Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 09:41

Fohishaxonaga aylangan bog‘chalar voqeasi ortidan 10 ga yaqin amaldor ishdan olindi


Surxondaryodagi bog‘chada bolalar kunduzi xo‘rlangan. Tunda esa, bog‘cha fohishaxonaga aylantirilgan.
Surxondaryodagi bog‘chada bolalar kunduzi xo‘rlangan. Tunda esa, bog‘cha fohishaxonaga aylantirilgan.

Surxondaryoda kunduzi bolalar jismoniy jazolanadigan, tunda esa fohishaxonaga aylanadigan bog‘chalar qorovullari va tarbiyachilari sudga tortilgani ortidan o‘nga yaqin mulozim ishdan olindi.

Surxondaryo viloyat hokimligi mulozimiga ko‘ra¸ viloyatning Denov, Angor va Termiz shaharlaridagi bog‘chalardagi ahloqsizlik holatlari shu hafta oxirida viloyat hokimiyati maxsus yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.

Surxondaryodagi to‘rtta bog‘cha tunda fohishaxonaga aylantirilgani masalasi viloyat xalq ta’limi boshqarmasida jiddiy ko‘rib chiqilgan. Surxondaryo viloyat hokimligidagi xalq ta’limini nazorat qiluvchi mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ “masalaga panja orasidan qaragan o‘nga yaqin mulozim ishdan olingan”.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ hali bu masalaga uzil-kesil nuqta qo‘yilmagan:

- Termiz shahridagi 2- bog‘cha va 23- bog‘chada shu voqea yuz berdi. Bu ikkala bog‘cha mudirasining ham mehnat shartnomasi bekor qilindi. Denov va Angor tumanidagi bog‘cha mudiralariga nisbatan ham shunday chora ko‘rildi. Bundan tashqari Denovdagi 10- bog‘cha tarbiyachilari ishdan bo‘shatildi. Denov tuman xalq talimi bo‘limi mudiri Suvonov Haydar Umarovich ishdan bo‘shatildi. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasining maktabgacha ta’lim bo‘yicha metodisti ishdan olindi. Ayni soha bo‘yicha yana 3 xodimni ishdan olish uchun hujjatlar tayyor¸ deydi Surxondaryo viloyat hokimligidagi ismi aytilishini istamagan mulozim Ozodlik bilan suhbatda.

Bir viloyatda birdaniga 4 bog‘cha qanday qilib fohishaxonaga aylandi?

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryoning Denov, Angor va Termiz shaharlaridagi bolalar bog‘chalarida tungi paytlarda qo‘shmachilik va fohishaxona saqlash faoliyati yuritganlik holatlari aks etgan visdeotasvir muhokama qilinmoqda.

Termizdagi mahalliy TV joriy yilning fevral oyida namoyish qilgan bu videolavha o‘tgan yilning noyabrida Surxondaryodagi bog‘chalarda olib borilgan IIB tadbirlari materiallariga asoslangan.

Videolavhada Surxondaryoning Denov, Angor va Termiz shaharlaridagi bog‘chalarning kechqurunlari fohishaxonaga aylangani aks etgan.

Bog‘cha qorovullari bolalar dam oladigan xonani pul evaziga jinsiy xizmat ko‘rsatadigan ayollarga bergani ushbu videolavhada ko‘rsatiladi.

Viloyatni larzaga solgan reyd

Surxondaryo viloyat prokuraturasidagi xodim Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda ushbu reydga oid ba’zi tafsilotlarni gapirib berdi.

- Surxondaryo IIB odam savdosi va fohishabozlikka qarshi kurash tadbiri doirasida o‘tkazgan reyd davomida bog‘chalarning priton (foxishaxona)ga aylangani yuzasidan faktlar aniqlandi.Termizdagi 2- va 23- bog‘chalarda 2016 yilning noyabr oyida kechqurun 18 da o‘tkazilgan reyddan oldin bu ikkala bog‘chaga yashirin kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Bevosita reyd paytida bog‘chani fohishaxonaga aylantirgan qorovullar Musaev Muhiddin va Allayorov Rustamlar jinoyat ustida qo‘lga olindi¸ deydi suhbatdosh.

