Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 13:32

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonga qaytishni rejalashtirmoqda


Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekistonda o‘z faoliyatini qaytadan boshlashni rejalashtirmoqda. Ushbu reja haqida Ozodlikka YeTTBning bir necha vakili ma’lum qildi. Biroq bu haqda bank idoriy kengashi yakuniy qarorni hozircha qabul qilgani yo‘q.

YeTTBning ismlari sir qolishini so‘ragan yuqori lavozimli xodimlariga ko‘ra, bank faoliyatini O‘zbekistonda qaytadan boshlash niyati YeTTBning Markaziy Osiyo va Rossiya bo‘yicha ijroiy direktori Natalya Xanjenkova boshchiligidagi delegatsiyaning fevral boshida Toshkentga safari ortidan ko‘zga tashlanmoqda.

Bank yetakchi mutaxassislaridan iborat 10 kishilik delegatsiya Toshkentda besh kun davomida bosh vazir, tashqi ishlar vaziri va boshqa vazirlar bilan muloqotlar o‘tkazdi.

Ayni paytda O‘zbekiston hukumati vakili ham rasmiy Toshkentning YeTTB bilan aloqalari iliqlashayotganini e’tirof etdi.

YeTTB O‘zbekistonda yirik loyihalarni moliyalashtirishni 2007 yilda to‘xtatib qo‘ygandi.

Mirziyoevdan boshqa

YeTTB vakilining aytishicha, delegatsiya ilk bor O‘zbekistondagi xususiy biznes vakillari bilan ham “bemalol uchrashish” imkoniga ega bo‘lgan.

Eshiklarni O‘zbekiston ochayapti. Avvalgiga qaraganda munosabat 180 gradusga o‘zgargan. Mirziyoevdan boshqa istagan vazir bilan uchrashuvlar bo‘ldi. Dialoglar ochiqcha bo‘ldi. Birinchi marta xususiy biznes vakillari bilan ham muloqotlar yo‘lga qo‘yildi,” dedi YeTTB xodimi.

Uning ilova qilishicha, muzokaralar markazida O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishining strategik istiqbollari va YeTTB bilan ehtimoliy hamkorlik sohalari turgan.

"Muloqotlar umumiy bo‘ldi. Ammo, o‘zbek tomonida ochiqlik va hamkorlikka tayyorlik alomatlari ko‘rindi," - dedi YeTTB xodimi.

Ammo, YeTTB mintaqaviy idoralaridan birining mutaxassisi Ozodlikka bankning O‘zbekistonga qaytish masalasi "uzil-kesil" hal bo‘lmaganini aytdi.

"Bank idoriy kengashi O‘zbekistonga qaytish masalasini uzil-kesil hal qilgani yo‘q. Bu qaror barcha jihatlarni hisobga olgan holda olinadi," dedi u.

Muzokaralarda ishtirok etgan O‘zbekiston hukumati vakili ham Ozodlikka rasmiy Toshkent YeTTB bilan aloqalarni qayta tiklashdan manfaatdor ekanini aytdi.

"Shavkat Mirziyoev bank bilan aloqalarni yaxshilashni bizga topshirgan. Asta-sekinlik bilan bo‘lsa ham, shu yo‘nalishda ishlayapmiz. Yevropa bankining O‘zbekistonga tezroq qaytishini istaymiz. Chunki, O‘zbekistonga sarmoya kerak," - dedi O‘zbekiston hukumati vakili.

O‘zbekiston ulushi

YeTTB sobiq Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi postsotsialistik o‘lkalarini bozor iqtisodiyotiga o‘tkazishda yordam berish maqsadi bilan 1991 yilda ta’sis etilgan edi.

YeTTB hozirga qadar O‘rta Osiyo davlatlarga 12 milliard dollardan ko‘proq sarmoya kiritgan.

O‘zbekiston YeTTB hissadori hisoblanadi.

YeTTBning O‘zbekistondagi amaliyotlari 1992 yilda boshlangan edi.

15 yil davomida YeTTB O‘zbekistonga 1 milliard dollardan ko‘proq sarmoya kiritdi.

Ushbu sarmoyalarning salmoqli qismi xususiy sektorga yo‘naltirilgan edi.

Ammo, hozirgi kunda YeTTBning O‘zbekistondagi faoliyati umumiy hisobi 8 million dollarlik bor-yo‘g‘i beshta loyihani qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lib qolmoqda.

Aloqalarning sovuqlashuvi

YeTTB va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikda ilk xavotirli tisarilish 2003 yil mayida kuzatildi.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan YeTTB sammitida bank rahbariyati O‘zbekistonni avtoritarlik, iqtisodiy islohotlarga rioya etmaslik, so‘z erkinligini bo‘g‘ish va qamoqxonalarda sistematik qiynoqlarni qo‘llashda aybladi.

O‘zbekiston sobiq prezidenti mazkur sammitda bank "O‘zbekistonda o‘kazilayotgan islohotlarda katta rol o‘ynamoqda", deb ta’kidlagan esa-da, mamlakatda qiynoqlarning qo‘llanishini e’tirof etmagan edi.

2005 yil mayida Andijonda yuz bergan qonli voqealar ham munosabatlarni yanada sovuqlashtirdi.

"Mirziyoevga imkoniyat"

Shu yilning yanvarь oyida YeTTB vitse-prezidenti Siril Myuller Toshkentga safar qilib, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan uchrashdi.

Ushbu uchrashuv, YeTTB xodimining aytishicha, bank rahbariyatini O‘zbekiston bilan hamkorlikni qaytadan boshlashga undagan.

"Bank rahbariyati yangi saylangan prezidentga imkoniyat bermoqchi. Chunki, bank Shavkat Mirziyoev hatti-harakatlarida qat’iyat va hamkorlikka bo‘lgan jiddiy istakni ko‘rayapti," dedi bank xodimi.

Ozodlik suhbatlashgan YeTTB xodimlariga ko‘ra, bank asosiy e’tiborni kichik va o‘rta biznesga sarmoya yotqizishga qaratmoqchi.

XS
SM
MD
LG