Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 19:00

Shveysariyadagi xususiy bank Gulnoraning pulini yuvishda gumon qilinmoqda


Shveysariyadagi Lombard Odier xususiy bankining O‘zbekistondan jo‘natilgan noqonuniy pullarni yuvishga aloqasi tergov qilinmoqda. Shveysariya federal prokuraturasi bankning marhum prezident Karimovning qizi Gulnora Karimova aloqador ko‘rilgan pul yuvish jinoyatiga aloqasini tekshirish maqsadida jinoyat ishi ochganini ma’lum qildi.

Bosh prokuratura 200 yildan oshiq tarixga ega bo‘lgan Lombard Odier xususiy bankining alohida xodimlari harakatlari ma’lum muddatdan buyon tergov qilinayotgani va hozircha gumon qilinayotgan jinoyatga qancha odam aloqador ekani noma’lumligini bildirdi.

23 fevralь kuni Shveysariya Bosh prokuraturasi tarqatgan bayonotda: "Jinoyat ishi tergovi jarayonida aniqlangan ma’lumotlar... pul yuvishga oid jinoyat iddaosi va bunga daxldor shaxslar, shu jumladan O‘zbekiston sobiq prezidentining qizi ham daxldor ekaniga oid ma’lumotlar bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari bormoqda", deyiladi.

Reuters agentligiga ko‘ra, Jenevada joylashgan Lombard Odier xususiy banki 1796 yilda ochilgan va bank rahbarlarining o‘zi hisobiga kelib tushayotgan pullar noqonuniy bo‘lishi mumkinligi haqidagi gumon bilan 2012 yilda pul yuvishga oid bank amaliyotlarini tekshiruvchi organlarga murojaat qilgan.

Reuters agentligiga ko‘ra, bank matbuot kotibi O‘zbekistondan jo‘natilgan noqonuniy pullar yuvilganiga oid da’volar bir necha yildan buyon tergov qilinayotganini tasdiqlagan.

"Tergov hanuz davom etmoqda va bank tegishli idoralar bilan to‘liq hamkorlik qilmoqda", deya iqtibos keltiradi agentlik Lombard Odier xususiy banki matbuot kotibi so‘zlaridan.

Shveysariya Bosh prokuraturasi O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova aloqador ko‘rilgan pul yuvishga oid jinoyat da’volarini 2013 yildan buyon tergov qilmoqda.

AQShda chiqadigan Wall Street Journal nashriga ko‘ra, 9-10 dekabr kunlari Shveysariya prokurorlari, mamlakat mahkamasi tomonidan tayinlangan advokat ishtirokida Toshkentda Gulnora Karimovani jami 23 soat davomida so‘roq qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Bu 2012 yil yozida Shveysariya prokuraturasi Gulnora Karimovaning biznes sheriklariga qarashli bank hisoblaridagi 800 million dollarga yaqin pulni muzlatganidan beri shveytsar prokurorlarining Karimova bilan birinchi bor yuzma-yuz savol-javob qilishidir.

Bu pullarning korrupsiya va pul yuvishga aloqadorlik ayblovi asosida muzlatilishiga muvaffaq bo‘lgan Shveysariya prokuraturasi, 2013 yil sentabrida ularning asl egasi, deb 2012 yilgacha O‘zbekistonning Jenevadagi xalqaro tashkilotlardagi doimiy namoyandasi bo‘lib ishlagan Gulnora Karimova ekanini rasman gumonlab kelmoqda.

XS
SM
MD
LG