Chortoqlik yigit qonuniy yo‘l bilan sotib olgan mashinasi uchun ikki yil kurasha-kurasha axiyri vafot etdi. Mirobodda tez tibbiy yordam kechikib kelgani bois fuqaro hayotdan ko‘z yumdi. Toshkentda sigaret tufayli chiqqan yong‘in inson hayotiga zomin bo‘ldi.
_______________________________________________________________
Chortoqda mashina mojarosi ortidan jabrdiyda olamdan o‘tdi
Namangan viloyati Chortoq tumanida yashagan fuqaro qonuniy yo‘l bilan sotib olgan mashinasi uchun ikki yil davomida kurasha-kurasha axiyri vafot etdi (“Jamiyat”, 17 fevral). Ismi oshkor etilmagan fuqaro 2011 yilda Rossiyada ishlab kelgan puliga chortoqlik bir kishidan “Neksiya” sotib olgan. Oldi-sottidan avval Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati mashina o‘g‘irlanmagani va kontrabanda yo‘li bilan olib kirilmaganini tasdiqlagan. Ammo fuqaro mashinani sotib olganidan ikki yil o‘tib, avtoulov jinoyat quroli sifatida musodara qilingan. Shuncha vaqtdan keyin ma’lum bo‘lishicha, mashinani sotgan chortoqlik shaxs avtomobil hujjatlarini qalbakilashtirgan ekan. Shundan so‘ng mashinani qonuniy yo‘l bilan sotib olgan fuqaro haqini undirish uchun ikki yil davomida kurashadi. Shuncha sarsongarchilikdan keyin sud fuqaroga yetkazilgan 19,6 million so‘mlik zararni mashina sotgan shaxsdan undirish haqida qaror chiqaradi. Ammo ikki yildan ortiq yugur-yugur va iztirob oqibatida fuqaro 40 yoshga ham to‘lmay vafot etadi. Qayd etilishicha, marhumning ortidan bo‘taday bo‘zlab ayoli va uch norasida farzandi qolgan. “Neksiya” avtomashinasining identifikatsiya raqamlari qalbakilashtirilgan ekan, nega unda bu borada jinoyat alomatlari yo‘qligini tasdiqlagan DYHXXning mas’ul xodimlari javobgarlikka tortilmadi?.. Agar ular o‘z imzolari va bergan hujjatlari uchun javob bermay, suvdan quruq chiqib ketaversa, bu ularning jinoyatchilar bilan til biriktirishi uchun katta yo‘l ochib berilganini anglatmaydimi?”, deb yozadi gazeta.
Miroboddagi qotillik yuzasidan hokim, prokuror va militsiya boshlig‘i yig‘ilish o‘tkazdi
Toshkent shahri Mirobod tumani “Parvona” mahallasida arzimas janjal bir insonning bevaqt hayotdan ko‘z yumishiga olib keldi (“Postda”, 18 fevral). 11 fevral kuni fuqaro N. do‘konga sigaret chekib kirib keladi, fuqaro X. esa unga do‘kon ichida sigaret chekmasligini aytadi. Bundan jahl otiga mingan N. tanbeh bergan fuqaroni yakkama-yakka gaplashib olishga tashqariga chaqiradi. Fuqaro X. ko‘z ochib yumguncha N.ning ko‘ksiga pichoq sanchadi. Chaqirilgan tez tibbiy yordam mashinasi ancha vaqt kechikib, buning ustiga birinchi tibbiy yordam uchun zarur vositalarsiz keladi va fuqaro ko‘p qon yo‘qotib vafot etadi. Jinoyat ishining boshqa tafsilotlari ochiqlanmagan. Qayd etilishicha, qotillik ro‘y bergan mahallada Mirobod tumani hokimi, prokurori va IIB boshlig‘i ishtirokida majlis o‘tkazilgan.
Sigaret tufayli kelib chiqqan yong‘inda bir kishi nobud bo‘ldi
Toshkent shahri Yashnobod tumani “Alimkent” ko‘chasidagi uyda ro‘y bergan yong‘in oqibatida 1971 yilda tug‘ilgan fuqaro nobud bo‘lgan, 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro esa tutundan dimiqib qolgan. Yashnobod tumani davlat yong‘in nazorati xizmati vakili N.Turdievning “Darakchi” nashriga ma’lum qilishicha, yong‘in sigaret qoldig‘idan kelib chiqqan. Avvalroq Ichki ishlar vazirligi 2016 yildagi yong‘inlarning salmoqli qismi mast holda tamaki chekish oqibatida yuzaga kelgani haqida xabar bergan edi.