Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 19:03

Istanbulda 1 milliard dollarga yaqin investitsiya loyihalari muhokama qilindi


O‘zbekiston va Turkiya rasmiylari o‘rtasida 28 fevral kuni qator memorandumlar imzolandi.
O‘zbekiston va Turkiya rasmiylari o‘rtasida 28 fevral kuni qator memorandumlar imzolandi.

O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasining iqtisodiy hamkorlikni jonlantirish maqsadida Turkiyaga qilaëtgan safari davom etmoqda. 1 mart kuni Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov Anqarada Markaziy bank¸ Milliy bank va qator tijorat banklar bilan kredit olish masalasini muhokama qildi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Turkiyaga qilaëtgan safari tafsilotlariga yaqin mulozim¸ o‘z shaxsi sir qolish sharti bilan¸ Toshkent rasmiylarining 28 fevral va 1 mart kungi uchrashuvlari ham¸ asosan¸ turli biznes loyihalari¸ kredit va sarmoyalar masalasiga qaratilganini bildirdi.

“Seshanba kuni tomonlar qator memorandumlarga qo‘l qo‘yishdi. O‘nga yaqin sohada taklif etilgan investitsion loyihalar qimmati qariyb 1 milliard dollarga boradi. Bular orasida “Dori-darmon”¸ “O‘zkimyosanoat”¸ “O‘zfarmsanoat”¸ “O‘zbekyengilsanoat” holdinglari¸Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi imzolagan alohida hujjatlar bor. Bu memorandumlar¸ sodda qilib aytganda¸ O‘zbekistondagi investitsiya imkonlarini o‘rganib chiqib¸ katta loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish haqidadir”¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan mulozim.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ delegatsiya tarkibidagi har bir vazirlik¸ qo‘mita va xolding rahbari (delegatsiya ro‘yxati ilova qilinmoqda – tahr.) shaxsan prezident Mirziyoevdan turklarni o‘z sohasida qimmati kamida 100 million dollarlik loyihaga jalb etish topshirig‘i bilan kelgan va bu topshiriqni amalga oshirish uchun Turkiyadagi etakchi shirkatlarni qo‘shma korxona¸ xorijiy shirkat yoki hissadorlik shaklidan qay biri ma’qul bo‘lsa¸ shu shaklda O‘zbekistonga kirib¸ ish birligi qilishga astoydil taklif qilmoqda.

“Prezident turklar dunyoda yetakchi o‘rinlarda turadigan to‘qimachilik¸ yengil sanoat¸ turizm¸ maishiy ximiya kabi sohalarni jalb qilishni alohida topshirgan. Masalan¸ o‘zbek tomoni turklarni turizm sohasida kamida beshta katta loyihaga taklif qildi. Ular orasida¸ Zominda¸ Chimënda xalqaro standartlardagi tog‘-chang‘i kurorti barpo etish taklifi bor. Yotqiziladigan sarmoya xavfsizligi¸ daromadni erkin konvertatsiya qilib¸ erkin olib chiqish kabi narsalarni hukumatlararo kelishuv bilan kafolatlash taklif qilinmoqda”¸ dedi O‘zbekiston delegatsiyaning Turkiya safari tafsilotlaridan yaxshi xabardor mulozim.

Azimov Anqaradan quruq qaytmoqchi emas

Turkiya prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘on 18 noyabr kuni Samarqandga borib¸ O‘zbekiston marhum prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilgan va o‘shandagi muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev bilan qariyb uch soatcha muloqot o‘tkazgan edi.

Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikda yangi sahifa ochish haqida gap borgan bu muloqot tafsilotlaridan xabardor rasmiyning Ozodlikka bildirishicha¸ Samarqanddagi so‘zlashuvda Erdo‘g‘on Turkiyaning O‘zbekistonga milliardlab dollar sarmoya yotqizish istiqboli haqida gapirgan.

Turkiya prezidentining O‘zbekiston delegatsiyasi bilan rasmiy 15 daqiqalik uchrashuvi 1 mart kuni Anqarada rejalashtirilgan bir paytda¸ Erdo‘g‘onning Azimovni kutilmaganda 27 fevral kuni Istanbuldagi “Beylarbeyi” saroyida qabul qilib¸ ikki soatcha gaplashishi¸ Samarqanddagi va’daning amalga oshish ehtimolini kuchaytirgan.

“Erdo‘g‘on o‘zbek delegatsiyasini juda yaxshi kutib olganidan keyin Azimovning Anqaradan kredit undirish umidi ancha kuchaydi. Bugun Markaziy bank¸ Milliy bank va boshqa banklar bilan shu masalada gap bo‘layapti. Azimov¸ O‘zbekistonning moliyaviy yuzi sifatida yaxshi tanilgan figura¸ u borgan joyidan quruq qaytadigan odam emas. Kerak bo‘lsa¸ Anqarada yana bir oy qolib bo‘lsa ham¸ bir narsa undiradi”¸ dedi Istanbuldagi Ozodlik manbasi.

Hozircha na turk¸ na o‘zbek rasmiy matbuoti O‘zbekiston delegatsiyasining safari davomida erishilgan kelishuv va natijalar haqida xabar bermadi.

“Kamtar vazirlar”

Turkiyaga umumiy qimmati milliardlab dollarga borishi mumkin katta sarmoya loyihalarini taklif qilish uchun safar qilayotgan O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi kun tartibiga aloqador boshqa bir rasmiyning Ozodlikka bildirishicha¸ bu safar¸o‘zbek mulozimlarining o‘tmishdagi hashamatli vizitlaridan farqli¸ ancha g‘arib o‘tmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoev 14 yanvar kuni 2016 yil yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida qilgan chiqishida Moliya¸ Tashqi iqtisodiy aloqalar va investitsiyalar vazirligi¸ Davlat raqobat qo‘mitasi rahbarlarini tikka turg‘izib¸ “hech qanday natija bermagan va bermaydigan xorij safarlariga” davlat byudjetidan sarflangan mablag‘larga kamida ikkita yirik korxona ochish mumkinligini keskin tanqid qilgan edi.

“Mirziyoev tanqididan keyin bular 30-50 dollarlik ancha g‘arib mehmonxonalarda turishipti. Kattakonlar Hiltonda turishibdi. Bergan ziyofatlari ham ancha nochor¸ pul tejashayapti. O‘zbekiston elchiligi yaxshi ishlamagan¸ o‘zi ular bunaqa safar uyushtirishni unutib yuborganga o‘xshaydi”¸ deydi delegatsiya a’zolariga hamrohlik qilganlardan biri Ozodlikka ismi sir qolish sharti bilan.

XS
SM
MD
LG