qilgandi tadbirkor.

Sulaymonov talab qilingan mablag‘ni to‘lay olmagani uchun unga qarashli shirkat hisob raqami muzlatib qolganini iddao qilgandi.

Olim Sulaymonov videomurojaatda o‘z da’volarini shaxsan Mirziyoev yoki televidenie oldida isbotlab berishi mumkinligi, bunday ta’magirlik va bosimlar unga¸ balki aksar boshqa tadbirkorlarga ham bo‘layotganini bildirdi.

Olim Sulaymonovning Youtube tarmog‘ida paydo bo‘lgan murojaati yuz minglab foydalanuvchi tomonidan tomosha qilindi va jamoatchilik orasida qizg‘in bahslarni uyg‘otdi.

Buning ortidan prezident virtual qabulxonasi tadbirkorning bu shikoyatini qaydga oldi va darhol chora ko‘rish haqida ko‘rsatma berdi.

Ko‘p o‘tmay "O‘zbekiston" milliy telekanali tadbirkorlar muammolariga bag‘ishlangan ochiq suhbatga taklif etdi.

Bu ko‘rsatuvda qatnashgan prokuratura xodimi uning ishi ko‘rib chiqilishi va qonunbuzarlarga tegishli chora ko‘rilishini bildirdi.

Ammo, Sulaymonov advokati Amriddin Abdullaevga ko‘ra, tadbirkorning aynan matbuotda qilgan chiqishlari hamda ta’magirlik va bosimlar haqidagi da’volari prokuraturaning unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishiga sabab bo‘lgan.

Olim Sulaymonovning qamoqqa olinishi O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlari kuchga kirgan bir pallada kuzatilmoqda.

Prezident farmoniga muvofiq, 2017 yilning 1 yanvaridan tadbirkorlik sub’ektlarini ​rejadan tashqari tekshirish butunlay bekor qilingan.

XS
SM
MD
LG