Mulozimning aytishicha¸ Musaev va Allaërovlar O‘zbekiston jinoyat kodeksining 131-moddasi ya’ni qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash bo‘yicha sud hukmi bilan aybli deb topilib 3 yilga ozodlikdan maxrum qilingan.

Tarbiyaga muhtoj tarbiyachilar

Surxondaryo mahalliy TV sida namoyish qilingan va shu kunlarda tarmoqlarda qo‘lma-qo‘l bo‘lib yuzerlar g‘azabiga duchor bo‘lgan videoda kichkina bolakayga pichoq o‘qtalgan oq xalatdagi katta yoshli tarbiyachi ayol va unga qo‘shilib bolalarni qo‘rqitish bilan shug‘ullangan yana 3 nafar bog‘cha xodimi aks etgan.

Videoda bolalarni jismoniy va psixologik jazoga tortayotgan “bog‘cha opa” yosh bolakayga pichoq o‘qtalib, ularni siltab, “tilini va jinsiy a’zosini” kesib tualetga tashlash bilan tahdid qilib ko‘rqitadi. Videoda “tarbiyachi opa” kattagina pichoqni o‘tmas tomonini bola tanasiga tekkizgani va bolani ishtonini echib tahqirlagani aks etgan. Bolalarni tahqirlash jarayonida atrofdagi boshqa “tarbiyachi ayollarning qah-qah otib kulgan holda tomoshabin bo‘lib turgani ham kuzatuv videosidagi tasvirdan o‘rin olgan.

Surxondaryo viloyat prokuraturasidagi xodimning aytishicha¸ bu tasvirlar tasodifan IIB organlariga ma’lum bo‘lgan:

- Qo‘shmachilik bilan bog‘liq voqeani o‘rganish jaraënida yana bir muammoni aniqladik. Fohishabozlikni kuzatish uchun Denovdagi bog‘chaga qo‘yilgan yashirin kamera bog‘cha tarbiyachilarining kichik bolalarni qo‘rqitgani¸ kaltaklagani va ruhiy bosim ko‘rsatgani kabi holatlarni tasvirga olgan. Bu yuzadan ham qo‘shimcha ish ochilib sudga oshirildi. Denovdagi 10- bog‘cha tarbiyachilariga nisbatan jinoyat ishini sud ko‘rib chiqmoqda. Ba’zi tarbiyachilar ustidan hukm chiqib bo‘ldi. Bitta tarbiyachining farzandi 3 yoshga to‘lmagani bois qamoq jazosi kechiktirildi. Hukmda yozilgan bu narsa. Uch oydan keyin mahkumning bolasi uch yoshga to‘ladi va u jazoni o‘tash uchun qamoqqa olib ketiladi¸ dedi mulozim.

25 fevral kuni Ozodlikka maktub yozgan ota-onalar mahalliy rasmiylar va sud organlari bog‘chadagi bolalarni xo‘rlagan va bog‘chani fohishaxoanaga aylantirgan kishilar aybini haspo‘shlashga uringanidan norozi bo‘lishdi. Ularning fikricha, aybdorlar 3 yil shartli jazo olish yoki amnistiya bilan qutulib qolishi mumkin.

“Bolalarimizning kelajagini o‘ylab bunday voqealar jiddiy tergov qilinmog‘i kerak”, deyiladi maktubda.

Vazirlikning xabari yo‘q !!!

Surxondaryo viloyat xalq ta’limi boshqarmasi “aybdorlarni jazolash” va bunday ishlar “qayta takrorlanmasligi” uchun tarbiyaviy ishlar olib borayotganini Ozodlikka aytayotgan bir paytda O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligining bu voqeadan bexabar ekani ma’lum bo‘ldi. Vazirlikning Maktabgacha ta’lim muassasalari bo‘limi boshlig‘i Sabohat Mirzajonova¸ Ma’naviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi boshlig‘i Hikmatilla Daminov¸ Nazorat va tahlil boshqarmasi boshlig‘i Komiljon Inoqov ham Ozodlik qo‘ng‘irog‘iga “biz bu voqeadan behabarmiz”, deya tez javob berib trubkani ilib qo‘yishdi.

XS
SM
MD
LG