Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 15:43

O‘zbekiston bozorlarida kartoshka 1 oyda 3 barobarga qimmatlab ketdi


Sho‘rchi tumani bozorida xaridorlar kartoshka uchun navbatda turibdi. Ozodlikka 27 fevralda yetib kelgan surat.
Sho‘rchi tumani bozorida xaridorlar kartoshka uchun navbatda turibdi. Ozodlikka 27 fevralda yetib kelgan surat.

Surxondaryoning Sho‘rchi tumanida kartoshkaga navbat yuzaga kelgani haqida o‘sha yerdagi mobil muxbirimiz xabar berdi. Mavzuni o‘rganish chog‘ida O‘zbekistonning boshqa tumanlarida ham kartoshka narxi so‘nggi bir oy ichida 200 foizga qimmatlagani ayon bo‘ldi. Ozodlik suhbatlashgan kartoshka importerining aytishicha¸ respublika ozoq-ovqat zahirasiga yetarli miqdorda kartoshka yig‘ilmagani bunga asosiy sababdir.

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonning ayrim hududlari bozorlarida kartoshka narxi o‘rtacha uch baravarga qimmatladi. Toshkentning Farhod bozorida sabzavot sotadigan va o‘zini Ravshanbek deb tanishtirgan yigitning Ozodlikka aytishicha, bundan bir oy avval har kilosi 1000 so‘mdan sotilgan mahalliy kartoshka 2800 so‘mga chiqqan.

- Supermarketlarda esa kartoshka narxi 3000 so‘mga chiqdi. Lekin Chorsu bozorida Qozog‘iston¸ Belorusiya va Rossiyadan keltirilgan kartoshkalarni arzonroq olsa bo‘ladi. Lekin kartoshka tortilib qoldi bozorda¸ degan Ravshanbekning nazarida bu mavsumiy holatdir.

Kambag‘alni urma so‘kma kartoshka narxini oshir

O‘zbekistonlik blogger Klara Shodmonovaning Ozodlik muxbiriga yozishicha, kartoshka qimmatlagani - kambag‘allar uchun fojea:

- Odamlarning qozoni oylab go‘sht ko‘rmaydi. Ularga endi kartoshkani ham qimmat sotishmoqda. Kartoshka - kambag‘allar ovqati. U non va go‘sht o‘rnini bosa oladi¸ deya ta’kidlagan Shodmonova kartoshka narxi davlat nazoratida bo‘lishi zarurligini yozadi.

O‘zbekistonga chet eldan kartoshka import qiladigan logistik shirkat vakilining Ozodlik bilan suhbatda ta’kidlashicha¸ bozor muvozanatini ushlab turish uchun davlat zahirasida turishi kerak bo‘lgan kartoshka tugagan:

- Vaqtida yetarli g‘amlanmagan. Shu kunlarda, masalan, kartoshkani mintaqadagi mamlakatlardan tezda keltirib bozorni muvozanat qilish haqida ham o‘ylashmayapti. Bir oy ichida kartoshkaning bu qadar qimmatlagani jiddiy muammo¸ deydi suhbatdosh.

O‘zbekiston nega kartoshka jannati bo‘la olmadi?

Bundan atigi uch yil oldin O‘zbekiston matbuoti mamlakatning "kartoshka mustaqilligiga ega bo‘lgani" haqida yozgan edi. Hatto ba’zi nashrlar O‘zbekiston kartoshka eksport qiladigan mamlakatga aylanishi haqida "bashorat" qilgan edi. Ammo bugunga kelib bu gaplar iddao darajasida qolgani kuzatilmoqda.

O‘zbekistonlik sobiq mulozim Anvarmirzo Husainov buning sababini eski hukumatning "hamma narsani o‘zimiz etishtiramiz", degan shiori chippakka chiqqani bilan izohladi:

- O‘zbekiston hukumati 2020 yilda kartoshka yetishtirish hajmlarini 35 foizga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lsa ham, bu xato strategiya. Hamma narsani o‘zimiiz etishtiramiz, degan eski g‘oyadan voz kechish kerak. O‘zbekistonning quruq havosida kartoshka yaxshi yetishmaydi. Bu issiq vaq quruq havodan qo‘rqadigan o‘simlikdir. Unga doimiy namlik kerak. O‘zbekistonda har yili 1.5-2 million tonna kartoshka mashaqqat evaziga yetishtiriladi. Shu kartoshkani Belorusiyadan olib kelish mantiqli va arzon bo‘lar edi¸ deydi sobiq mulozim.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ mamlakatning to‘rtta tog‘ hududida elit navdagi kartoshkani yetishtirish uchun fermer xo‘jaliklarini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lsa ham bu reja hanuz amalga oshmagan. Hosilning ko‘pi turli kasalliklar bois nobud bo‘lgan.

Ayni masalaga rasmiylar munosabatini olish uchun O‘zbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot institutiga telefon qildik.

Trubkani olgan soha mutaxassisi dehqonlar ular tavsiya qilgan agrotexnika qoidalariga rioya qilmasligi va urug‘lik kartoshka noqonuniy yo‘llar bilan olib kelinishi bois kasalliklar urchiganini aytish bilan kifoyalandi.

Ilmiy tadqiqot instituti mutaxassisi bozordagi kartoshka narxi oshishi uchun javob bera olmasligini pisanda qildi.

Toshkent shahar hokimiyatiga yaqin manbaning aytishicha¸ shahar hokimiyati narx-navoni tushirish uchun chora-tadbirlar ko‘rmoqda.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ yarmarkalar tashkil qilingani va boshqa tushuntirish ishlari bois Toshkent bozorlarida kartoshka uchun navbat yo‘q.

XS
SM
MD
LG